Линклар

Шошилинч хабар
04 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:44

Ahmad Basharskiy ishi bo‘yicha mahkama yakunlandi


26-dekabr kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani sudining sudya T. Yusupov raislik qilgan mahkamasi Ahmad Basharskiy va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha o‘z hukmini o‘qidi.

Bu haqda Ozodlikka mahkamada himoyachi sifatida ishtirok etgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

Tovlamachilik, bosqinchilik, odam o‘g‘irlash, o‘qotar qurollarni qonunga xilof ravishda saqlash, jinoiy uyushma tuzish hamda tan jarohati yetkazishda ayblangan 8 nafar sudlanuvchiga hukm o‘qildi.

Muxammad Azizxon, Artur Bekirov, Bexzod Ortiqovlarga qo‘yilgan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topmadi va sud zalidan ozod qilindi. Ularning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi JKning 28-moddasi orqali 229-moddasi (O‘zboshimchalik)ka malakalanib, sudlanuvchilar qisqa muddatli axloq tuzatish ishlariga jalb qilindi.

Dilshod Qayumov va Otabek Miraxmedov aynan JKning 229-moddasi bilan 3,5 yilga qamaldi. Sirojiddin Ortikov va Sardor Akbarovga nisbatan ham o‘zboshimchalik, o‘qotar qurollarni qonunga xilof ravishda saqlash bilan ayblandi va ularning muqaddam o‘talmay qolgan jazo muddatlari mavjudligi sababli 5 yilga qadar qamoq jazolariga hukm qilindi.

Dastlabki tergovda O‘zbekiston Respublikasi JKning 25, 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilib, keyinchalik aybi badanga og‘ir tan jarohati yetkazish va zaruriy mudofaa chegarasini buzishga qaratilgan Saidaxmedxodja Magrufxodjayev (ko‘cha tilida Ahmad Basharskiy) 4 yil 11 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.

Sudlanuvchining keksaligi inobatga olinib, uning jazo muddati JKning 70-moddasiga ko‘ra, shartli qamoqqa almashtirildi.

Davlat ayblovchisi sudlanuvchilarga 16 yillik qamoq so‘ragandi

Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Narimov tomonidan imzolangan ayblov xulosasi yuzasidan davlat ayblovchisi N.Berdiqilicheva sudlanuvchilarning har biriga 16 yildan 16,5 yilgacha bo‘lgan qamoq jazolari so‘ragandi. Ahmad Basharskiyni esa 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish va sud zalidan darhol qamoqqa olishni so‘ragandi.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Muxammad Azizxon, Dilshod Qayumov, Bexzod Ortiqov, Sirojiddin Ortikov, Otabek Miraxmedov, Bekirov Artur, Sardor Akbarovlar tovlamachilik, odam o‘g‘irlash singari o‘ta qaltis jinoyatlarda ayblangan.

Ular go‘yo Ahmad Basharskiyning nevarasi Diyor Abduhakimovni o‘g‘irlab, xonadon vakillarini o‘g‘irlash, o‘ldirish maqsadida ularga tovlamachilik, bosqinchilik jinoyatlari sodir etishgan. Basharskiy “ko‘cha odamlari”dan himoyalanish maqsadida ikki nafar shaxsni otishga majbur bo‘lgan.

Sudlanuvchilarning so‘nggisi Saidaxmedxodja Magrufxodjayev (ko‘cha tilida Ahmad Basharskiy)ga nisbatan dastlab O‘zbekiston Respublikasi JKning 25, 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilib, keyinchalik badanga og‘ir tan jarohati yetkazish va himoya chegarasidan chiqish aybiga o‘zgartirilgan.

Sudlanuvchilarning 7 nafariga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, ularning 6 nafari Toshturmada, bir kishi esa maxsuslashtirilgan tibbiy qamoqxona (Sangorod)da saqlangan.

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, jinoyat ishi ochilishiga 2022-yil 8-mart kuni soat taxminan 23:00 larda 69 yashar Saidahmadxo‘ja Magrufxodjayev (Ahmad Basharskiy) o‘z uyi oldida D.Qayumov va O.Miraxmedovlarni “ISh-12” rusumli 12 kalibrli “qo‘shotar” ov quroli bilan otib tashlagani asos bo‘lgan.

(Otishma jarayoni va ikki nafar shaxsning Basharskiy o‘qiga uchragani aks etgan video lavhalar Ozodlikda e’lon qilingan).

Aslida nima bo‘lgandi?

Basharskiyning 21 yashar nevarasi Diyor Abdulhamidov 2021-yilning iyul oylarida Sirojiddin Ortikov va Otabek Miraxmedov bilan tanishib, tijorat qilish uchun ulardan bo‘lib-bo‘lib, so‘nggi yarim yil davomida jami 395 ming AQSh dollari oladi.

Ammo pulni ishlatib qo‘yib, zararga kiradi. Bundan xabar topgan bobo o‘zining Cadillac avtomobilini, hovlisini sotib, haqdorlarga beradi. Pulning bir qismi qarzligicha qolaveradi.

2022-yilning 8-mart kuni tungi soat 23:00 larda Basharskiyning nevarasiga tijorat uchun 50 ming AQSh dollari bergan D.Qayumov va O.Miraxmedov uning xonadoniga keladi.

Basharskiy esa ularni Sirojiddin Ortikovning odamlari deb o‘ylab, otib tashlaydi va o‘ta og‘ir yarador qiladi.

Sud ayblovni deyarli yo‘qqa chiqardi

Shayxontohur tumavni sudi sudlanuvchi Muxammad Azizxon, Dilshod Qayumov, Bexzod Ortiqov, Sirojiddin Ortikov, Otabek Miraxmedov, Artur Bekirov, Sardor Akbarovlarga tergov tomonidan qo‘yilgan tovlamachilik, bosqinchilik, uyushgan jinoiy guruh tuzish, odam o‘g‘irlash ayblovlarini oqladi.

Harakatlarni O‘zbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligidagi o‘zboshimchalikka malakalab, sudlanuvchilarning teng yarmini sud zalida qamoqdan ozod qildi. Aksincha, yarim jabrlanuvchi, yarim sudlanuvchi bo‘lgan Ahmad Basharskiyning o‘ziga 5 yillik qamoq belgiladi.

Sudda ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari xodimlari va huquq faollari nazarida mahkama birmuncha adolatli o‘tdi. Tomonlarning sud hukmidan noroziligi deyarli sezilmaydi.

Ammo tergov organi qo‘ygan kurakda turmas ayblov va sudlanuvchilarga tergov tomonidan qo‘llanilgan shafqatsiz qiynoqlar masalasi ochiq qolmoqda.

Sudlanuvchilarning iddaosiga ko‘ra, tergov davrida Toshkent shahar IIBB xodimlari sudlanuvchining jinsiy a’zolariga elektr toklari ulashgan. Barcha gumondorlarni muntazam qiynab, udarga doimiy ruhiy tazyiqlar o‘tkazib kelishgan. Hatto Behzod Ortiqovning 10 ta qovurg‘asini sindirishgan.

Ozodlikka taraflar hozircha yuqori instansiya sudlariga murojaat qilish niyatlari yo‘qligini bildirishdi.

XS
SM
MD
LG