Линклар

Шошилинч хабар
04 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:34

Abdulloh Parpiyevning daragi chiqdi – uning 15 sutkaga qamalgani ma’lum bo‘ldi


Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik iddaosi bilan 15 sutkaga qamalgan Abdulloh Parpiyev
Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik iddaosi bilan 15 sutkaga qamalgan Abdulloh Parpiyev

Yaqinlari 1-avgustdan buyon xabar ololmayotgan Abdulloh Parpiyevga jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi tomonidan 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Bu haqda “Ozodlik” radiosiga Abdulloh Parpiyevning akasi - 2018-yil dekabridan buyon O‘zbekiston xorijida yashayotgan sobiq imom Fazliddin Parpiyev ma’lum qildi.

Nusxasi “Ozodlik”da bo‘lgan sud qaroridan ma’lum bo‘lishicha, Abdulloh Parpiyev 1-avgust kuni Toshkent shahrining Olmazor tumani Qoraqamish 2/5 dahasi hududida joylashgan ““A’lo” tuyxonasi oldida ichki ishlar xodimlarning qonuniy talablarini bajarmasdan, omma oldida ularni o‘z xizmat vazifalarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatgan”likda ayblangan. U bilan birgalikda yana to‘rt kishi – Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi Rahmatilla Rashidov, Uchtepa tumanida yashovchi Fazliddin Ahmedjanov, Sergeli tumanida yashovchi Shuhrat Qosimov va Ravshan Tolipovlar sudlangan.

O‘n besh sutkalik ma’muriy qamoq va jarima jazosi

Birinchi avgust sanasi qo‘yilgan sud qarorida qayd etilishicha, sudlanuvchilarning hech biri o‘ziga bildirilgan ayblovlarni tan olishmagan. Biroq sud sudlanuvchilarning “huquqbuzarligi ish hujjatlaridagi bildirgi, tushuntirish xatlari, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar va boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan” degan qarorga kelib, ularning har biriga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 195-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) hamda 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi hamda ma’lum miqdorda jarima tayin qilgan.

Xususan, Abdulloh Parpiyevga ma’muriy qamoq jazosidan tashqari BHMning ikki baravari miqdorida – 680 ming so‘m jarima solingan. Bundan tashqari, undan “Toshkent shahar IIBB Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qabulxonasi foydasiga maxsus qabulxonada saqlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun eng kam oylik ish haqining 15 foizi miqdorida”, ya’ni 765 ming so‘m undiriladigan bo‘lgan.

Ukam “sheriklar”ini tanimaydi

Fazliddin Parpiyev “Ozodlik” bilan suhbatda ukasi Abdulloh bilan birgalikda sudlangan shaxslar unga notanish ekanini aytdi.

Ularning beshovini nima uchun bir qilib sudladi – bizga qorong‘i bo‘lib turibdi”, dedi u.

Suhbatdoshning aytishicha, Abdulloh Parpiyev “A’lo” to‘yxonasining oldida ichki ishlar xodimlarining talabini bajarmadi, degan iddao ham mantiqqa ziddir.

O‘sha kuni ertalab ukam farzandlarini bog‘chaga olib ketayotgan bo‘lgan. IIBdan “birrovga kelib keting” mazmunida qo‘ng‘iroq bo‘lganidan keyin u yo‘nalishini o‘zgartirib, to‘g‘ri Olmazor ROVDsiga borgan. Keyin ichkariga kirishi kerakligi aytilgan bo‘lsa kerakki, jiyanimni chaqirib, “kelib, bolalarni olib ketgin”, deb telefon qilgan. Jiyanim kelguniga qadar ukamni ichkariga olib kirib ketishgan. Jiyanim kelganidan keyin ichkaridan mashinaning kalitini olib chiqib berishgan. Ungacha 6 va 3 yashar qizlari mashinada issiqda pishib, “dadamni melisalar olib kirib ketdi, yo‘q bo‘ldi dadam” deb qo‘rqib, yig‘lab o‘tirishgan. Ukamning “A’lo” to‘yxonasiga hech qanaqa aloqasi yo‘q, u bog‘chaga ketayotgan edi. Aybi yo‘qligini bilgani uchun u to‘g‘ri ROVDga borgan. Agar inson o‘zini aybdor deb bilsa, birinchi bo‘lib bolalarini yo uyga olib kelib qo‘yadi, yoki bog‘chaga olib borib qo‘yadi, undan keyin xotirjam, tayyor bo‘lib boradi chaqirilgan joyga, shunaqamasmi? Bu yerdagi holatning mantiqqa zidligi shundaki, ukam “birrov uchrab ketar ekanman” degan xayol bilan bolalarini olib borgan u yoqqa”, dedi Fazliddin Parpiyev.

“Sud qaroridan norozimiz, shikoyat arizasi kiritamiz”

Suhbatdoshimiz sud qaroridan Abdulloh Parpiyev ham, uning yaqinlari ham noroziligini ta’kidlaydi. Ular Olmazor tuman sudi qarori ustidan yuqori instansiyaga shikoyat arizasi kiritishmoqchi.

Hozir advokat bu borada arizalarni tayyorlayapti. Ya’ni biz “15 sutkagina ekan” deb ortga chekinmoqchi emasmiz, boramiz va arizamizni topshiramiz. Bu yerda bir necha qonun bandlari buzilgan, ukamga uydirma statyalar qo‘yilgan. Bizga Abdulloh hozirgi paytda qayerda ekani ham noma’lum, uning jazo muddatini qayerda o‘tayotganini ham bilib bo‘lmayapti, hech qayerdan topib bo‘lmayapti. Ukamning qayerda saqlanayotganining yashirilayotgani ota-onamni ko‘proq xavotirga solyapti”, dedi Fazliddin Parpiyev.

Toshkentning Olmazor tumanida istiqomat qilib kelgan Abdulloh Parpiyev 1-avgustdan buyon bedarak ketgani haqida “Ozodlik” avvalroq xabar qilgan edi. Fazliddin Parpiyev ukasi O‘zbekistonda hech qanaqa qora ro‘yxatda turmasligi, telefonida hech qanday taqiqlangan material saqlamasligi, uning O‘zbekiston musulmonlar idorasining xalqaro aloqalar bo‘limida ishlashini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG