Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:56

Pastdarg‘omda uylari buzilayotgan aholi sud va hokimiyat qaroridan norozi (VIDEO)


Nayman qishlog‘idagi buzilishlar.
Nayman qishlog‘idagi buzilishlar.

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida mahalliy hokimlikning noqonuniy ekani aytilgan qurilmalarni buzish rejasi aholi noroziligiga sabab bo‘lgan.

Nayman mahallasidan Ozodlikka murojaat qilgan odamlarning aytishlaricha, ularning qishlog‘i gazdan uzilib, aholining yashab turgan uylari, qurilmalar buzilmoqda.

Naymanliklarning iddaosiga ko‘ra, sobiq ittifoq davrida qazilib, ayni paytda deyarli ko‘milib ketgan suv arig‘ini kanalga aylantirish maqsadida uning ikki qirg‘og‘idagi qurilmalarni buzishga kirishgan.

Tuman hokimining axborot xizmati rahbari Olim Sonniboyev aholining noqonuniy qurilmalari sud qarori asosida buzilayotganini aytdi.

Пастдарғом тумани, Найман қишлоғи ёшлари норозилиги
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:24 0:00
Бевосита линк

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda naymanliklar tuman hokimi Shunqor Xudayberdiyevni sovuq kunlarda aholini gazsiz qoldirib, ularning uylarini buzishda ayblaydi.

Uylar buzilgan ko‘chada, bir-birining qo‘lidan ushlab olgan yigitlardan biri, Ozodlik shaxsini aniqlagan Xurshid Jo‘raqulov shunday deydi:

“Bizning mahallamizda ogohlantirishsiz uylarimizni buzib, gazlarimizni uzib, qishning kunida shunaqa og‘ir ahvolga solib qo‘yishyapti. Biz bu haqda tuman hokimi Shunqor aka Xudoyberdiyevga bir necha kundan beri murojaat qilyapmiz, u kishi kelmayapti, deputatlar ham kelmayapti. Mana shu sovuqda qariyalar qiynalyapti, chaqaloqlar beshikda yotipti, lekin gaz yo‘q. Biz haqiqat talab qilamiz, adolat talab qilamiz, bizlarni hech kim eshitmayapti. “Yangi O‘zbekiston”da shunaqa holat bo‘lyaptimi? O‘zbekistonda ish yo‘q, odamlar Rossiyada ishlab yuribdi, qiyinchilik bilan qurgan uylarimizni ogohlantirishsiz buzib tashlayapti. Bu zo‘ravonlik qachon tugaydi?”

Найман қишлоғидаги бузилишлар
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:15 0:00

Ayni paytda mahallada buzilishga tushgan qurilmalar egalari va hokimiyat vakillari o‘rtasida qarama-qarshilik davom etmoqda.

Xurshid Jo‘raqulovning aytishicha, uy va boshqa qurilmalarning buzilishiga sabab bo‘lgan, mahalla o‘rtasidan o‘tgan suv arig‘i o‘tgan asrning 70 - yillarida paxtaga suv olish maqsadida kavlangan.

Ammo oradan bir necha o‘n yil o‘tib, bu hudud odamlarga uchastka sifatida bo‘lib berilganidan so‘ng, aholi ariq chetigacha uy, molxona, omborxona devor yoki boshqa bir narsa qurgan.

Ayni paytda esa go‘yo ariqning pastidagi fermerlar va odamlarning talabi bilan bu ariqni kavlab kengaytirishni hokimlik tuman suv xo‘jaligiga topshirgan.

Suv xo‘jaligi ariqdan 5 metr masofadagi qurilmalarni buzdirish haqida sudning qarorini chiqartirgan va bu haqda aholini ogohlantirgan.

Aholi o‘z ixtiyori bilan sud qarorini ijro qilmagandan so‘ng, majburiy ijro boshlangan.

Bo‘layotgan ish aslida mana shu. Lekin naymanliklarning iddao qilishlaricha, hokimga yaqin bo‘lgan fermerlarning yeriga ko‘proq suv olib borish uchun deyarli ko‘milib ketgan ariq qaytadan kavlanyapti:

“40-50 yildan buyon turgan ariqni kengaytiraman, deb qaror qabul qilgan hokim. Sudga ham hech kimni chaqirtirmay, qaror qabul qildirtirgan. Apellyatsiya muddati ham o‘tib ketgan, xalq bexabar. Faqat bir marta ariqdan besh metr qoldirilsin, devorlaringni olishni so‘raymiz, degan xat kelgan edi. O‘shandan beri besh oy o‘tib ketdi, endi boshidan ekskvator bilan buzib kelyapti. Bu yerda kadastr qilgani ham bor, qilmagani ham bor”.

Nayman qishlog‘idagi buzilishlar.
Nayman qishlog‘idagi buzilishlar.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir naymanlik yigitning aytishicha, sud qarorida oddiy xalqning manfaati hisobga olinmagan:

“Qonunda qurilma ariqning cheti 2 metrda bo‘lishi kerak deyilgan, ariqda u kanal emas. Bular besh metrni surib kelishyapti. Sudning qarorida odamlarning devori buzilsin degan, uyi buzilsin, demagan. Bular bir setdan yashash uyini ham buzib kelishyapti. Xalqqa qiyin bo‘lyapti. Bu ariq hokimiyatning balansida bo‘lmagan, xalq hashar bilan qazgan bir vaqtlar. Sudning qaroridan so‘ng hokimiyat balansiga o‘tkazib berildi. Men qarorlar bilan tanishib chiqdim. Sovet davrida ariqning oxirida paxtazor bo‘lgan. Mustaqillikdan keyin uni yer uchastkasi qilib mahallalarga berib yubordi. Uylar qurilib ketdi. Ariq kichrayib deyarli yo‘q bo‘lib ketdi. Uni keragi ham yo‘q edi. Pastdagi mahallakomlardan biri hokimning qarindoshi ekan, o‘sha tashkillashtiryapti bu ishlarni”.

Nayman qishlog‘idagi buzilishlar.
Nayman qishlog‘idagi buzilishlar.

Pastdarg‘om tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Olim Sonniboyev aholining noqonuniy qurilmalari sud qarori asosida buzilayotganini aytdi:

“Bu yerda aholi suv ichadigan katta arig‘ bor. Loyqa suv kelaverganidan so‘ng, u arig‘ to‘lib, to‘lib bugungi kunda umuman suv o‘tmaydigan bo‘lib qolgan. Fermer xo‘jaliklariga ham shu yerdan suv o‘tadi. Ariqni tozalash uchun texnika o‘tishi kerak, bilsangiz har bir kanalning himoya zonasi bo‘ladi.

Ozodlik: -U kanal emasku?

- Kanal to‘lib-to‘lib, xuddi ariqqa o‘xshab qolganda. Aslida u “Chinor-2” kanali. Fermerlar ichadi, aholi ichadi. Kanalning 5 metr himoya zonasini aholi noqonuniy egallab olgan. Shunga suv xo‘jaligi sudga ariza kiritgan, sud qaror chiqargan va noqonuniy qurilmalar buzilyapti. Lekin u yerda odamlar yashab turgan birorta uy buzilishga tushmagan, hammasi devor va qo‘shimcha qurilmalar”.

Naymanlik Gulandom Ravshanova esa bolaligidan biladigan bu ariq hech qachon kanal bo‘lmaganini ta’kidlar ekan, aynan u yashab turgan uy buzilishga tushganini aytadi:

“Bu bir metrlik kichkinagina ariqcha. Uning ichida o‘ynab katta bo‘lganmiz. Hozir endi hokimiyatga yaqin odamlarning yeriga suv bormay qopti, shunga aholining uylarini buzishyapti. Bizga ham o‘sha paytdagi hokim qaror chiqarib shu yerdan uy qurishga joy bergan edi. Biz ham qurganmiz. Yashab turgan uyimning o‘rtasidan endi kanal o‘tar ekan. Ellik yillik ariq endi kanal bo‘lgisi kelibdi. Bizdan 100 metr pastga borib ariq tugaydi, dumi yo‘q. Dumi yo‘g‘u, og‘zidan kavlab yotishibdi”.

Naymanliklarning aytishlaricha, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda o‘z noroziligini bildirgan yigitlar IIBga chaqirtirilib, so‘roq qilinmoqda. 23 - noyabr kuni kechqurun olingan ma’lumotga ko‘ra, videodagi yigitlardan to‘rt kishi - Isomiddin Rustamov, Odil Ergashev va Elbek, Ilg‘or ismli yigitlar 15 sutkaga qamalgan. Ularga organ xodimiga bo‘ysunmaslik aybi qo‘yilgan.

Pastdarg‘om tumani IIBdan bu ma’lumotni tasdiqlashning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonda mahalliy hokimiyatlarning aholining turar-joyini buzishi ortidan norozilik aktsiyalari ko‘p sodir bo‘lib turadi.

Jumladan, prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 - yilda aholining noroziligi ko‘paygan Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyati hokimlarini siyosatga xiyonatda ayblagan, hokimlar keng jamoatchilik oldida xalqdan va prezidentdan uzr so‘rab, ishdan haydalishdan qutilib qolishgan edi.

XS
SM
MD
LG