Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:05

Energetika inqirozi: Uch kunda uch portlash - qurbonlar soni oshmoqda


Qarshi shahridagi portlash ro‘y bergan joyda qutqaruvchilar ishlamoqda
Qarshi shahridagi portlash ro‘y bergan joyda qutqaruvchilar ishlamoqda

6 - yanvar kuni tongda Qashqadaryoning Qarshi shahridagi xonadonlarning birida gaz sizishi oqibatida yuz bergan portlashda kamida ikki inson halok bo‘ldi.

Portlash oqibatida bino devorlari qulab tushgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi portlash gaz-havo aralashmasining chaqnashi sabab ro‘y bergani, xonadon ichidan 14 va 16 yoshli o‘spirin jasadi olib chiqilganini ma’lum qildi.

Bu so‘nggi ikki kun ichida O‘zbekistonda ro‘y bergan uchinchi halokatli gaz portlashidir.

4 - yanvar kuni Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida bir oila is gazidan zaharlanib, ona va uning 10 yoshli qizi vafot etgan.

3 - yanvar kuni esa Samarqanddagi maktablardan birida gaz portlashi oqibatida yong‘in ro‘y berib, bir odam nobud bo‘lgandi.

O‘zbekistonda havo haroratining keskin pasayishi kutilarkan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholiga ish va yashash joyida elektr uskunalari va isitish pechlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish zarurligini eslatgan.

Vazirlik O‘zbekistonda anomal sovuq kutilayotgani, ob-havo harorati kechalari -15° darajagacha, kunduz kunlari -5 darajagacha pasayishi mumkinligidan ogohlantirgan.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, 6 - yanvar kuni Qarshi shahrining "Otchopar" mahallasida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sabab ro‘y bergan.

O‘t o‘chiruvchilar bino qoldiqlari ostida qolib ketgan 14 va 16 yoshli o‘spirin jasadini olib chiqishgan.

FVV xodimlari portlash ro‘y bergan xonadondan ikki o‘spirin jasadi olib chiqilganini ma’lum qildi.
FVV xodimlari portlash ro‘y bergan xonadondan ikki o‘spirin jasadi olib chiqilganini ma’lum qildi.

FVV rasmiylariga ko‘ra, halok bo‘lganlar xonadon egalarining farzandi va jiyanidir.

​Qarshidagi ​portlash ro‘y bergan joyga borgan mahalliy blogerning Ozodlikka aytishicha, "Otchopar" mahallasida yuz bergan o‘ta kuchli portlash bino qoldiqlarini atrofga sochgan, o‘ndan ortiq odam jarohat olgan.

"Mahalliy rasmiylar ko‘p narsani yashirishyapti. Videoga va suratga olishimizga qarshilik qilishyapti. Hokimiyatni odamlari olgan suratlarimizni o‘chirib tashlashga majburlashdi. Bular ikki kishi o‘lgan deyapti, lekin biz halok bo‘lganlar orasida bir ayol borligini aniqladik, jarohatlanganlar o‘ndan ziyod", - deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mahalliy bloger.

Ozodlikka yuborilgan tasvirlarda portlash qo‘shni binolarning ham derazalarini sindirgani, portlash ro‘y bergan bino qoldiqlari atrofda sochilib yotganini ko‘rish mumkin.

Qarshidagi portlash O‘zbekistonda joriy haftada ro‘y bergan gaz portlashlarining uchinchisidir.

Bundan oldin Xorazm va Samarqandda gaz sizishi bilan bog‘liq fojialar ro‘y bergandi.

Xorazmda ona va uning qizi is gazidan zaharlanib o‘ldi

4 - yanvar kuni Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida ona va uning 10 yashar qizi is gazidan zaharlanib, hayotdan ko‘z yumgan edi.

Yosh oilaning qolgan ikki a’zosi zaharlanish tufayli koma xolatida kasalxonada yotgani aytiladi.

Хоразмлик онахон: газ йўқ, свет йўқ, гуноҳимиз нима?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:50 0:00

Portlashdan ikki kun oldin xonadonga yangi issiqlik qozoni o‘rnatilgani aniqlangan.

Xorazmdagi fojiadan bir kun oldin Samarqanddagi maktablardan birida gaz portlashi ro‘y berdi.

Maktabdagi portlash

3 - yanvar tunda Samarqand shahridagi 4-son maktab qozonxonasida portlash yuz berib, kamida bir odam halok bo‘lgani xabar qilindi.

Samarqand shahar XTB rasmiylari portlash elektr ta’minotidagi uzilish sabab yuz berganini aytishgan.

Maktabdagi elektr energiyasining vaqtinchalik uzilishi gaz tarmog‘ida bosimning ortishiga olib kelgan.

XTB rasmiylariga ko‘ra, portlash oqibatida maktab qozonxonasi xodimi halok bo‘lgan.

Sizib chiqqan gaz qozonxona ichiga to‘plangan bir paytda maktab o‘t yoquvchisi yoqmoqchi bo‘lgan va portlash sodir bo‘lgan.

Har uch portlash yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.

O‘tgan yil 16 - dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumat yig‘ilishda 2020 - yil boshidan beri 106 inson is gazi va gaz chaqnashidan halok bo‘lgani, 190 nafar inson esa zaharlangani va kuyish tan jarohati olgani haqda aytgan edi.

Anomal sovuq

O‘zbekiston Gidrometeorologiya markazining bildirishicha, 7 yanvardan O‘zbekistonning ayrim joylarida havo -18 darajagacha, tog‘li tumanlarda esa -20 darajagacha tushishi mumkin.​

Sovuq havo gaz yetib bormagan qishloqlar aholisiga jiddiy tashvish uyg‘otishi tayin.

Ayrim viloyatlarda sovuq tushishi bilan gaz bosimi sezilarli pasayib, ayrim joylarda tunlari xonadonlarda elektr uzilishlari ham kuzatiladi.

Qashqadaryolik bloger Shoxruh Norov gaz ta’minotidagi uzilishlar oqibatida gaz portlashlari ro‘y berishini aytadi.

"Har yili sovuq boshlanishi bilan gaz portlashlari kuzatiladi. Is gazidan zaharlanishlar ham ko‘p bo‘ladi. Gaz yo‘qligidan odamlar qo‘lbola yasalgan pechlarda ko‘mir yoqib sovuqdan saqlanishga majbur. Ayrim qishloqlarda gaz uzib-uzib berilganidan keyin, gaz sizib portlashlar ham ko‘p bo‘ladi", - deydi qashqadaryolik bloger.

Farg‘onaning aksar tumanlarida odamlar qattiq sovuqda gazsiz svetsiz kun ko‘radi.
Farg‘onaning aksar tumanlarida odamlar qattiq sovuqda gazsiz svetsiz kun ko‘radi.

O‘zbekiston Energetika vazirligi ayni paytda havoning keskin sovib ketishi ortidan tabiiy gaz iste’molining oshganligi va issiqlik elektr stansiyalariga gaz yetkazib berish zarurati tufayli gaz quyish shoxobchalari faoliyati cheklanganini ma’lum qildi.

Vazirlikka ko‘ra, zapravkalarda 5 - yanvardan boshlab kunduzgi soat 15.00 dan tonggi 05.00 ga qadar gaz yetkazib berish to‘xtatilgan.

FVV qo‘lbola pechlardan foydalanmaslikka chiqirmoqda

Ayni paytda Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholini gaz va elektr uskunalardan hamda isitish moslamalaridan foydalanishda yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

"Qo‘lbola hamda nosoz gaz va elektr isitish moslamalaridan foydalanmang; isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning tavsiyasi va yo‘riqnomasi talablariga rioya qiling; isitish moslamalari yaqinida yonuvchan buyum va oson alangalanuvchi mahsulotlarni saqlamang; gaz uskunalarni ulash tartib qoidalariga rioya qiling; mabodo gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan aslo foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini ko‘ring va bu haqda gaz xizmatiga xabar bering; isitish pechlari va ularning mo‘rilarining sozligiga e’tibor bering", - deyiladi FVV bayonotida.

Vazirlik shuningdek, maktab va bog‘chalarda ochiq havoda o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha tadbirlarni bekor qilib turish haqida ogohlantirgan.

O‘zbekistonning aksar viloyatlarida gaz taqchil, aholi sovuqda qo‘lbola isitgichlardan foydalanadi.

O‘tgan yil noyabr oyining so‘nggi o‘n kunligida havo haroratining keskin pasayib ketishi ortidan O‘zbekiston bo‘ylab elektr va gaz ta’minotidan uzilgan aholining qator norozilik chiqishlari yuz berdi.

Xususan, dekabr oyining so‘nggi o‘n kunligida energetika inqirozi chorasiz odamlarni yanada keskin norozilik chiqishlariga undagani kuzatildi.

26 - dekabr kuni Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumani, “Obi hayot” mahallasi ahli 2 soat davomida Muzrabot-Angor yo‘lini to‘sib qo‘ydi va shinalarni yoqdi.

28 - dekabr kuni esa Qo‘qonda gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlardan norozi bir guruh ayollar shahar hokimligi oldidagi yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Bunga qadar Andijon va Buxoro viloyatlarida ham sovuqda qolgan vholining norozilik chiqishlari kuzatilgandi.

16 - dekabr kungi videoselektorda Shavkat Mirziyoyev hukumatga gaz eksporti hajmini qisqartirib, ichki iste’molga yo‘naltirish haqida topshiriq berganini aytgan edi. Ammo o‘tgan vaqt mobaynida bu topshiriq bajarilib-bajarilmagani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonliklar "prezidentning navbatdagi topshirig‘i sabotaj qilinayotgani" haqidagi xavotirlarni bildirishmoqda.

Mirziyoev 2016 - yil dekabrida prezidentlikka kelishidan avval aholining gaz va elektr muammosini hal qilishga va’da bergan edi. 2020 - yil kuz-qish mavsumida havoning sovuq kelishi mamlakat bo‘ylab energetika sohasida jiddiy bo‘hronga sabab bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG