Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:42

Allaqulov yana so‘roqqa chaqirildi. U shaxsiy ma’lumotlarni tarqatganlarga chora ko‘rishni so‘ramoqda


Andijondagi 7,5 soat davom etgan so‘roq jarayoni haqida Ozodlikka Allaqulovning o‘zi ma’lum qildi
Andijondagi 7,5 soat davom etgan so‘roq jarayoni haqida Ozodlikka Allaqulovning o‘zi ma’lum qildi

Yangi tuzilayotgan “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasi tashabbus guruhi rahbari, professor Xidirnazar Allaqulov 2 - mart kuni Jinoyat kodeksining 141, prim 2-moddasi (Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida guvoh sifatida ikkinchi marta so‘roq qilingan.

Andijondagi 7,5 soat davom etgan so‘roq jarayoni haqida Ozodlikka Allaqulovning o‘zi ma’lum qildi.

U Andijon viloyat IIBsi tergovchisidan partiyaga xayrixohlarning shaxsiy ma’lumotlarini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan blogerni javobgarlikka tortishni so‘raganini aytmoqda.

“Vazirning kuyovi M. va yana bir bloger (Allaqulov vazirning va uning kuyovi ism-familiyalarini aytdi - tahr.) partiyamiz faollarining hujjatlari suratini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilibdi. Xo‘sh, ular nimaga asoslanib e’lon qilgan? Pasport egalarining rozilik xatini olganmi ular? Bu bir. Ikkinchidan, bu ikki shaxs e’lon qilgan pasportlar suratlarini qayerdan olgan? Shu savollarga javob topishingizni hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 22-moddasi talablariga binoan (22-modda. Haqiqatni aniqlash - tahr.) huquqiy baho berishingizni bu ish bo‘yicha guvoh sifatida so‘roq qilinayotgan fuqaro sifatida talab qilaman, dedim”, - dedi yangi tuzilayotgan partiya yetakchisi.

Bu Allaqulovning Andijonga ikkinchi marta chaqirilishi. 26 - fevral kuni uning Toshkentdan Andijonga mashinaga bosib olib ketilishi ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. Allaqulovning uyini qurshab olgan xodimlar u va yaqinlariga kuch ishlatgani aytilgandi.

65 yoshli Allaqulov Buloqboshi tuman IIB ga olib borilgan va 27 - fevral kech soat 10 gacha tergovchi savollariga javob bergan.

U Jinoyat kodeksining 141-moddasi prim 1-qismi (shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish)ga oid ish yuzasidan guvoh sifatida tergov qilingan.

“M.E.ga uning opasi va singlisi pasport fotonusxalarini Teleramga tashlab bergan. Lekin tergovchi bu hujjatlarni boshqa shaxslar ham e’lon qilgan, shu sababli ularning huquqlari buzilgan, deyapti”, - degan edi Allaqulov 27 - fevral kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlik 3 - martda Allaqulov aytgan M.E. - Muhammadamin Ermatov bilan bog‘landi.

"Opa-singillarimni IIBga chaqirtirib, qo‘rqitishdi"

Muhammadamin Ermatovning aytishicha, 29 - yanvar kuni partiya tashkiliy qo‘mitasi tuzilganida uning opa-singillari yig‘ilishni ijtimoiy tarmoqlardan ko‘rgan. Xayrixohlik bildirishgan. Shundan so‘ng ular Telegramimga pasport suratlarini tashlab bergan va partiya tarafdori ekanliklarini bildirishgan.

Shundan so‘ng, Muhammadamin Ermatovning aytishicha, uning qarindoshlariga bosim boshlangan:

"Oradan bir necha kun o‘tgandan keyin ularni IIBga chaqirishgan. Ularga Toshkentdagi qarindoshing, ya’ni men, davlat to‘ntarishi qilyapti degan. Buni eshitgan ayollar qo‘rqib ketgan. Voydod biz bunday partiyani bilmaymiz deyishgan. Qarindosh-urug‘ning orasida vahima bo‘lib ketgan. Men o‘sha kuniyoq kechqurun Buloqboshiga yetib bordim. Hammasi voz kechdi. Bitta singlim voz kechmadi va hatto o‘z tanlovidan voz kechmasligini bildirib, IIBda yozib bergani tushuntirish xatidan voz kechib videomurojaat yozib berdi".

Ma’lum bo‘lishicha, Muhammadamin Ermatovning singlisining videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarda 11 - fevraldayoq e’lon qilingan.

Muhammadamin Ermatovning aytishicha, avvaliga partiyani qo‘llagan, IIBga chaqirtirilganidan keyin so‘zidan qaytgan opa-singillari ro‘yxatni ko‘paytirish uchungina ismlari yozilgan oddiy uy bekalari emas. Ulardan biri, masalan, qishloq kengashi va kolxoz raisi bo‘lib ishlagan ayoldir.

"Opa-singillarimning pasport suratlarini M.M. degan odam (ism-familiyani to‘liq aytdi, Ozodlik M.M.ning o‘zidan izoh olishga ulgurmagani uchun ochiqlamayapti- tahr.) mening Telegram kanalimdan olib, Feysbukka qo‘ygan".

Muhammadamin Ermatovning aytishicha, 25 - fevralda uning Toshkentdagi uyida bir necha soat davomida tintuv o‘tkazilgan, o‘zi tintuvdan so‘ng Olmazor tuman IIBga olib borilgan, keyin esa, Andijonga olib ketilgan. Pasporti va telefonini tergovchilar olib qo‘ygan. Opa-singillarining pasport suratlari ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinishi yuzasidan ochilgan jinoyat ishi doirasida u gumonlanuvchi sifatida so‘roqqa chaqirtirilmoqda.

Javobini kutayotgan savollar

  • Nega ayollarning pasport suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib yuborgan shaxs(lar) javobgarlikka tortilmay, suratlarni Telegramidan o‘g‘irlatganini aytayotgan, boz ustiga o‘sha suratlar taalluqli bo‘lgan ayollarning qarindoshi javobgarlikka tortilyapti?
  • Suratlar Muhammadamin Ermatovning Telegramidan o‘g‘irlangan bo‘lsa, ularni ijtimoiy tarmoqlarda boshqa shaxs(lar) e’lon qilgan bo‘lsa, bu ishga Xidirnazar Allaqulovning nima aloqasi bor?

Ozodlik Andijon IIB sidan hozircha bu savollarga javob ololmadi.

Umidlar so‘nmoqda

The Diplomat nashri 2 - mart kuni Xidirnazar Allaqulov atrofidagi vaziyatga doir maqola chop etdi. Nashrning yozishicha, hokimiyatning muxolif siyosatchiga nisbatan munosabati O‘zbekistonda adolatli saylovlarga bo‘lgan umidni so‘ndirmoqda.

"Xabarlarga qaraganda, o‘tgan dam olish kunlari O‘zbekistonda muxolifatchi siyosatchi qo‘lga olingan va uning rasmiy qayddan o‘tkazilmagan partiyasining qurultoyini o‘tkazish rejasi barbod bo‘lgan. Bu voqea joriy yil oxirida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston prezidenti saylovi erkin va adolatli bo‘lishiga nisbatan zaif umidni yanada kuchsizlantiradi", deb yozdi nashr.

Natijasi hozirdanoq ma’lum saylov

Aftidan, rasmiy Toshkent uchun joriy yil oktabrida bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida kim g‘alaba qilishi hozirdanoq kunday ravshan.

TASS axborot agentligining xabar qilishicha, 2 - mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan o‘tkazgan so‘zlashuvlari chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga bo‘lajak tashrifi haqida gapirarkan, "tashrif saylovlardan oldin yoki keyin" amalga oshishi mumkinligini aytgan.

“Albatta, ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi eng muhim masala (O‘zbekiston prezidentining Rossiya Federatsiyasiga - TASS izohi) tashrifdir. Biz o‘zaro uchrashuvlar, to‘laqonli tashrif bo‘lishini istardik. Bu masalani yana ko‘rib chiqamiz va sizlar bilan maslahatlashamiz. Ustiga ustak, oktabrda prezident saylovi o‘tishi kerak. Agar ungacha (tashrifni uyushtirishga – TASS izohi.) ulgurmasak, saylov o‘tishi bilanoq birinchi tashrifni amalga oshirishni taklif qilamiz”.

Amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil oktabridagi saylovlar bilan bog‘liq rejalarini e’lon qilmagan.

Ammo ko‘pchilik uning ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘yishi va g‘alaba qilishiga shubha qilmaydi.

XS
SM
MD
LG