Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:36

Alsu Kurmashevaning hibs muddati 5-iyungacha uzaytirildi


Jurnalist Alsu Kurmasheva Qozon shahridagi sud majlisida, 2024-yil 1-apreli
Jurnalist Alsu Kurmasheva Qozon shahridagi sud majlisida, 2024-yil 1-apreli

Rossiyadagi sud 1-aprel kuni Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi (RFE/RL) jurnalisti Alsu Kurmashevaning hibsda qolish muddatini 5-iyungacha uzaytirish haqida qaror chiqardi, deya xabar qildi Ozodlikning tatar-boshqird xizmati.

Qozonning Sovet tuman sudi advokatlarning Kurmashevaga nisbatan ehtiyot chorasini uy qamog‘iga almashtirish bo‘yicha iltimosnomasini ham rad etgan.

Sud avvalida Kurmasheva jurnalistlarga o‘zini “jismoniy jihatdan yaxshi his qilmayotganini, hibsxonadagi sharoit esa “juda yomon” ekanini bildirgan.

Kurmasheva unga “minimal” darajada tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini, kameradagi sharoit o‘ta ibtidoiy ekanini, masalan, unitaz o‘rnida polda teshik ochilgani va o‘sha teshik hojatxona vazifasini o‘tashini aytgan.

“Kommersant” nashri xabariga ko‘ra, sudda AQSH bosh konsuli Styuart Uilson ishtirok etgan.

47 yoshli Alsu Kurmasheva o‘tgan yilning oktabr oyida Qozon shahrida hibsga olingan. Jurnalist ayol Rossiyaning jurnalistlar, fuqarolik jamiyati faollari va boshqa shaxslarni jazolashga yo‘naltirilgan qonuniga muvofiq xorijiy agent sifatida ro‘yxatdan o‘tishdan bosh tortganlikda ayblangan. Unga Rossiya armiyasi haqida “feyk” (yolg‘on ma’lumot) tarqatganlik ayblovi ham qo‘yilgan. Bu ayblov sudda isbotini topgan taqdirda, Kurmasheva 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

RFE/RL va AQSH hukumati mazkur ayblovlar Kurmashevaning Pragadagi jurnalistik faoliyati uchun qatag‘on usuli ekanini bildirib keladi. Ozodlik tatar-boshqird xizmatining Pragadagi qarorgohida jurnalist bo‘lib ishlaydigan Alsu Kurmasheva Tataristonga qari onasini ziyorat qilib, unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish uchun borgan edi. U dastavval 2023-yilning 2-iyun kuni Chexiyaga qaytayotganda Qozon aeroportida ushlab qolingan, o‘sha yerda uning AQSH va Rossiya pasportlari olib qo‘yilgan.

Ko‘plab tanqidchilar va huquqbonlik tashkilotlari xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonundan Kreml har qanaqa o‘zgacha fikrlilikni bostirish yo‘lida foydalanayotganini iddao qilib kelishadi. Shuningdek, Moskva AQSH fuqarolarini Qo‘shma Shtatlar qamoqxonalarida o‘tirgan rossiyaliklarga almashtirish uchun qo‘lga olayotganlikda ayblanadi.

Joriy yilning 23-fevral kuni matbuot erkinligi ishiga qo‘shgan hissasi uchun Alsu Kurmasheva YUNЕSKOning Gilermo Kano mukofotiga nomzod o‘laroq ko‘rsatilgan.

1997-yilda ta’sis etilgan mazkur mukofot o‘zi duch kelayotgan “xavf-xatar va ta’qib”ga qaramay, butun dunyoda matbuot erkinligini himoya qilish va olg‘a surishga ulkan hissa qo‘shgan kishi yoki guruhlarga berib kelinadi.

XS
SM
MD
LG