Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:48

Qirg‘izistonda Habib Nurmagomedov turnir o‘tkazdi. Tadbir jinoiy avtoritetning tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangani aytilmoqda (VIDEO)


Qirg‘izistonning Cho‘lpon ota shahrida yengil vaznda UFC sobiq chempioni, rossiyalik Habib Nurmagomedov tashkil qilgan turnir o‘tkazildi. Norasmiy manbalar musobaqa jinoiy avtoritet Qamchi Ko‘lboyevning tug‘ilgan kuni munosabati bilan tashkil etilganini ma’lum qilmoqda. Nurmagomedov bu ma’lumotni inkor etdi. Militsiya esa unga izoh bergani yo‘q.

Avvalroq Nurmagomedov “Instagram”dagi sahifasida uni tantanali qabul qilish marosimida prezident Sadir Japarov hamda Davlat Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi (DMXQ) raisi Qamchibek Tashiyevning o‘g‘illari bilan tushgan videosi yoyinlangan edi.

Bu voqea jamiyatda jinoyat olami namoyandalariga qarshi kurashga doir bahs-munozaralarni qayta olovlantirdi.

“KTRK Sport” telekanali Habib Nurmagomedovning “Eagle Fighting Championship 38” turnirini jonli efirda namoyish qildi.

Musobaqada g‘olib chiqqan rossiyalik kikbokschi Aleksey Fyodorov o‘z murabbiyi va raqibiga minnatdorlik bildirar ekan “hurmatli bir inson”ni tavallud kuni bilan tabrikladi va gap kim haqidaligini ham bilishini aytdi.

Ijtimoiy tarmoqlar 3 - avgust Qamchibek Ko‘lboyevning tug‘ilgan kuni ekanini eslatib, sport tadbirini uning shaxsiy bayrami bilan bog‘lashmoqda.

IIV matbuot xizmati vakili Karima Japarqulova militsiya xavfsizlikka ko‘z-quloq bo‘lganini aytdi, ammo musobaqa tomoshabinlari orasida jinoyat olami namoyandalari o‘tirganiga izoh bermadi. “Bu savolni tashkilotchilarga berishingiz kerak. Buning bizga daxli yo‘q. Biz faqat jamoat tartibini saqladik”, deb gapni qisqa qildi u.

O‘sha kuni Habib Nurmagomedov sharafiga kok-boru bo‘yicha mamlakatning ikki eng kuchli jamoasi – “Intimak” hamda “Dostuk” o‘rtasida o‘yin bo‘lib o‘tdi.

Kok-boru federatsiyasi va “Eagle Fighting Championship 38” turniri tashkiliy guruhi matbuot kotibi Nurperi Sadirbekova sport tadbirlarining Ko‘lbouev bilan bog‘liqligiga doir taxminlarni inkor etdi:

“Kok-boru o‘yinlari dasturga kiritilgandi. Biz Habibga qirg‘iz milliy o‘yinini ko‘rsatmoqchi bo‘ldik. Ko‘lboev haqidagi gap-so‘zlarni izohlay olmayman, chunki turnir turizmni rivojlantirish maqsadida tashkil qilindi. Sadir Japarov hamda Qamchibek Tashiyevlarning o‘g‘illari haqida aytadigan gapim yo‘q, chunki ularni ko‘rmadik. Uchrashuv boshqa joyda o‘tkazilgan bo‘lsa kerak. Qirg‘izistonda Habibni ko‘rishga ishtiyoqmandlar ko‘p. Uning turniri sport tadbiri sifatida o‘tkazildi”, dedi u.

Nurmagomedovning o‘zi 4 - avgust kuni matbuot anjumanida turnirning Ko‘lboyevga hech bir aloqasi yo‘qligini aytdi.

Avvalroq Habibning “Instagram”dagi sahifasida prezident Sadir Japarov hamda DMXQ raisi Qamchibek Tashiyev o‘g‘illarining bayram dasturxoni atrofida o‘tirgani aks etgan video va fototasvirlar yoyinlangan edi.

“Kriminalga qarshi kurash faqat og‘izda”

46 yashar Qamchi Ko‘lboyev sakkiz yil muqaddam “jinoiy guruh tashkil qilish, qurol va giyohvand moddalarni noqonuniy saqlash, hokimiyat vakiliga nisbatan kuch ishlatish, odam o‘g‘irlash”da ayblanib uch yilga qamalgan edi. 2014 - yil 8 - iyunda u ozodlikka chiqqan.

O‘tgan yili oktabrda Ko‘lboyev yana qo‘lga olindi. Prezidentning yaqin do‘stlaridan biri bo‘lmish Qamchibek Tashiyev DMXQ rahbari etib tayinlanganidan so‘ng Qo‘lbaevning tadbirkorlarga bosim o‘tkazishda aybi borligi isbotlansa, u javobgarlikka tortilishini aytgandi.

Jinoyat olami avtoritetining qo‘lga olinishi videosi ijtimoiy tarmoqlarda “sahnalashtirilgan tomosha” deb baholandi.

Maxsus xizmatlar Ko‘lboyevga QR JKning “Jinoiy tashkilot tuzish yoki unda ishtirok etish” moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qildi. Qisqa vaqtdan so‘ng uni, sog‘lig‘i yomonlashgani sababli 47-sonli koloniyaga o‘tkazishdi.

Joriy yilning mart oyida esa jinoiy avtoritetdan yashash joyini tark etmaslik haqida tilxat olib, qo‘yib yuborildi. DMXQ u 250 mln som miqdordagi jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘ni legallashtirgani va davlat foydasiga 50 mln som to‘laganini rasman e’lon qildi. Garchi idora “mablag‘ning qolgan qismini aprel oyi oxirigacha qaytarish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda”, deya urg‘ulagan bo‘lsa-da, Ko‘lboyev pulning qolganini to‘ladimi, yo‘qmi – jamoatchilik hanuz bexabar.

AQShning Qirg‘izistondagi elchixonasi Ko‘lboyev ozod etilganidan tashvishda ekanini bildirgandi. Vashington uning jinoiy guruhiga doir ma’lumot uchun mukofot pulini 5 mln dollarga ko‘tardi. Avvalroq jinoiy avtoritet xalqaro uyushgan jinoyatchilik a’zosi sifatida “qora ro‘yxat”ga tirkalgan edi.

Mart oyida Sadir Japarov “Ozodlik”ka bergan intervyusida hukumat Ko‘lboyev ishi bo‘yicha dalillarni taqdim etishni so‘rab AQShga murojaat qilganini aytgan.

“TIV orqali AQShning QRdagi elchixonasiga chiqib, Qamchi Ko‘lboyevning jinoyat ishini, unga qarshi faktlar va dalillarni taqdim etishlarini so‘radim. Biz esa, o‘z navbatida, ochiq sud o‘tkazgan bo‘lur edik, elchixona vakillari unda ishtirok etishi mumkin bo‘lardi. Bu ish bilan shug‘ullanmaganimizda ham boshqa gap edi, e’tiroz bildirishsa o‘rinli bo‘lardi. U (Qamchi Ko‘lboyev ‑tahr.) avvaliga “Noqonuniy daromad orttirish” moddasi bo‘yicha qamoqqa olindi, shundan so‘ng davlatga qanchadir pul to‘ladi, qolgan zararni chiqqanidan keyin qopladi. Hech kimni o‘ldirmagan u. AQSh rasmiylari u giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanganini, faktlar borligini iddao qilishmoqda. Bizga beringlar o‘sha dalillarni deyapmiz, lekin berishmayapti”, degan edi davlat rahbari.

Ekspert Turat Akimov Cho‘lpon otadagi voqea Ko‘lboyev nomini oqlashga urinish ekanini aytadi:

“Hammasini Ko‘lboyev tashkil qilgan bo‘lishi mumkin. Bizda hozir oq bilan qora o‘rtasida ayirma qolmadi hisob. Bu turnirning davlat darajasida yoritilishini Qamchi Ko‘lboyevni oqlashga urinish, deb bilaman. Hozirgi rahbarlar Ko‘lboyev davrida qamoqda o‘tirishgan. Ko‘lboyev bu voqealar tafsilotlaridan yaxshi xabardor. Kim bilsin u (hukumatga) qanaqa bosim o‘tkazgan. Aytganimdek, oq bilan qora aralashib ketdi. Ko‘lboyev qizini uzatganida sobiq bosh prokuror Elmurza Sotiboldiyev to‘yda shaxsan qatnashib, hatto kelin-kuyovga vakil ota bo‘lgan edi. Ko‘chmanchilar o‘yinlari chog‘ida esa Ko‘lboyev katta rahbarlar bilan qo‘l siqishib, faxriy joylarda o‘tirgan. Hozirda u mamlakatda eng obro‘li odam sanaladi”, deydi Akimov.

Ilgari qirg‘iz militsiyasi mamlakat jinoyat olamida Qamchi Ko‘lboyev, Aziz Batukayev, Almaz Bokushev hamda Maqsat Abakirovlar tashkil qilgan to‘rtta guruh mavjudligini bildirgan edi. Keyinroq “G‘avvos” laqabli Maqsat Abakirov nomi tilga olinmay qo‘ydi. U o‘tgan yilning oktabrida koronavirus infeksiyasi bilan og‘rib, vafot etgan.

XS
SM
MD
LG