Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2021, Тошкент вақти: 06:55

Qozog‘iston: Taqchil va qimmat mashinalar


Olmaotadagi mashina bozorlaridan biri.

Qozog‘iston avtobozori yangi avtoulovlar tanqisligiga uchradi. Buning natijasida minilgan mashinalar narxlari ham oshmoqda. Ozodlikning qozoq xizmati bozordagi vaziyatni va qimmatchilik sabablarini o‘rgandi.

"Yil oxirigacha barcha mashinalar oldindan sotib bo‘lingan"

Nur-Sulton shahrida yashovchi Muhit va Bibinur (er-xotin familiyasini ochiqlamaslikni iltimos qilishgan) ko‘pdan beri yangi avtomobilni orzu qilishardi. Nihoyat, yozda ular orzularini ro‘yobga chiqarishga – salonning o‘zida va, albatta, yangi mashina sotib olishga qaror qilishdi.

“Biz olti yarim million tangaga arzonroq xitoycha krossover olmoqchi edik, lekin avtosalonda biz istagan mashina yo‘q ekan, navbatga yozilishga majbur bo‘ldik, – hikoya qiladi Bibinur. – Bizga allaqanday boshqa modellarni ham taklif qilib ko‘rishdi, ammo ular ancha qimmat ekan, bu narx bizga to‘g‘ri kelmadi. Avvaliga avtomobilni to‘rt foizlik imtiyozli kreditga olmoqchi bo‘lgandik. Bankka borsak, navbatda turganlarning son-sanog‘i yo‘q, bizga hali-beri gal kelmas ekan. Axiyri oddiy avtokreditga to‘xtaldik – 18 foizligiga. Bu katta foiz hisoblanmaydi, chunki mashina Qozog‘istonda yig‘ilgan.”

Bank Muhit va Bibinurga avtokredit berishga rozi bo‘ldi, ammo shartnomaga ko‘ra avtomobilni yaqin to‘rt oy ichida xarid qilish kerak edi. Holbuki, er-xotin borgan avtosalonda yangi mashinalar qachon kelishini hatto tusmollab ham ayta olmaganlar. Natijada kredit arizasi bekor qilinish xavfi ostida qolgan.

“Biz avtosalon menejeriga pul qistirib, mashina kelganida darrov xabar qilishni iltimos qildik, – davom etadi Bibinur. – Ikki oylardan so‘ng u qo‘ng‘iroq qilib, xaridorlardan biri kreditdan voz kechganini va, agar bir soatlarda yetib borishga ulgursak, o‘sha mashinani olishimiz mumkinligini aytdi. Aks holda, boshqa talabgor chiqarkan. Tezda yetib borib, xarid qildik: 2021 - yilda chiqqan yangi mashina edi. Ammo biz kutib o‘tkazgan ikki oy mobaynida 100 ming tangaga qimmatlabdi.

“Aytgancha, biz boshqa avtosalonlarga ham bordik, qurbimiz yetadigan narxda mashina uchrab qolar deb o‘ylagandik. Biroq menejerlar yil oxirigacha keladigan barcha mashinalar oldindan sotib bo‘linganini aytishdi”, qo‘shimcha qiladi ayol.

"Biz Xitoy uchun ustuvor bozor emasmiz"

Yangi avtoulovlar taqchilligi faqat Qozog‘istonda emas, balki butun dunyoda sezilmoqda. Ekspertlar buning asosiy sababi mikrochiplar yetishmasligida, deyishmoqda. Darvoqe, bu mikrochiplar maishiy texnika ishlab chiqarishda ham qo‘llanadi.

“Avtomashinalarning eng muhim butlovchi qismlari bizga Koreya va Yaponiyadan keladi. U yerda farovonlik darajasi juda yuqori, odamlar avtoulovdan boshqa jihozlarni ham ko‘p xarid qiladi, – izoh beradi avtojurnalist O‘ljas O‘kas. – Pandemiya davrida bu mamlakatlarda mashinalardan ko‘ra maishiy texnika – televizor, “aqlli” sovutkich va boshqa jihozlar bozori yurishdi. Avtomobillar esa ikkinchi darajaga tushdi, chunki bu ular uchun hayotiy muhim soha emas.”

O‘ljas O‘kas yana bir holatni qayd etadi: mikrochiplar yetishmovchiligidan tashqari, yetkazib berishda ham jiddiy muammolar bor. Masalan, Qozog‘istonda eng ommabop arzon mashinalar bo‘lmish Janubiy Koreyaning “Hyundai” va “Kia” ulovlari Xitoyda qolib ketyapti – u yerdagi logistika markazlarida katta navbat hosil bo‘lgan, portlar va temir yo‘lda tashiladigan yuklar yig‘ilib ketgan.

“Biz Xitoy uchun birinchi raqamli bozor emasmiz, shu bois ular avtoulovlarimizni jo‘natib yuborishga shoshmaydi. Biz bor-yo‘g‘i uchinchi darajali mamlakatmiz, kerak bo‘lsa kutamiz”, deydi avtojurnalist.

Qozog‘iston avtobiznes uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, avtomobillar va butlovchi qismlar yetkazib berish bilan bog‘liq vaziyat ancha jiddiy: 2021 - yil avgust oyining o‘zida Qozog‘istonda yangi avtoulovlar savdosi 5.4 foizga tushib ketgan, holbuki yangi mashinalarga talab o‘sishda davom etmoqda.

“Dilerlar va ishlab chiqaruvchilar hamon butlovchi qismlar va avtoulovlarni Xitoy orqali yetkazib kelish bo‘yicha yechim kutishmoqda. Yuk jo‘natishga navbat bir necha oy oldinga cho‘zilgan. Boz ustiga, jahon bozorida elektron komponentlar taqchilligi oy sayin talab va taklif orasidagi tafovutni kengaytirmoqda”, deb yozilgan uyushma saytida.

Sayt tahlilchilariga ko‘ra, Qozog‘istonda eng xaridorgir modellar beshligini “Chevrolet Cobalt”, “Chevrolet Nexia”, “Hyundai Accent”, “Toyota Camry” va “Hyundai Elantra” tashkil qiladi.

Avtojurnalist O‘ljas O‘kas ta’kidlashicha, bu yerda gap asosan oddiy (bazaviy) jihozlangan ulovlar haqida ketyapti. Agar mijoz qo‘shimcha (eksklyuziv) jihozlar bo‘lishini xohlasa, yana kutishiga to‘g‘ri keladi.

“Qozog‘istonda kuzatilayotgan yana bir tendensiya bor: mikrochiplar taqchilligi tufayli avtoulov bilan bog‘liq hamma narsaning narxi oshib ketyapti, chunki mashinalar rostan ham yetishmaydi, talab esa katta, – deydi O‘ljas O‘kas. – Dilerlar bundan foydalanib, qo‘shimcha xizmatlar ustiga qo‘shimcha narx qo‘yib, avtomobil qiymatini badtar oshirib yuborishmoqda. To‘g‘ri, qo‘shimcha xizmatlardan pul ishlashga ularning haqqi bor, ammo ayni vaziyatda ular xiyla surbetlik qilishmoqda. Ilgari ular xaridor salondan mashina olayotganida qo‘shimcha xizmatlarini yumshoq ohangda faqat taklif qilgan bo‘lsalar, hozir so‘rab o‘tirmasdan avtoulovga shovqin bosish jihozi o‘rnatishadi, gilamchani to‘shab qo‘yishadi, yana qanaqadir multimedia uskunasini qo‘shishadi va kelgan mijozga: “Mana ulovingiz, lekin endi u 700 mingga qimmatroq bo‘ldi, chunki falon-falon qo‘shimcha jihozlari bor. Xohlamasangiz, boshqa mijoz topiladi”, deydi.

Ikkilamchi bozor: "Yaxshi mashinalarga talab ortib bormoqda"

Qozog‘iston avtodilerlariga ko‘ra, avtoulovlar tanqisligi jahon miqyosidagi muammo bo‘lib, Qozog‘istonni ham chetlab o‘tmagan.

“Tanqislik barcha avtoulov modellarida sezilmoqda, kutish muddatlari modellar kesimida taxminan bir xil – avtomobil rusumi va modeliga qarab 1–6 oyni tashkil qiladi”, deya qayd etgan “Astana Motors” shirkati Ozodlik qozoq xizmati so‘roviga javoban.

Shirkat, mashinalar tanqisligini baholi qudrat kamaytirish maqsadida chet el avtomobil brendlari va ishlab chiqaruvchilari bilan Qozog‘iston bozori uchun kvotalarni oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini bildirgan.

Bu orada yangi avtomobillar bozoridagi taqchillik minilgan mashinalar narxlarida ham aks etmoqda – so‘nggi bir necha oy ichida eski ulovlar narxi sezilarli darajada oshdi.

Olmaota turg‘uni Sergey Artemyev minilgan avtoulovlar bozorini ikki oydan beri kezarkan, narx-sifat nisbati qoniqarli mashina topa olmayotganini aytadi. Sergey eski ulovini ikki million tangaga sotib, kreditga yangisini olmoqchi bo‘lgan ekan.

“Taxminan besh-olti million tangaga 2005 - yilda chiqqan “Lexus RX”dan olmoqchi edim. Lekin atigi bir necha oy ichida narxlar birdan ko‘tarilib ketdi – endi olti millionga faqat urilgan “Lexus” mashina beradi, unga kamida bir million tanga qo‘shimcha chiqim qilishingiz kerak bo‘ladi. Yaxshi holatdagi minilgan “Lexus RX” bahosi esa sakkiz millionga chiqib ketdi”, arz qiladi Sergey.

Tutilgan mashinalar bozoridagi qimmatchilikni Sergey yangi avtoulovlar tanqisligi bilan bog‘laydi.

“Avtosalonlarda hozir tanlov yo‘q – o‘zingiz istagan modelni xarid qila olmaysiz, – tushuntiradi u. – Keyin, turgan gapki, minilgan avtomobillar bozoriga borasiz, u yerda ham yaxshi mashinalarga talab ortib boryapti va tabiiyki, talabgor ko‘paygani sayin narx oshaveradi".

Avtojurnalist O‘ljas O‘kas Sergeyning fikriga qo‘shiladi: “Minilgan mashinalar, agar yaxshi tutilgan bo‘lsa, rostan ham avvalgidan ancha qimmat sotilyapti. Chunonchi, 2012-2013 - yillarda chiqqan “Kia”, “Hundai”lar taqriban million tangaga qimmatladi”.

Avtobozorda qachon vaziyat o‘nglanadi – bunisi noma’lum. Ammo yaqin bir yilda o‘nglanmasligi aniq – ekspertlarning ham, o‘ziga mos ulov topish ilinjida minilgan mashinalar bozorini har kuni kuzatib borayotgan talabgorlarning ham fikri shu.

“Astana Motors” shirkati esa Qozog‘iston avtobozoridagi tanqislik kamida bir yil davom etishini bashorat qilmoqda. “Yangi avtoulovlarni yetkazib berish borasida vaziyat taxminan 2022 - yilning ikkinchi yarmida iziga tushishini kutyapmiz”, deydi shirkat vakili.

XS
SM
MD
LG