O‘zbekiston uchun Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomi ko‘proq maqbul. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov 17-oktyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi ochilishida aytgan.
“Men O‘zbekistonning YOIIga a’zo bo‘lish imkoniyatini o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasiga rahbarlik qilaman. Biz ushbu tashkilotning mingdan ortiq turli hujjatini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdik va bugungi kunda YEOII huzurida kuzatuvchi maqomini saqlab qolish O‘zbekiston manfaatlariga mos keladi degan xulosaga keldik”, degan Saidov.
Spiker muovinining ta’kidicha, qo‘shni Qozog‘iston YOIIga qo‘shilishdan kam foyda ko‘rgan.
Uzoq yillardan buyon qator xalqaro tadbirlarda O‘zbekistonni tamsil etib kelayotgan Akmal Saidov mamlakat hududida xorijiy harbiy bazalar bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligini ham urg‘ulagan.
“Konstitutsiyamizning birinchi moddasida O‘zbekiston suveren davlat ekani ta’kidlangan. Agar gap qandaydir harbiy mudofaa tuzilmalari va tashkilotlariga a’zo bo‘lish haqida ketsa, biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz hech qachon o‘z yigitlarimizni (chet elga) biron-bir harbiy, shu jumladan, tinchlikparvar missiyalarni bajarish uchun yubormaymiz. Bizning hududimizda hech qanday xorijiy harbiy bazalar bo‘lmaydi”, degan u.
YOII 2014-yilda Belarus, Qozog‘iston va Rossiya ishtirokida tuzilgan. 2015-yilda unga Qirg‘iziston bilan Armaniston qo‘shilgan. O‘zbekiston va Kuba mazkur tuzilmada 2020-yilda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan.
Ekspertlar Rossiya hali xalqaro sanksiyalarga yo‘liqmaganidayoq YOIIni a’zo davlatlar uchun manfaatli emas, deb hisoblashardi. YOII faqat Rossiya foydasiga xizmat qilardi. Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng YOII mamlakatlarida ittifoqdan chiqish tarafdorlari yanada ko‘paygan.