Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:46

Biznesmen-amaldorlar. Toshkent viloyat hokimligi mulozimlar biznesi haqida sukut saqlamoqda


Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan mahalliy hokimlar qudratining oshishi barobarida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar ko‘payganini aytiladi.
Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan mahalliy hokimlar qudratining oshishi barobarida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar ko‘payganini aytiladi.

Toshkent viloyat hokimligida ishlaydigan bir qator yuqori lavozimli amaldorlarning o‘zlari nazorat qilayotgan sohada xususiy biznesi mavjudligiga oid ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi.

Hokimlik rasmiylari bu ma’lumotlarni sharhlashni istamadi.

Tahlilchilar fikricha, davlat amaldorlarining xususiy biznes bilan shug‘ullanishi korrupsiyaning avj olishiga, tadbirkorlar orasida va umuman jamiyatda tengsizlikka sabab bo‘lmoqda.

Mamlakat prezidenti shu yilning iyulida imzolagan farmonda ilk bor “manfaatlar to‘qnashuvi” tushunchasiga aniqlama berildi.

Telegramdagi Mufasa kanali («Mirsaid Akbarovich» blogi) 13 - sentabrda e’lon qilgan ma’lumotlarda Toshkent viloyat hokimligining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri Farrux Raxmatullayev, viloyat Moliya boshqarmasi boshlig‘i Olimjon Xalikulov, viloyat hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Barhayot Meliyev, viloyat hokimi matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha hokim maslahatchisi Hamza Jumayev va boshqalarning xususiy biznesiga oid ma’lumotlar keltirilgan.

Ismlari keltirilgan davlat amaldorlarining xususiy biznesi ular egallab turgan amalida nazorat qilayotgan sohalarga oid ekanligi bilan e’tiborni tortadi.

Masalan, turizm va sportni rivojlantirish masalalarini nazorat qiluvchi Farrux Raxmatullayev turistik agentliklar faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «RELAX TOUR» MChJning 100 foiz ulushiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Yagona davlat reestri ma’lumoti.
O‘zbekiston Respublikasi Yagona davlat reestri ma’lumoti.

Viloyat hokimligining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha kotibiyati mudiri Furqat Qodirov «DARHON AGRO KLAST» fermer xo‘jaligining rahbari hisoblanadi va uning 100 foiz ulushiga egalik qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Yagona davlat reestri ma’lumoti.
O‘zbekiston Respublikasi Yagona davlat reestri ma’lumoti.

Viloyat hokimi matbuot kotibi Hamza Jumayevning esa, «ASAXIY FILMS» MChJning 50 foizi sohibi.

O‘zbekiston Respublikasi Yagona davlat reestri ma’lumoti.
O‘zbekiston Respublikasi Yagona davlat reestri ma’lumoti.

Xususiy biznesingiz egallab turganingiz davlat lavozimidagi ishingizga halaqit bermaydimi? Manfaatlar to‘qnashuvi masalasini qanday hal qilgansiz? Ozodlik bu savollarni berish uchun ismlari tilga olingan amaldorlar bilan bog‘lanishga urindi.

Viloyat Moliya boshqarmasi boshlig‘i Olimjon Xalikulovning telefonini ko‘tarib, o‘zini “Xaliqulovning yordamchisi” deb tanishtirgan xodim boshlig‘ining xususiy biznesidan xabarsiz ekanligini bildirish bilan cheklandi.

Ozodlik o‘z savollariga Toshkent viloyat hokimi yordamchisi Olim To‘laganovdan ham jo‘yali javob ololmadi. “Siz aytayotgan xodimlarning xususiy biznesi borligidan xabarim yo‘q, afsus bu masalada yordam berolmayman”, dedi hokim yordamchisi. U kishi murojaat qilishni tavsiya vilgan hokimlik yuristi va xususiy biznesi bor matbuot kotibi kun davomida qo‘g‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Toshkentlik iqtisodchi, 90- yillar boshida tuzilgan “Iqtisodchilar” norasmiy guruhi a’zosi G‘ulomqodir Tursunov Toshkent viloyat hokimligi amaldorlarining xususiy biznesi haqidagi ma’lumotlardan xayron qolmadi.

“Kambag‘allarning qashshoqlashib, boylarning yanada boyib ketayotgani shundan emasmi? – deb boshladi fikrlarini iqtisodchi, – kichik va o‘rta biznesning rivoj topmayotgani sababini balki shu yerdan izlash kerakdir, axir har bir amaldor o‘zi nazorat qilayotgan sohada ishxona ochib olsa, boshqa tadbirkorga kun bormi?”

Javoblari faqat savollardan iborat bo‘lgan iqtisodchi o‘z fikrlarini davom ettirar ekan, masalaga falsafiy yondoshib, “millat eng avvalo nafsini tiyishni o‘rganishi kerakka o‘xshaydi”, dedi.

Tadbirkorlik rivoji yo‘lidagi to‘siqlardan biri aynan davlat amaldorlari ekanligini hukumat a’zolari ham yaxshi tushunib turganga o‘xshaydi. Har holda, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov shu yilning iyunida qilgan chiqishida tadbirkor ishiga davlatning aralashuvini minimallashtirish zarurligi haqida gapirgan edi.

Huquqshunos Umid Davletov “shu paytgacha u yoki bu davlat amaldorining xususiy biznesi bilan bog‘liq ma’muriy yoki jinoyat ishi ochilgani to‘g‘risida eshitmaganini” bildirdi.

Huquqshunos fikricha, mamlakat prezidenti shu yil 6 - iyulda imzolagan qaror va farmon bu sohadagi kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilishi mumkin.

Prezident 6 - iyulda imzolagan farmonda ilk bor “manfaatlar to‘qnashuvi” tushunchasiga aniqlama berilgan:

“Qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilgan lavozimni egallab turgan shaxsning bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaati mansab (xizmat) majburiyatlarini obyektiv va xolis bajarishiga ta’sir ko‘rsatuvchi yoki shunday ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar manfaatlar to‘qnashuvi hisoblanadi”, deyilgan farmonda.

Ya’ni kinoni nazorat qilayotgan amaldor kinostudiya egasi bo‘lishi, vinoni nazorat qilayotgan amaldor vinzavod egasi bo‘lishi manfaatlar to‘qnashuvidir.

Prezident farmoniga ko‘ra, “bunday vaziyatlarni oshkor qilish va ularning oldini olish bo‘yicha o‘z vaqtida chora ko‘rmaganlik o‘rnatilgan tartibda javobgarlikni keltirib chiqaradi”.

Biroq kuzatuvchilar fikricha, prezidentning 6 - iyuldagi qarori davlat amaldorlarining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga yetarlicha to‘siq bo‘la olmaydi. Hujjatning shu yil 23 - iyunda jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan variantida, Kun.uz nashrining xabar qilishicha, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qat’iyan taqiqlab qo‘yiladigan davlat amaldorlari ro‘yxati tuzilishi nazarda tutilgan edi. Biroq qarorning imzolangan variantida bu me’yor yumshatilgan.

Qarorning 2- bandi:

"Adliya vazirligi Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2021 - yil 1 - oktabrga qadar korrupsiyaga, shu jumladan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish, davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etganligining huquqiy oqibatlarini belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin".

Prezidentning korrupsiyaga qarshi kurashga, xususan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan qaror va farmoni darrov ishga tushib ketadigan hujjatlar emas: undagi chora-tadbirlarning ba’zilari kelasi yili amalga oshiriladi.

Hokimiyat mulozimlarining biznes bilan shug‘ullanishi O‘zbekiston uchun yangi ko‘rinish emas. Ammo mahalliy tahlilchilar Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan mahalliy hokimlar qudratining oshishi barobarida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar ko‘payganini aytishadi.

So‘nggi paytlarda mahalliy matbuot Jizzax viloyat hokimi hamda mamlakat Qurilish vazirining yaqinlariga tegishli shirkatlar ularning o‘zlari tomonidan nazorat qilinadigan tenderlarda ko‘p milliardlik shartnomalarni qo‘lga kiritgani haqida yozgan. Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi bu holatlarni tekshirishini aytgan, ammo ularga huquqiy baho berilmagan.

Mansabdor shaxslarning daromadlari va mol-mulklarini deklaratsiya qilish tartibi esa shu yil yozida yana 6 oyga kechiktirildi. 2022 - yil 1 - yanvarga qadar davlat xizmatchilaridan mol-mulki va daromadlarini kelib chiqish manbasini tasdiqlash talab etilmaydi. Aksilkorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonov amaldorlarning bunga qadar topgan daromadlarini legallashtirishga imkon berilayotgani haqidagi tanqidlarni rad etgan. Uning shu yil iyunida bergan AOKAda o‘tgan brifingda aytishicha, faqat 2022 - yil 1 - yanvarigacha olgan mol-mulki va daromadlarini kelib chiqish manbasini tasdiqlash talab etilmaydi.

"Ya’ni barcha mol-mulkni deklaratsiya qilish — majburiy, faqatgina kelib chiqish manbasini tasdiqlash — majburiy emas, degan tamoyil nazarda tutilmoqda. Bu biror davlat amaldorining hozirgacha topgan noqonuniy daromadini legallashtirish degani emas", deb aytgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari.

XS
SM
MD
LG