Suriyalik isyonchilar lideri Ahmad ash-Sharaa “o‘tish davri hukumati” amalda bo‘lgan paytda mamlakatning yanggi prezidenti o‘laroq e’lon qilindi. Bu haqda “Al-Arabiya” telekanali va Yaqin Sharqdagi boshqa ommaviy axborot vositalari xabar qilishdi.
Muhammad al-Jo‘loniy laqabi bilan ham tanilgan Ahmad ash-Sharaa 2024- yil noyabr oyi oxiri – dekabr oyi boshlarida Bashar Asad diktaturasiga qarshi qurolli isyonga yetakchilik qilgan “Hay’at Tahrir ash-Shom” (AQSHda terror tashkiloti deb tan olingan) islomiy guruhi rahbari bo‘lib hisoblanadi. O‘sha paytda Bashar Asad hukumati ag‘darilgan, Asadning o‘zi Moskvaga qochgan va ash-Sharaa fe’lan mamlakat yangi rahbariyatining yetakchisiga aylangan edi.
Asad mamlakatdan qochganidan keyin ash-Sharaa uni qulatishda ishtirok etgan qurollangan guruhlarning barchasi tarqatib yuborilishi lozimligi, unda qatnashgan shaxslar esa davlat tuzilmalarida joy egallashi kerakligini bildirgan. Shuningdek, avvalgi armiya va xavfsizlik xizmati ham tarqatib yuborilgan. Suriyaning 2012-yilda qabul qilingan konstitutsiyasi bekor qilingan. Yangi qonunchilik o‘tish hukumati tomonidan yaratilishi kerak.
Ash-Sharaa “o‘tish davri”dan so‘ng Suriyaning doimiy hukumati saylovlar natijasida shakllantirilishi lozimligini bildirgan, biroq “o‘tish davri” qancha davom etishi mumkinligiga aniqlik kiritgan emas.
BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Geyr Pedersen o‘tgan yilning dekabr oyida Damashqqa borib, u yerda mamlakatning yangi rahbariyati bilan uchrashgan. O‘shanda u: “Yangi Suriyaning boshlanishini ko‘rishga umid bor”, deya nekbinona taxmin aytgandi.