Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:15

A.Komilov ishga chiqmayotganiga 1 oy bo‘ldi. TIVga qo‘shimcha vazifalar yuklatilishi aytilmoqda


O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralarda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralarda.

Afg‘oniston tomonidan O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatidagi harbiy bazalar raketalardan o‘qqa tutilgani to‘g‘risida xabar paydo bo‘lgan bir paytda va Ukraina urushi bilan bog‘liq dolzarb voqealar manzarasida o‘zbek diplomatiyasi rahbarining qayerdaligi qariyb bir oydan beri noma’lum qolmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ukraina bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasiga oid bayonotidan so‘ng uning davolanishda ekanligi to‘g‘risida norasmiy ma’lumotlar tarqadi.

Tashqi ishlar vazirligining ismi ochiqlanmasligini istagan xodimlaridan biri 20-aprel kuni Ozodlikka: “Abdulaziz Xafizovich ishga chiqmayapti, bir oy bo‘lyapti u haqda hech narsa eshitmadik”, - dedi.

Vazirlikning axborot xizmati mulozimi Ozodlikka rasmiy kanallarni kuzatib borishni tavsiya qildi, ma’lumot chiqishi bilan bu haqda rasman bildirilishini aytdi:

“Biron ma’lumot bo‘lsa o‘zimizni rasmiy kanallarda e’lon qilamiz, Telegram kanalimizni kuzatib borasingiz ma’lumot chiqsa e’lon qilamiz”, - dedi TIV axborot xizmatining mulozimi.

"Yangi O‘zbekiston" gazetasi 29-mart kuni vazirlik matbuot xizmatiga tayanib, "O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.Komilov so‘nggi o‘n kun davomida surunkali kasalliklari tufayli Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son Markaziy klinik shifoxonasida tibbiy muolajalar oldi. Shifokorlarning konsilium xulosasiga ko‘ra, A.Komilovning salomatligini yanada chuqurroq tekshiruvdan o‘tkazish zarurati yuzaga kelgani sababli ayni kunlarda vazir ixtisoslashgan tibbiy ko‘rikdan o‘tish va tegishli muolajalarni olish maqsadida xorijda davolanishni davom ettirmoqda", deb xabar qilgan edi.

30-mart kuni Ozodlik O‘zbekiston hukumatidagi yaqin manbalarga tayanib 74 yoshli vazirning “xorijda davolanayotgan”i, uning hukumatdagi vazifasiga qaytmasligi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Ayni paytda Toshkentdagi manbalar o‘zbek diplomatiyasiga qariyb yigirma yil rahbarlik qilgan Abdulaziz Komlovning ehtimoliy iste’fosi haqida ham gapirgan. Ular iste’foni Komilovning sog‘ligi bilan emas, balki shu yilning 17-mart kuni O‘zbekiston Senatida Ukrainadagi vaziyat yuzasidan qilgan bayonoti bilan bog‘lashgan.

Komilov 17-mart kuni Senatdagi bayonotida O‘zbekiston “Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishi va Donetsk hamda Lugantsk xalq respublikalarini tan olmasligi”ni ta’kidlagandi.

“U kishi tepa bilan bemaslahat hech narsa qilmaydi"

Abdulaziz Komilovning ismi ochiqlanmasligini istagan yaqinlaridan biri 20-aprel kuni Ozodlikka vazir Toshkentda ekani, uning ishga chiqmayotganining asl sababi "sog‘ligi" ekanini aytdi.

"U yuqorining ruxsatisiz o‘z-o‘zidan biror ish qiladigan toifadagi odam emas. Uning Ukraina haqidagi bayonoti ham tepa bilan kelishilgan. Ko‘pdan beri nafaqaga chiqmoqchi bo‘lib yuruvdi, lekin "birinchi" ruxsat bermagan. Komilovning rafiqasi esa u uzoq vaqt bunday tempda ishlay olmasligi, sog‘ligi ko‘tarolmasligini aytib keladi. U infarktoldi holatida. Yiliga 36 marta sayohat qilish uning yoshidagi odam uchun juda ko‘p. Bir mamlakatdan keladi, jamadonlarini almashtiradi, boshqasiga uchadi, - dedi Komilovning qarindoshi.

Ayni paytda ayrim mahalliy nashrlar O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi birlashtirilishi, yangi vazirlikka rahbar sifatida Sardor Umrzoqov nomzodi ko‘rilayotgani haqida xabar berdi.

Jumladan Gazeta.uz nashri o‘z manbalariga tayanib bu haqdagi tegishli hujjat prezident administratsiyasi tomonidan ishlab chiqilayotgani, yaqin kunlarda e’lon qilinishi mumkinligi haqida yozdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xodimi Ozodlikka "hozircha hech qanday ma’lumotga ega emasmiz" deyish bilan cheklandi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida esa Abdulaziz Komilov hamon vazir sifatida turibdi.

"Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi"

Hozircha Ozodlikda Komilovning kutilayotgan iste’fosi, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi birlashtirilishi, yangi vazirlikka rahbar sifatida Sardor Umrzoqov nomzodi ko‘rilayotganiga doir rasmiy ma’lumot mavjud emas.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ismini ochiqlamaslikni so‘ragan xodimi bularni mish-mish darajasidagi gaplar ekaniga ishonishini aytdi.

“Bular mish-mish deb umid qilamiz. Bizni qulog‘imizga ham chalindi bu gaplar, lekin Umurzoqovning bizga vazir bo‘lishiga ko‘zimiz yetmaydi, u diplomatiyani tushunmaydi. Tashqi ishlar vazirligini Iqtisodiy tuzilmalar bilan birlashtirish ahmoqgarchilik. Lekin shamol bo‘lmasa daraxtni uchi qimirlamaydi", - dedi Ozodlik suhbatlashgan TIV xodimi.

“Amerika ovozi” radiosining o‘zbek xizmati muxbiri Navbahor Imamova Twitter sahifasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi birlashtirish g‘oyasi anchadan beri borligi haqida yozdi:

“Eshitishimizcha, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi tez orada birlashtirilishi mumkin. Bu takliflar bir muncha vaqtdan beri mavjud. Ko‘ramiz, Toshkentdagi bu “mish-mish” haqiqat bo‘ladimi? Diplomatiya - bu ulkan ish, shuningdek, sarmoya va tashqi savdo masalalari ham”.

Ozodlik manbalari O‘zbekistonning yangi tashqi ishlar vaziri lavozimiga vazir o‘rinbosari Vladimir Norov nomzodi ko‘rib chiqilayotganini taxmin qilmoqda.

23-mart kuni Turkiyaning sobiq bosh vaziri Binali Yildirimni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida vazir o‘rinbosari Vladimir Norov qabul qilgan edi. Norov 2006-2010-yillarda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri bo‘lgan.

Boshqa bir manbaga ko‘ra, nomzodlar orasida Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ham bor. Umurzoqov 30-mart kuni Xitoyning Tunsi shahrida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida qatnashdi. Ayni uchrashuv doirasida u Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ham muzokaralar olib borgan.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Senatdagi bayonoti Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi boshlanganidan 22 kun o‘tib yangradi.

Bunga qadar rasmiy Toshkent Ukrainadagi vaziyat borasida “neytral va vazmin” pozitsiyani egallaganini aytib kelayotgandi.

Eng uzoq ishlagan vazir

74 yashar Abdulaziz Komilov O‘zbekiston hukumatining eng keksa mulozimlaridan biri. U ikki marta mamlakat Tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlangan va ushbu lavozimda umumiy hisobda 19 yildan ko‘proq ishlagan.

Komilov so‘nggi bor Tashqi ishlar vaziri lavozimiga marhum Islom Karimov tomonidan 2012-yilda tayinlangan edi. U sobiq hukumatning 2016-yilda Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng vazir lavozimini saqlab qolgan yagona a’zosidir.

Abdulaziz Komilov ilk bor 1994-yilda Tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan va 2003- yilgacha ushbu lavozimda ishlagan.

Sovet davrida SSSRning Livandagi elchixonasi hamda Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharq bo‘limida ishlagan Abdulaziz Komilovning “sobiq SSSR KGBsidan chiqqan kadr” ekani aytiladi. Uning rasmiy tarjimai holida KGBda xizmat qilgani haqida ma’lumot yo‘q. Ammo Abdulaziz Komilov 1992-yilda Moskvadan O‘zbekistonga qaytgach egallagan ilk lavozimi O‘zbekiston MXX raisining o‘rinbosarligi bo‘lgan.

Abdulaziz Komilovning O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri lavozimidagi faoliyati O‘zbekistonning AQSh va boshqa g‘arb davlatlari bilan yaqin munosabatlar o‘rnatgan davriga to‘g‘ri keladi.

2004-yilda Komilov Tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlanishi ortidan O‘zbekiston Eronning yadroviy dasturiga qarshi AQSh mavqeini dastaklagan va oradan ko‘p o‘tmay, har ikki tomondan yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirilgandi.

Komilov 2003-2010-yillarda O‘zbekistonning AQShdagi elchisi bo‘lgan. Ayni lavozimda u 2005-yildagi Andijon voqealari ortidan yomonlashgan o‘zbek-amerika munosabatlarining qayta tiklanishida muhim rol o‘ynagani aytiladi.

Komilov O‘zbekistonning G‘arb bilan munosabatlari yaxshilangan va Andijon voqealari sabab Toshkentga nisbatan joriy etilgan sanktsiyalar bekor qilingan 2012-yilda Tashqi ishlar vaziri lavozimiga qaytgan edi.

Abdulaziz Komilov O‘zbekistonning sovet davridagi rahbari Sharof Rashidovning kuyovidir.

Uning Rossiya fuqarosi bo‘lgan o‘g‘li Doniyor Komilov o‘tgan yil yozida Toshkent markazidagi sobiq MXX binosini sotib olishi ortidan tilga tushgan edi. Mahalliy matbuot bino Doniyor Komilovga tegishli METROPOL GROUP MChJ ga sotilishidan avval Madaniy merosga oid ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatidan chiqarilganiga e’tibor qaratgan.

XS
SM
MD
LG