Линклар

Шошилинч хабар
03 декабр 2021, Тошкент вақти: 00:10

Afg‘oniston armiyasining 100 dan ortiq askari Tojikistonga qochib o‘tdi


Qunduz viloyatida “Tolibon” harakati jangarilari bilan jangga kirgan 100 nafardan ortiq harbiy xizmatchisi Tojikiston hududiga qochib o‘tgan. Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi e’lon qilgan surat.

Afg‘oniston hukumati qo‘shinlarining Qunduz viloyatida “Tolibon” harakati jangarilari bilan jangga kirgan 100 nafardan ortiq harbiy xizmatchisi Tojikiston hududiga qochib o‘tgan. Bu haqda 22 - iyun kuni Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi (DMXQ) ma’lum qildi.

“22 - iyun kuni soat 09:00 gacha davom etgan qurolli to‘qnashuvlar natijasida, AIR (Afg‘oniston Islom respublikasi) hukumati qo‘shinlarining 134 nafar harbiy xizmatchisi dushman hujumiga dosh berolmay, “Panj” chegarachilar otryadining 3- va 4-zastavalari orqali Tojikiston Respublikasi hududiga chekinishga majbur bo‘lgan”, deyiladi DMXQ matbuot markazi bayonotida.

Unda qayd etilishicha, tojik chegarachilari “insonparvarlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga amal qilgan holda, afg‘on harbiylariga Tojikiston hududiga to‘siqsiz kirib olishga ruxsat berishgan”.

“Tojikiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom respublikasi o‘rtasidagi chegara chizig‘ida vaziyat “keskin” deya baholanmoqda, “Sherxon-Bandar” hududida jarohat olgan, o‘ldirilgan va asirga olingan afg‘on harbiy xizmatchilarining umumiy soni 100 nafargacha”, deyilgan xabarnomada.

“Sherxon-Bandar” toliblar qo‘liga o‘tdi

Tojik-afg‘on chegarasidagi “Sherxon-Bandar” bojxona va savdo o‘tish maskani seshanba kuni toliblar qo‘liga o‘tdi. Tojikistonning Xatlon viloyati ma’muriyati davlat chegarasining ushbu qismida vaziyat tinchligini, chegarachilar odatdagi tartibda xizmatni o‘tashayotganini bildirdi.

Muhim bojxona va savdo o‘tish maskanining “Tolibon” radikal harakat jangarilari tomonidan bosib olingani to‘g‘risida Afg‘onistonning “Khaama press” agentligi xabar qilgan edi. Afg‘oniston hukumati esa “Sherxon-Bandar” taslim bo‘lgani haqidagi ma’lumotni hozircha na tasdiqladi, na inkor etdi.

“Sherxon-Bandar” Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi muhim savdo va yuk ortish-tushirish maskani bo‘lib, Tojikistonga Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari, jumladan Pokiston va Erondan keladigan import yuklar shu yerdan o‘tadi.

Xatlon viloyatining “Sherxon-Bandar” bilan chegaradosh Jayhun tumani ma’muriyatidagi manba 22 - iyun kuni “Ozodlik”ning tojik xizmatiga chegarada vaziyat tinchligini, chegarachilar odatdagi tartibda xizmatni o‘tashayotganini ma’lum qilgan edi.

Tojikiston Afg‘oniston shimolidan qochqinlar yopirilishiga tayyorlanmoqda

Afg‘oniston matbuoti xabaricha, “Tolibon” radikal guruhi jangarilari Qunduz viloyatining boshqa tumanlarini, jumladan Imom Sohib shahrini ham bosib olishgan. “Toliblar 20 - iyun kuni hujumga o‘tishgan edi. Ayni paytda Qunduzni Afg‘onistonning boshqa hududlari bilan bog‘lovchi barcha yo‘llar ularning nazoratida”, deydi “Ozodlik”ning tojik xizmati bilan suhbatda viloyat politsiyasining rasmiy vakili Inomuddin Rahmoniy.

Voqealar rivoji Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlarni “eng yomon ssenariy”ga tayyor turishga majbur etmoqda. Hozirda Afg‘onistonning Tojikistonga qo‘shni Badaxshon viloyatiga qarashli uch yirik aholi punktida hukumat kuchlari bilan toliblar o‘rtasida qaqshatqich janglar ketmoqda.

Shu munosabat bilan Tojikiston mamlakatga janubdan ko‘psonli qochqinlar yopirilishiga hozirlik ko‘rilmoqda. Kuni kecha Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati rahbari Yodgor Fayzov shoshilinch chaqirilgan yig‘ilishda 5-10 ming nafar qochqinni qabul qilishga tayyorligini bildirdi. Biroq u qochqinlar soni taxmin qilinganidan ancha ko‘p — 30 ming nafargacha bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.

Tojikiston davlat chegarasining eng katta qismi — 1300 kilometri yoki 60 foizi Afg‘oniston bilan chegara liniyasiga to‘g‘ri keladi. Ikki davlatni bog‘lovchi asosiy yo‘l “Sherxon-Bandar” (Afg‘oniston) hamda “Panji Poyon” (Tojikiston) posti orqali o‘tadi.

XS
SM
MD
LG