Линклар

Шошилинч хабар
13 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:25

AESdan qaysi mamlakatlar, nega va qanday qilib voz kechgan?


Bugungi kunda 50 dan ortiq mamlakat AESdan foydalanadi. 400 dan ziyod yadro reaktori dunyodagi barcha energiyaning qariyb 9 foizini beradi. Biroq hech qachon AES qurish haqida o‘ylamagan mamlakatlar ham bor. O‘ylagan bo‘lsa ham, keyin baribir qurmaslikka qaror qilgan. Shuningdek, ishlab turgan stansiyalarni yopgan mamlakatlar ham topiladi. Xo‘sh, ularni nima bunday qilishga undagan?

Birinchidan, avariyalar. Texnogen falokatlar alohida odamlarni ham, butun boshli mamlakatlarni ham AESga qarshi qilib qo‘ygan.

So‘nggi 60 yilda uchta yirik avariya yuz berdi. Birinchisi – 1979-yilda AQSHdagi Tri-Mayl-Aylend atom elektr stansiyasida bo‘lgan. Noto‘g‘ri texnik xizmat ko‘rsatilishi oqibatida aktiv zona qizib ketib, eriydigan holga keladi. Operatorlar esa indikatorlar yonib turganini ko‘rmaydilar, chunki ogohlantiruvchi chiroqlarni begona buyumlar to‘sib qo‘ygan edi. Qay bir lahzada avariya sovitish tizimi avtomatik tartibda ishga tushadi. Shu tariqa, qandaydir mo‘jiza bilan halokatning oldi olinadi.

Yetti yil o‘tib Chernobil AES portlaydi. Radioaktiv bulut bir necha mamlakatga tarqaladi. Stansiya tevaragidagi 30 kilometrlik hudud yashash uchun yaroqsiz holga keladi. Avariya sabablari hanuzgacha aniq emas. Sovet davrida AES xodimlari aybdor qilingandi. 90-yillarda esa halokatga reaktor konstruksiyasidagi kamchiliklar sabab bo‘lgan, degan taxmin ilgari surildi.

Сурат баъзи кишиларнинг таъбини хира қилиши мумкин.
1986-yil avgusti. Ukraina SSR, Kiyev viloyati. Chernobil AESdagi avariyadan so‘ng 4-reaktor ustida qurilgan himoya inshooti.
1986-yil avgusti. Ukraina SSR, Kiyev viloyati. Chernobil AESdagi avariyadan so‘ng 4-reaktor ustida qurilgan himoya inshooti.
Сурат таъбни хира қилиши мумкин – Кўрсатиш учун тугмани босинг
1986-yil avgusti. Ukraina SSR, Kiyev viloyati. Chernobil AESdagi avariyadan so‘ng 4-reaktor ustida qurilgan himoya inshooti.

2011-yilda Yaponiyaning Fukusima-1 atom stansiyasida avariya sodir bo‘ldi. Asosiy sabab – kuchli zilzila va sunami. Bundan tashqari, texnik kamchilik va qusurlar ham bo‘lgani aytiladi. Yer bir necha bor qattiq silkinishi natijasida stansiyada tok o‘chib, avariya sovitish tizimi ishdan chiqadi. 3 ta reaktorda yoqilg‘i erishi yuz beradi. Keyinroq komissiya stansiya bu qadar yirik ko‘lamli favqulodda holatga tayyor bo‘lmagan, deb xulosa berdi. AES hududida halokat oqibatlarini bartaraf etish hanuz davom etmoqda.

Bu avariyalarning har biri dunyoni dahshatga solib, AESlardan voz kechish boshlanib ketdi. Masalan, AQSHdagi voqeadan so‘ng mamlakatda o‘nlab reaktorlar 4 yilga o‘chirib qo‘yildi. Lekin Shtatlar yadroviy energiyadan butkul voz kechgani yo‘q. Bugungi kunda AQSHda AESlar jami energiyaning taxminan beshdan bir qismini bermoqda.

Chernobil fojiasidan keyin Italiya atom stansiyalaridan butunlay voz kechdi. Mamlakatda 4 ta stansiya ishlab turgandi. 1987-yilda masala referendumga qo‘yilganida odamlar yadroviy energetikaga qarshi ovoz berishdi. 1990'yilga kelib Italiya to‘rtala AESni yopib, utillashtirishni boshladi – jarayon hali davom etmoqda.

2000-yillar boshida bosh vazir Berluskoni boshliq hukumat atom energiyasiga qaytish g‘oyasini ilgari surib, 10 ta reaktor qurishni taklif qildi. Ammo Fukusimadagi avariya bu rejalarga nuqta qo‘ydi. Italiyada dastlab bir yillik moratoriy joriy qilindi, so‘ng yana referendum o‘tkazildi. Aholining katta qismi AESlarni to‘liq taqiqlashni yoqlab chiqdi. Hozirda Italiyada asosiy energiya manbai chetdan import qilinadigan gaz bo‘lib, uning ulushi 45 foizni tashkil qiladi, yana qariyb 35 foiz energiya shamol stansiyalaridan olinadi.

Avstriyada birinchi AES 70-yillarda Dunay daryosi bo‘yida qurila boshlangan edi. Bir paytning o‘zida aksilyadroviy harakat ham paydo bo‘ldi. Bu harakat dastlab anchayin zaif edi. 1976-yilda AES bitay deb qolganida, hukumat atom energetikasi foydasiga axborot kampaniyasini boshladi. Ammo bu kutilmaganda aks ta’sir qildi – avstriyaliklar orasida aksilyadroviy kayfiyat kuchaya boshladi. Mamlakat yadroviy chiqindilarni o‘z hududida saqlashi ma’lum bo‘lganida esa norozilik avj nuqtasiga yetib, loyihaga qarshi namoyishlar butun Avstriyani qamrab oldi. AES OAVlarning ham asosiy mavzusiga aylandi.

78 yilda stansiya bitgach, hukumat barcha shubhalarni bartaraf etish maqsadida masalani referendumga qo‘ydi. Kansler aholi loyihani albatta qo‘llab-quvvatlaydi, deya ishonch bildirdi.

"Fukusima-1" AES. Yaponiya. 24-mart, 2011-yil
"Fukusima-1" AES. Yaponiya. 24-mart, 2011-yil

1978-yil 5-noyabr kuni o‘tkazilgan referendumda aksilyadroviy harakat ozgina farq bilan g‘alaba qozondi – 50,5 foizga qarshi 49,5 foiz. Bir necha oydan keyin esa AQSHning Tri-Mayl-Aylend atom stansiyasida avariya sodir bo‘ldi.

O‘shandan keyin Avstriyada tijorat atom stansiyalari qurilishini taqiqlovchi qonun qabul qilindi. Svetendorf atom stansiyasi esa qisman demontaj qilinib, hozirda o‘qitish markazi sifatida foydalaniladi va filmlar suratga olish va turli marosimlar o‘tkazish uchun ijaraga beriladi. AES ichida muzey ham bor.

Avstriya jamiyatida aksilyadroviy kayfiyat hamon kuchli. Avstriyadagi namoyishlardan so‘ng qo‘shni Slovakiya u bilan umumiy chegarasi yaqinidagi Moxovse AES loyihasini ko‘p yillar muzlatib qo‘yishga majbur bo‘lgan edi. 2022-yilda esa Avstriya Yevropa ittifoqining atom energiyasini “toza energiya” deb tan olish qarori ustidan sudga shikoyat beradi.

“U na yashil, na barqaror energiya. Shu bois biz YI qarori ustidan shikoyat berdik”, degan edi o‘shanda Avstriya ekologiya vaziri.

Litva ham atom energetikasidan voz kechib, sovet davrida qurilgan Ignalina AESni yopib qo‘ygan. Stansiya Litvaning elektrga ehtiyojini to‘liq qondirar va hatto bir oz eksport qilishga ham imkon berardi. Darvoqe, Ignalinada ishlatilgan yoqilg‘idan ajratib olingan plutoniy sovet harbiy sanoatida qo‘llangan.

Ignalina AESning xavfsizligi masalasi Yevroittifoqda savollar tug‘dirdi, chunki u konstruktiv jihatdan Chernobil AESga o‘xshash edi. Stansiyani yopish Litvaning YIga kirishi shartlaridan biri bo‘lgan. 2009-yilda mamlakat ikkala reaktorni ham yopdi. Rejaga ko‘ra, 2038-yilgacha stansiya to‘liq demontaj qilinadi.

Ignalina AES yopilgach Litvaning o‘z energiya manbalari qolmay, mamlakat import gazga qaram bo‘lib qoldi, bu esa tariflar keskin oshishiga olib keldi. Ammo keyingi yillarda hukumat shamol va quyosh energiyasini, bioyoqilg‘i texnologiyalarini rivojlantirib, gazga tobelikdan birmuncha qutuldi. Bugungi kunda energiyaning qariyb uchdan biri “yashil” manbalardan olinadi.

Holbuki, Litva Ignalina AES yopilishidan burun yangi stansiyalar qurish masalasini o‘rganayotgandi. 2012-yilda masala bo‘yicha referendum tashkil qilindi. Ammo g‘oya ma’qullanmadi – 63 foiz saylovchi qarshi ovoz berdi.

80-yillar o‘rtalarida Kuba SSSR yordami bilan AES qurishni boshlagan edi. Ittifoq parchalanganidan so‘ng loyiha to‘xtab qoldi. Bunga AQSHning Kubaga qarshi embargosi ham sabab bo‘ldi. 2000-yillarda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kuba rahbari Fidel Kastroga stansiya qurilishini oxiriga yetkazishni taklif qiladi, ammo orol hukumati “Kuba AESdan ortiq manfaatdor emas”, deb javob beradi.

Isroil – AES hech qachon bo‘lmagan kam sonli mamlakatlardan biri. Ushbu mavzu vaqti-vaqti bilan kun tartibiga chiqsa-da, jiddiy muhokama qilinmaydi.

OzodNazar: “Ўзатом” “Росатом” билан АЭС бўйича шартнома имзолади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:51:07 0:00

Boshqa tarafdan, Isroil stansiya qurishga qaror qilgan taqdirda ham yadroviy texnologiyalar yetkazib beruvchilar bilan kelisha olishi qiyin bo‘ladi. Chunki mamlakat Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani imzolamagan. Isroilda asosiy energiya manbai – bu gaz: 2009-yilda u yerda katta gaz koni topilgan.

Avstraliya 1998-yilda AESlarni butunlay taqiqlagan. Yangi Zelandiyada taqiq yo‘q, lekin stansiyaga ehtiyoj ham yo‘q. Ushbu mamlakatlarda boshqa energiya resurslari yetarli.

Gretsiyada ham tijoriy yadro quvvatlari mavjud emas. Uch yil muqaddam mamlakat bosh vaziri “yer silkinishi xavfi yuqori bo‘lgani sababli hech qachon AES qurmaymiz” deya bayonot bergan edi. Darhaqiqat, Gretsiyaning butun hududi seysmik faol zonada joylashgan.

Portugaliyada ham tijoriy reaktorlar yo‘q. Yarim asr muqaddam mamlakatda AES qurish haqida gapirila boshlangan edi, ammo tezda nufuzli kuchga aylangan aksilyadroviy harakat AES tarafdorlarining unini o‘chirdi. 2000-yillarda hukumat tepasiga hozirda BMT bosh kotibi bo‘lmish Antonio Guterrish kelgach mamlakat yangilanadigan manbalarni rivojlantirishga qaror qildi. Hozirda Portugaliya 95 foiz energiyani “yashil” manbalardan oladi.

Daniyada AES g‘oyasi 70-yillar, neft inqirozi manzarasida paydo bo‘lgan edi. Bir paytning o‘zida kuchli aksilyadroviy harakat ham vujudga keldi. Uning a’zolari “Yadroviy energiya? Rahmat, kerak emas” deb yozilgan ramzni o‘ylab topishdi. Ushbu ramz hanuzgacha boshqa mamlakatlarda ham qo‘llanadi. 1985-yilda Daniyada AESlarni taqiqlash to‘g‘risida qonun qabul qilindi. 54 foiz energiya shamol stansiyalaridan olinmoqda. So‘nggi yillarda atmosferaga issiqxona gazlari chiqishini kamaytirish mavzusi dolzarblashib, AES qurish zarurati haqida yana bahslar boshlandi. Biroq taqiq hali beri bekor qilinadiganga o‘xshamaydi.

Tarix shuni ko‘rsatmoqdaki, insoniyatning yadroviy fojialar haqidagi xotiralari xiralashib, pragmatik rejalar birinchi o‘ringa chiqsa, dunyoda AESga qiziqish paydo bo‘lar ekan.

Россиянинг Ўзбекистондаги махфий АЭС лойиҳаси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:36:03 0:00

Muqaddam mavjud AESlardan voz kechishi yoki loaqal yangilarini qurmasligi haqida jar solgan bir necha davlat so‘nggi yillarda o‘z siyosatini o‘zgartirdi. Jahon bo‘yicha hozirda 16 mamlakatda 60 ga yaqin yangi reaktor qurilmoqda. Aksar hollarda bu ishlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash yo‘lida qilinayotgani aytiladi (AESdan issiqxona gazlari deyarli chiqmaydi). Oxirgi ikki yilda Ukrainadagi urush ham qo‘shimcha sabab bo‘ldi. Ya’ni, G‘arb mamlakatlari Rossiya uglevodorodlariga qaramlikni kamaytirish uchun muqobil manbalar qidirishga majbur bo‘layotir. Taqdir hazilini qarangki, dunyodagi yangi reaktorlarning qariyb uchdan birini Rossiya davlat shirkati – Rosatom qurmoqda.

XS
SM
MD
LG