Asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti vakolatlarini topshirdi. Bu haqda federatsiya Usmonov prezidentlikka qayta saylanganidan bir necha kun o‘tib ma’lum qildi.
Tadbirkor Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan. Federatsiya bayonotida Usmonov prezidentlikdan ketish qaroriga FIEning samarali faoliyatini ta’minlash maqsadida kelgani aytilgan. Tashkilotning ijroiya qo‘mitasi mazkur qarorni ratifikatsiya qilgan, deya xabar qildi Sports nashri.
Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyaga 2008-yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan edi. 2022-yilda u AQSH, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va yana bir necha davlat sanksiya ro‘yxatiga kiritilganidan keyin o‘z vakolatlarini to‘xtatib qo‘ygandi. Federatsiya rahbari vazifasini Emmanuel Katsiadakis bajarib turgan.
Ishdan chetlanganiga qaramay, 30-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan kongressda Alisher Usmonov o‘z lavozimiga qayta saylangan. Uning nomzodi 103 ta milliy federatsiya tomonidan ko‘rsatilgan, ovoz berishda esa uni 120 ta milliy federatsiya qo‘llagan. Saylovda rossiyalik milliarderning yagona raqibi shvetsiyalik Otto Drakenberg bo‘lgan, u 26 ta ovoz olgan. Mazkur qaror Ukraina Qilichbozlik federatsiyasi (UQF) tomonidan tanqid qilingan.
“Federatsiya vijdonga, insoniylikka yuzlanish xorijlik sport mulozimlariga hech qanaqa ta’sir ko‘rsatmasligini allaqachonoq tushungan”, deyilgan UQF bayonotida.
Katsiadakis boshqaruvi davrida Parijdagi Olimpiya o‘yinlarigacha rossiyalik qilichbozlarning hech biri neytral maqomda musobaqalarga qo‘yilgan emas. Ular 2016-yildagi o‘yinda 3 ta, 2021-yildagi o‘yinda esa 4 ta oltin medalni qo‘lga kiritishgan.