Линклар

Шошилинч хабар
17 сентябр 2021, Тошкент вақти: 21:46

Mirziyoyev aholini koronavirusga qarshi emlashni buyurdi. Hamma umid Xitoy vaksinasidan


Xitoyning koronavirusga qarshi Sinovac Biotech vaksinasi sinovlar jarayonida - Pekin, sentabr, 2020

10 - fevral kuni videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev aholini koronavirusga qarshi emlashni tezroq boshlashga topshiriq berdi.

Mahalliy matbuotning iqtibos keltirishicha, prezident Sog‘liqni saqlash vaziriga 1 oy muddatda birinchi navbatda emlanishi zarur bo‘lgan aholi toifasini belgilab, elektron ro‘yxatini shakllantirishni topshirgan.

Ayni paytda O‘zbekistonga qayerdan va qancha miqdorda vaksina olib kelinishi hanuz noma’lum. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Botir Qurbonov muzokaralar hanuz davom etayotgani va joriy yil martda vaksina keltirilishini aytgan.

Hozir O‘zbekistonda Xitoyning COVID-19 infeksiyasiga qarshi ZF2001 rekombinant vaksinasi 3-faza klinik sinovlardan o‘tkazilmoqda, ammo sinovlar mayda tugashi kutilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi (IRV) hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) birga o‘tkazayotgan Xitoy vaksinasi sinovlari mamlakat rasmiy axborot vositalarida keng targ‘ib qilinmoqda.

IRVdan olingan ma’lumotga ko‘ra, sinovlar muvaffaqiyatli o‘tmoqda va agar tasdiqlansa, vaksinani davlat buyurtmasi bilan tayyor holda Xitoydan keltirish va SSV tizimi orqali aholiga yetkazish rejalangan.

2020 - yilning sentabrida 35 million dozaga buyurtma berilgan Rossiyaning “Sputnik-V” vaksinasi bo‘yicha rasmiylar jim, O‘zbekiston tomonidan shartnomani imzolagan Laxisam shirkati ham biror aniq gap aytolmayapti. Norasmiy ma’lumotga ko‘ra, Rossiya vaksinasi bo‘yicha so‘zlashuvlar boshi berk ko‘chaga kirgan va barcha umid Xitoy vaksinasiga tikilgan.

Keng piar aksiyasiga aylangan sinovlar

Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ZF2001 rekombinant vaksinasi sinovlariga bosh-qosh bo‘layotgan Innovatsion rivojlanish vazirligidan (IRV) olingan ma’lumotga ko‘ra, sinovlar "muvaffaqiyatli kechmoqda".

Vazirlikning ma’lum qilishicha, 3-fazada 6 ming 751 nafar ko‘ngilli emlangan, shu kunga qadar o‘tkazilgan 1 va 2-faza sinovlarlarda biror noxush holat kuzatilmagan.

Vazirlik matbuot kotibi Nazokat Azimning Ozodlikka bildirishicha, sinovni may oyida yakunlash nazarda tutilgan va davlat buyurtmasi asosida olib kelib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimlari orqali xalqqa yetkazish rejalangan.

“Bu jarayonda birorta nodavlat yoki xususiy sektor vakillari ishtirok etmaydi. Agar sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, vaksinani tayyor holda Xitoydan olib kelish ko‘zlanmoqda”, - dedi Nazokat Azim Ozodlik bilan suhbatda.

Matbuot kotibi vaksina narxi qancha bo‘ladi, aholiga sotiladimi yoki bepul beriladi – bu savollarga hozircha javob berolmasligini aytdi.

ZF2001 rekombinant vaksinasi hanuz sinalmoqda

Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ZF2001 rekombinant vaksinasi (RBD-Dimer) hozircha dunyo bo‘ylab, sinovlarning 3-bosqichida turibdi.

O‘zbekiston va Xitoydan tashqari, Ekvador, Malayziya va Pokistonda sinalmoqda, ammo hali biror davlatda tasdiqlangani yo‘q. Aksincha, Braziliya bu vaksina sinovidan voz kechgan.

O‘zbekistonda esa sinovlar IRV boshchiligida keng ko‘lamli targ‘ibot aksiyasi ostida kechayotgani kuzatilmoqda. Qator rasmiy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda bu jarayonni yoritish uchun kanallar tashkil qilingan.

Nazokat Azim Xitoy vaksinasiga bu qadar katta e’tibor, O‘zbekiston faqat shu vaksinani sotib olishga qaror qilganidan darakmi yoki boshqa variantlar ham ko‘rilyaptimi, degan savolga ham javob bera olmasligini aytdi.

“Biz hozircha Xitoy vaksinasi sinovlarini o‘tkazyapmiz va boshqa vaksinalar haqidagi savollarga javob bera olmaymiz”, dedi matbuot kotibi.

Ko‘ngillilarni yig‘ishga MOV ham jalb qilingan

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga (MOV) Xitoy vaksinasini o‘zida sinashni istovchi ko‘ngillilarni topish va ro‘yxatini shakllantirish vazifasi berilgani ma’lum bo‘ldi.

MOVning Toshkent viloyatidagi bo‘limlaridan biridan olingan ma’lumotga ko‘ra, ularga SSV va IRVdan qo‘shma maktub borgan.

Ozodlik MOV viloyatdagi bo‘linmalardan biri tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan telefon raqamiga ko‘ngilli fuqaro vakili tariqasida bog‘landi.

“Bizga rasmiy xat tushirildi. Mahallalarda e’lon beringlar, kim sinovlarda qatnashishni istasa, ro‘yxat qilib beringlar, deyishdi. Lekin, men yashab turgan hududdan hech kim istak bildirmadi. Men ham istamadim, to‘g‘risi”, - dedi ismini oshkor qilmayotganimiz vazirlik quyi bo‘g‘in vakili.

Ko‘ngillilarga mablag‘ taklif qilinmoqda

MOV vakiliga ko‘ra, vazirlik tuzilmalari orqali sinovga ko‘ngillilarni jalb qilish talabi yanvar boshida berilgan va istovchilar uchun mablag‘ taklif qilinishi aytilgan.

“Birinchi sinovlarda qatnashganlar uchun 400 ming so‘m, agar ikkinchisiga o‘tsa, yana 200 ming so‘m qo‘shib berilishi mumkinligini aytishgandi. Lekin menda aniq ma’lumot yo‘q to‘lovlar haqida. Buni sinovga qatnashishga rozi bo‘lganingizdan keyin, bevosita shifokorlarning o‘zidan bilishingiz mumkin”, - dedi vazirlik vakili.

2020 - yilning noyabridayoq Xitoy vaksinasi sinovlarida qatnashishni istovchilar uchun to‘lov va’da qilingan, ammo summasi ochiqlanmagan edi.

Ularga va’da qilingan to‘lov miqdori qancha – bu savolga IRV matbuot kotibi: "Har bir ko‘ngilli ishtirokchi bilan shartnoma tuziladi, va u yerda summasi ko‘rsatiladi", degan javob berdi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, sinov uchun Xitoydan 9 ming doza vaksina olib kelingan. Qatnashayotganlar sinov muddati davomida tibbiy sug‘urta qilinmoqda va bu muddatda sog‘ligi og‘irlashsa, bepul davolanishi mumkin.

35 mln. doza buyurtma qilingan Rossiya vaksinasi haqida jimlik

O‘tgan yilning sentabr oyida erishilgan dastlabki kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiyada ishlab chiqarilgan “Sputnik-V” vaksinasiga 35 million doza uchun buyurtma bergan.

Buning 10 million dozasi 2020 - yilning oxiriga qadar, yana 25 million doza esa 2021 - yil boshida O‘zbekistonga yetkazilishi aytilgandi.

Vaksinani O‘zbekistonga keltirish vakolati berilgani rasman aytilgan O‘zbekistondagi Laxisam shirkati o‘tgan yilning noyabridayoq vaksinani qabul qilishga tayyorligini bildirgan.

1994 - yildan beri O‘zbekiston farmatsevtika bozorida ishlayotgan Laxisam shirkati bosh direktori Shavkat Alimuhamedov vaksinani ishlab chiqarish haqida ham kelishuvga erishilganini bildirgandi.

10 - fevral kuni shirkat mulozimi tayyor vaksina va O‘zbekistonda ishlab chiqarish uchun xomashyo ta’minoti bo‘yicha hanuz Rossiya tomonidan javob kutilayotganini bildirdi. Uning so‘zlaridan anglashilishicha, 35 million dozalik buyurtma va vaksinani O‘zbekistonda ishlab chiqarish haqida hozirgacha hech gap yo‘q.

Shirkat rahbariga ko‘ra, jarayonni tezlashtirish uchun O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga kiritilgan so‘rovlarga hanuz javob berilmagan.

Shirkat mulozimi O‘zbekistonga sinov uchun olib kelingan “Sputnik-V” vaksinasi taqdiridan ham bexabarligini aytdi.

O‘tgan yil dekabrda SSV O‘zbekistonda sinovdan o‘tkazish uchun 500 doza "Sputnik-V" vaksinasiga buyurtma berilgani va keyinroq Rossiya Sanoat va savdo vaziri shaxsan vaksina namunalarini Toshkentga keltirganini bildirgandi.

10 - fevral kuni Ozodlik SSVga murojaat qildi, ammo Rossiya vaksinasi sinovlari haqida hech qanday ma’lumot ololmadi. Vazirlik mulozimi bu savollar bilan IRVga murojaat qilishni aytdi, IRV matbuot kotibi Nazokat Azim esa, muxbirni yana SSV vazirligiga qaytardi.

SSV tizimidagi Ozodlik manbasining aytishicha, vazirliklarning rasmiy javob berolmayotgani Rossiya vaksinasi bo‘yicha muzokaralarning boshi berk ko‘chaga kirib qolgani bilan bog‘liq:

“Bu vaksina hozir dunyoda talash bo‘lyapti. 20dan ortiq davlatda tasdiqlangan, yarim milliard doza vaksinaga buyurtma tayyor turibdi. SSV o‘tgan yili maqtanib aytgan kelishuv qaysi darajada erishilgan, 35 million doza uchun buyurtma aniq qilib mixlab qo‘yilganmidi yoki shunchaki rasmiy gap bo‘lib qolib ketganmidi – aniq javob yo‘q hozir, mening bilishimcha. Shunga vazirliklar bu masalani bir-biriga solib yotibdi”.

“Sputnik V” vaksinasi istiqboli

“Sputnik V” vaksinasi shu kunda xavfsiz va samarali deb topilgan jami 9 vaksinadan biri bo‘lib qolmoqda.

3 - fevral kuni bu vaksina samarasi 91,6 foizni tashkil etgani va klinik sinovning muvaffaqiyatli uchinchi bosqichi haqida dunyoning yetakchi tibbiyot jurnali - The Lancet nashri yozdi.

Етакчи журнал “Спутник V” вакцинасини хавфсиз ва самарали деб топгандан сўнг кўпроқ мамлакатлар Россия вакцинасини ишлаб чиқармоқчи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:54 0:00

Hozirda Rossiya o‘nga yaqin davlatda bu vaksinani ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Markaziy Osiyo davlatlaridan hozirda Qozog‘istonda ushbu vaksinani ishlab chiqarish jarayoni boshlandi. Bundan tashqari, Qozog‘iston ham koronavirusga qarzi “QazCovid-in” vaksinasini ishlab chiqishga harakat qilmoqda.

Rossiya esa “Sputnik V” vaksinasi uchinchi bosqich klinik sinovlarning ma’lumotlarini allaqachon bir qator davlatlarning mutasaddilariga taqdim etgan hamda vaksinani ro‘yxatga olinish iltimosi bilan Yevropa Ittifoqining regulyatoriga ham murojaat qilgan.

Hozirda AstraZeneca hamda Pfizer shirkatlari koronavirusga qarshi preparatni ishlab chiqarishni kamaytirishga majbur bo‘lishi ortidan Yevropada vaksina taqchilligi kuzatilmoqda.

Bu esa o‘z-o‘zidan Rossiya vaksinasiga bo‘lgan talabni oshirmoqda va bu vaziyatda, O‘zbekiston kabi mamlakatlarning “Sputnik V” vaksinasini olish jarayoni yanada murakkablashishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG