Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:52

Afg‘onistondan Chechenistongacha. Tolibon musulmon yoshlar orasida ommalashmoqdami?


AQSh 2021 - yilning kuziga qadar Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish jarayonini yakunlamoqchi. Vashington o‘z harbiylarini olib chiqib ketishga hozirlanar ekan, Markaziy Osiyoda Tolibon ekstremistik harakatining ta’siri kuchayib bormoqda. Guruh saflarida rossiyalik va markaziy osiyolik ko‘plab jangchi borligini hisobga olsak, sodir bo‘layotgan voqealar ushbu mamlakatlar xavfsizligiga tahdid soladimi?

BMT monitoring guruhi mutaxassislari ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Afg‘onistonda qariyb 85 ming Tolibon jangarisi va 10 – 15 mingga yaqin chet ellik yollanma jangari bor. Ular orasida qo‘shni davlatlar fuqarolari ko‘p, ammo ularning aksariyati sobiq sovet respublikalari – O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya fuqarolaridir. Afg‘onistondagi rossiyaliklar orasida Shimoliy Kavkazdan borgan shaxslar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Yevropa analitik klubi raisi, Markaziy Osiyo iqtisodiyoti hamda xalqaro terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha tadqiqotchi Nikita Mendkovich Ozodlikning “Kavkaz.Realii” nashri bilan suhbatda:

“AQShning Afg‘onistondan chiqib ketishi Afg‘oniston hududida terror kuchlarining ko‘payishiga olib keladi va shimoldagi qo‘shnilarga tahdid tug‘diradi. Toliblar kamida yashirin tarzda o‘z ittifoqchilari shimolga qarab tarqalishini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuning uchun mintaqa davlatlari hozir kuch to‘plashlari va Moskva atrofida birlashishlari kerak”, - deb tushuntirdi.

Mendkovich “ittifoqchilar” atamasi bilan Rossiyada taqiqlangan “Al-Qoida”, “Jamoat Ansarulloh”, “Turkiston Islomiy harakati” terror guruhlarini nazarda tutdi. Ushbu guruhlar a’zolari orasida sobiq SSSR mamlakatlarining ko‘plab fuqarosi bor.

Shu bilan birga, Mendkovich Rossiya radikallar uchun asosiy nishon emasligiga ishonadi:

“Terrorchilar oddiyroq nishonlarga hujum qilishadi, Rossiyaning Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi ittifoqchilariga hujum qilish orqali Rossiyaga “qo‘l tekkizishga” harakat qiladilar”.

Tolibon rahbariyati ayni damda asosiy e’tiborni Afg‘oniston hukumati bilan tinchlik jarayoni bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar hamda xorijiy qo‘shinlarni olib chiqib ketish borasida AQSh bilan erishilgan kelishuvga qaratmoqda.

Jorj Vashington universitetining xavfsizlik siyosati bo‘yicha tadqiqotchisi, “Kavkaz tadqiqotlari jurnali”da Tolibon haqida chop etilgan maqolalar muallifi Lila Xeyns “Kavkaz.Realii” nashri bilan suhbatda:

“Menimcha, Tolibonning geosiyosiy manfaatlari hozirda juda cheklangan va ularning asosiy sa’y-harakatlari Afg‘oniston bilan cheklanib turibdi. Hech bo‘lmaganda, kelgusi ikki yil davomida”, - dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblar hozirgi sharoitda postsovet Markaziy Osiyoda faol ish olib bora olmaydi. Hozir Tolibon ko‘pi bilan chegaraaro hujumlarni amalga oshirayotgan jangarilarni jimgina dastaklashi mumkin. Xeynsni Suriyadagi jangchilarning qaytib kelishi ko‘proq tashvishlantiradi.

“2000 - yillarning boshidan 2015 - yilgacha Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan chechen jangarilari haqida xabarlar bo‘lgan, ammo ular ishonchsiz ko‘rinadi. Amerika va koalitsiya kuchlar birorta chechenni qo‘lga olgani yo‘q. Ehtimol, ular Markaziy Osiyodan borgan rus tilida so‘zlashuvchi jangarilarga duchor bo‘lishgan va ularni chechenlar deb o‘ylashgan. Tolibonning Chechenistondagi ta’siri juda oz, “Al-Qoida” va “Islomiy davlat” ta’siri esa kattaroq”, - deya so‘zini davom ettirdi Xeyns.

Uning fikriga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida Chechenistonda jangarilar jonlangan. Suriyadagi to‘qnashuvlarda qatnashgan jangarilarning vataniga qayta olish-olmasligiga qarab, vaziyat yanada keskinlashishi mumkin.

“Ushbu bosqichda Rossiya va Markaziy Osiyo hukumatlari jangarilar va ularning oila a’zolarini vatanga qaytarish bo‘yicha qat’iy rejalar tuzib, ularni deradikalizatsiya dasturlaridan o‘tkazganlari ma’qul”, - deb maslahat berdi Jorj Vashington universiteti tadqiqotchisi.

Uning ta’kidlashicha, xalqaro tuzilmalardagi barcha faol islomiy guruhlar franchayzing modeli asosida ishlaydi. Bu shuni anglatadiki, tarqoq guruhlar “Al-Qoida” bilan aloqada ekanliklarini da’vo qilayotgan bo‘lsalar ham, ularning asosiy guruh bilan aloqasi cheklangan.

Siyosiy tahlilchi Andrey Serenko “Kavkaz.Realii” bilan suhbatda ayni paytda Tolibon ramzlari radikal musulmonlar orasida tobora ommalashib borayotganini aytdi. Bu holat toliblarning siyosiy va mafkuraviy ambitsiyalarining kattalashish bilan bog‘liq. Guruh tobora o‘zining an’anaviy ta’sir doirasini kengaytirib bormoqda.

“Taxminan ikki oy oldin, masalan, Suriyaning Idlib shahrida mahalliy jihodchilar toliblar bayrog‘i ostida parad uyushtirdi. May oyida, Isroil bilan Falastin o‘rtasida qurolli qarama-qarshilik avj olayotgan paytda Yevropaning bir qator shaharida namoyishga chiqqan yosh musulmonlar ham Tolibon bayroqlarini ko‘tarib chiqdi. Bunday epizodlar soni nafaqat ko‘payishi, balki zamonaviy jihodchilar harakati “toliblashishini” ham kutish mumkin”, - dedi Serenko.

Shu munosabat bilan, millionlab musulmon yashaydigan Rossiya va boshqa postsovet respublikalari oldida Tolibonning siyosiy va ramziy maqomining o‘zgarishi bilan bog‘liq qiyin davr turibdi, deb hisoblaydi siyosatshunos.

“Orasida ko‘plab chechenlar, dog‘istonliklar, tatarlar bo‘lgan “Rossiya toliblari” deb nomlanuvchi jangarilar Afg‘onistondagi jangovar harakatlarda ancha oldin nom chiqargan. Bugungi kunda postsovet yoshlar orasida toliblar brendining tobora ommalashib borishini kutishimiz kerak. Bu Tolibon bayrog‘i ostida boshqa mamlakatlarga, masalan, Afrika, Yaqin Sharq, Kashmirga “jihodga” otlanishni istaydiganlarning yangi to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin. Bundan tashqari Rossiya, Qozog‘iston va yosh musulmonlar soni ko‘p bo‘lgan boshqa ko‘plab respublikalarda Tolibon ommalashishi xavfi ham mavjud”, - dedi Serenko.

Afg‘onistondan qariyb 2,5 ming harbiyni olib chiqish shu yilning 1 - mayidan boshlandi. Iyun oyining boshida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, kontingentning yarmi allaqachon mamlakatdan olib chiqib ketilgan. Amaliyotni joriy yiling 11 - sentabriga qadar tugatish rejalashtirilgan.

Joriy yilning sentyabrida “Al-Qoida” 2001 - yil 11 - sentyabrda Nyu-Yorkdagi Butunjahon savdo markazi va Pentagonga qilgan xurujlarga 20 yil to‘ladi. Aynan shu voqealar AQSh va boshqa NATO davlatlarini Afg‘onistonga bostirib kirishga undagan edi.

XS
SM
MD
LG