Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:37

Afg‘oniston: Tolibon ayollarning ta’lim olishini cheklashda davom etmoqda


Kobul universiteti ayol o‘qituvchilar va tolibalar uchun yopiq. Bu taqiq barcha uchun “chinakam islomiy muhit” ta’minlanmaguniga qadar davom etadi. Bu haqda universitetning yangi rahbari Muhammad Ashraf G‘ayrat bildirdi.

Tolibon hukumati 17 - sentabr kuni o‘rta maktablar faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yishini aytgan, biroq maktablar faqat erkak o‘qituvchilar va o‘g‘il bolalarga uchun ochilgani amalda qizlarning o‘rta ta’limdan mahrum etilganini anglatadi.

Tolibon bundan oldingi iqtidori davrida xotin-qizlarning ta’lim olishini butkul taqiqlagandi.

Afg‘onistonlik jurnalist Ismat Kamolga ko‘ra, qariyb ikki oydan buyon oliygoh va maktablarda o‘qiyotgan qizlar uyda o‘tiribdi:

- Qizlarning o‘qishga bormayotgani faqat Kobul universitetida kuzatilmayapti. Bu butun mamlakatga tegishli holat. Toliblar Afg‘onistonni ishg‘ol etishi bilan universitetlarda ishlayotgan ayol o‘qituvchilar va qiz talabalarni darsga bormaslikka chaqirdi. Ular uylarida qolsin, “sizning darslarga qanday qatnashishingiz borasida maxsus amallar qilamiz, keyin o‘qishni davom ettirasizlar” deyildi. Hozir Kobul universitetlarida ham, viloyatlardagi universitetlarda ham qizlar umuman o‘qimayapti.

Ismat Kamolning aytishicha, Tolibon hukumatga kelgach, maktablarning katta sinflarida ham qizlarning o‘qishi taqiqlangan:

- Maktablarda faqat 6-sinfgacha bo‘lgan qizlarga o‘qishga ruxsat etilgan. Undan katta sinflardagi qizlar maktabga bormayapti. Bizda litsey davri 12-sinfgacha. Taqriban ikki oydan beri oliygohlardagi talaba qizlar ham, maktablardagi o‘quvchi qizlar umuman o‘qimayapti. Ular uchun onlayn o‘qish ham yo‘q.

Исмат Камол билан суҳбат
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:47 0:00
Бевосита линк

Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, 15 - avgustda Kobulda hokimiyatni bosib olgan Tolibon ayollarga nisbatan 1996–2001 - yillardagi boshqaruv davrida qo‘llagan zulm siyosatini tadbiq etmoqda.

Toliblarning yangi rejimi qizlarning ta’lim olishini cheklashga, ko‘plab ayollarni mehnat qilish huquqidan mahrum etishga ulgurdi, ayollar masalalari vazirligini tugatdi va barcha ayollarning yuragiga dahshat soluvchi axloq politsiyasini tikladi.

Afg‘onistonda o‘z hokimiyatini o‘rnatganidan so‘ng Tolibon afg‘onlarni va xalqaro hamjamiyatni o‘zgarganiga ishontirish uchun birmuncha mo‘’tadil rejim imijini yaratishga tirishdi.

Toliblar Kobuldagi birinchi matbuot anjumanida o‘zlarining fundamental talqinidagi islom shariati doirasida ayollarning huquqlarini himoya qilishga va’da berishdi.

Biroq o‘tgan kunlar davomida Tolibonning qarashlari o‘zgargani belgilari sezilmadi. Ularning xatti-harakatlari hanuz dastlab bergan va’dalariga uyg‘un emas.

Tolibon hozircha ayollarga, ularning xavfsizligi uchun mumkin qadar uyda qolishni maslahat bermoqda. Shuningdek, sobiq davlat idoralarining o‘n minglab xodimalariga ish joylariga qaytmaslik haqida buyruq berilgan.

XS
SM
MD
LG