Линклар

Шошилинч хабар
28 май 2022, Тошкент вақти: 03:00

O‘zbekistonda OTMlarga talabalikka qabul qilishda ingliz tiliga talab kuchayadi


Samarqand Davlat universiteti qabul komissiyasi.

O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida ingliz tili majburiy fanlar blokiga kiritilayotgani shu kunlarda tarmoqlarda qizg‘in muhokama mavzusiga aylangan .

Ba’zi abituriyentlar bu o‘zgarish kirish imtihonlariga uch oy qolgan bir paytda e’lon qilinganidan norozi.

“2-3 yildan beri tarix va ona tilidan tayyorlanayotganlar bor. Endi imtihonga uch oy qolganda ikkinchi fan sifatida ingliz tilini qo‘yishyapti, qachon tayyorlanib ulguramiz”, - deb yozdi Telegram kanalida farg‘onalik maktab bitiruvchisi.

Ba’zi boshqa abituriyentlar ingliz tiliga talab kuchayayotganiga qarshi emasliklari, lekin bosqichma-bosqich o‘tilishi kerakligini aytishadi

O‘zbekiston davlat test markazi mulozimi Ozodlikka abituriyentlarning havotirlari o‘rinsiz ekanini urg‘uladi.

“Ingliz tilini qo‘shish to‘g‘risida loyiha bor. Bilasiz, umumiy majburiy fanlar bor ona tili, matematika tarix, o‘sha blokka endi ingliz tili qo‘shiladi. Lekin, bu yil faqat chet tili zarur bo‘lgan OTMlarda shu o‘zgarish kiritilyapti. 2023-2024-o‘quv yil uchun imtixonlarda esa to‘liq bunga o‘tiladi”, deydi DTM mulozimi.

“Ingliz tilini bilish o‘zbeklarni g‘arbga yaqinlashtiradi”

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning may oyida har qanday ta’lim muassasasining bitiruvchilari kamida ikkita chet tilini bilishi shart, degan edi.

2022-yildan boshlab esa barcha davlat idoralarida ishga yangi qabul qilinganlarning kamida bitta chet tilini bilishi talab etila boshlandi.

Bu talab, shuningdek, yuqoriroq lavozimga ko‘tarilish istagida bo‘lgan davlat idoralari xodimlariga ham tegishli.

O‘zbekistonda ingliz tilini o‘rganishga talab tobora ortib borar ekan, mazkur tendensiyani ayrim ekspertlar G‘arbga yaqinlashuvga intilish belgisi o‘laroq ko‘rmoqda.

Shvetsiyada yashovchi siyosatchi Po‘lat Ohunov fikricha, ingliz tilini bilish o‘zbeklarni G‘arbga yaqinlashtiradi

“Ingliz tilini yaxshi biladiganlar insoniyat tarixiga g‘arb adabiyotlari orqali qaraydi. Qolaversa, ingliz tili o‘zbeklarga rus madaniyati, mentaliteti va rus dunyosi qadriyatlari asirligidan qutulish imkonini ham beradi.

Bir paytlar Moskvadagi propagandistlar tomonidan yozilgan va ularning ma’qullovi bilan milliy tillarga tarjima qilingan tarix kitoblarini hozir ham o‘qishadi. Ingliz tili g‘arbga o‘ziga xos ko‘prik.

Shvetsiyada keksa avlod ingliz tilini yaxshi bilmagan va shuning uchun 80-yillarning o‘rtalariga qadar ularga sovet targ‘iboti juda kuchli ta’sir ko‘rsatgan va ko‘pchilik odamlar so‘l partiyalarga ovoz bergan.

80-yillarning oxiridan boshlab ingliz tilini yaxshi biladigan yoshlar siyosatga kela boshladilar. O‘zbekistonda Ingliz tiliga e’tibor va talab kuchayar ekan bu juda yaxshi tendensiya, bu insonlarning dunyo qarashini o‘zgarishiga olib keladi, bunga ishonchim komil”,- deydi Ohunov.

Ingliz tilini bilish darajasi past bo‘lgan davlat

O‘zbekiston ingliz tilini bilish darajasi juda past bo‘lgan davlatlardan hisoblanadi.

EF English Proficiency Index o‘tgan yili dunyoning turli davlatlarida ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazgan.

O‘zbekiston ro‘yxatdagi 112 davlat orasida 88 o‘rinni egallagan.

Reytingda O‘zbekiston ingliz tilini bilish darajasi “juda past” hisoblanuvchi mamlakatlar guruhiga kiritilgan bo‘lib, undan yuqori pog‘onada Afg‘oniston (87-o‘rin), pastida Suriya (89-o‘rin) joylashgan.

O‘zbek tili O‘zbekistonning rasmiy davlat tili bo‘lsa, rus tili, ayniqsa, poytaxt va yirik shaharlarda qo‘llanish ko‘lami bo‘yicha hanuz ikkinchi til hisoblanadi.

So‘nggi yillarda esa yoshlar orasida ingliz tili ham ommalashayotgani ham kuzatilyapti.

Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtixonlariga ingliz tili majburiy fanlar blokiga kiritilishi ortidan esa qiziqish yana ham ortgan.

Toshkentdagi “Poliglot” til o‘rgatish markazi xodimi Ozodlikka so‘nggi bir oy ochida Ingliz tilini o‘rganishga talabgorlar sezilarli ko‘payganini aytadi.

“Hozir juda ko‘p kelyapti, ayniqsa maktab bitiruvchilari. Gruppalar bir pastda to‘lib qolyapti”, deydi markaz xodimi.

“Poliglot” til o‘rgatish markazida uch oylik Ingliz tili kursi 2 million 100 ming so‘m atrofida.

Bu esa eng kam oylik 800 ming so‘mni tashkil etuvchi davlat aholisi uchun arzon emas.

Ayni paytda xalqaro tashkilotlar va Toshkentdagi AQSh elchixonasi ingliz tili o‘qitilishiga ko‘makchi bo‘lmoqda.

Ular ko‘magi bilan bepul kutubxona va til o‘rganish markazlari tashkil etilyapti.

Jumladan AQSh elchixonasi ko‘magi bilan o‘tgan oy Qarshida Amerika markazi ochildi.

AQSh ko‘magi

Mamlakatda yaqin kelajakda yana shu kabi oltita markazni ochish rejalashtirilgan bo‘lib, AQSh elchixonasi bu tashabbusga qayrib 1 million dollar mablag‘ ajratgan.

Qo‘shma Shtatlar o‘zbekistonlik o‘qituvchilar va o‘quvchilarga darsliklar yetkazib berish bilan ham ko‘maklashmoqda.

Bu yilgi o‘quv yilining boshida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi USAID O‘zbekistonning ikki viloyatidagi 208 maktabga 385 ming dona darslik va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar hadya qildi.

Cambridge University Press nashriyoti tomonidan ishlab chiqilgan va umumiy qiymati 10 million dollarga teng darsliklar 5-11 sinflar uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, 1-11 sinflar uchun ingliz tilini xorijiy til sifatida o‘qitishga yordam beradi.

USAID shuningdek, 1000 dan ortiq ingliz tili va AKT o‘qituvchilariga yangi darsliklar va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalardan foydalanish hamda o‘quvchilarga yo‘naltirilgan o‘qitish strategiyalarini o‘rgatmoqda va qo‘llab-quvvatlamoqda.

XS
SM
MD
LG