Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2021, Тошкент вақти: 16:09

Amerika orzusiga yo‘l. Minglab tojikistonliklar grin-karta yutishga umid qilmoqda


AQSh Davlat departamenti grin-karta lotereyasida ishtirok etish uchun arizalar qabul qilish boshlanganini e’lon qilganiga ikki haftadan oshdi, ammo hujjatlarni rasmiylashtirish bilan shug‘ullanuvchi Dushanbedagi savdo shoxobchalari hamon gavjum.

Ishsizlik yoki maosh kamligidan qiynalib ketgan yuzlab tojikistonliklar “imkoniyatlar mamlakati”ga borish uchun omadini sinab ko‘rishni xohlaydi.

Umidvorlar va noumidlar

Ozodlikning tojik xizmati muxbiri grin-karta olish uchun hujjatlarni tayyorlab beruvchi markazlardan birida bo‘lib, Amerikaga ketishga talabgorlar bilan gaplashdi.

Eraj Qayumov ismli dushanbelik yosh yigit ikkinchi marta grin-karta o‘ynamoqchi.

“Hujjatlarni topshirdim, hozir ariza to‘ldirishyapti. O‘tgan yili omadim chopmagandi, bu yil nasib etadi, deb umid qilyapman”, deydi u.

Ozodlikning boshqa aksar suhbatdoshlari ham o‘tgan yillarda lotereyada yuta olishmagan bo‘lsa-da, umidlari so‘nmaganini aytishadi. Ammo ular orasida lotereyadan hafsalasi pir bo‘lganlar ham bor. Dushanbe turg‘uni Umar Tavakkalov ketma-ket uch yil ariza berib, o‘ta olmaganidan noliydi.

“Qiziqishim so‘ndi. To‘g‘ri, ayrimlar yutyapti, lekin ular qanday o‘tganini, umuman, tanlov tizimi qanaqaligini sira tushuna olmadim”, deydi u.

Lotereyada qatnashishni xohlovchilardan ayrimlari Amerika vizasini olishda juda qiynalishganini, grin-karta esa “imkoniyatlar mamlakati”ga borish uchun juda qulay vosita ekanini aytishadi.

Grin-karta uchun hujjatlarni to‘ldirib berish bilan shug‘ullanuvchi xususiy markaz xodimasi Mavluda Rustamovaga ko‘ra, ariza berishni istovchilar soni o‘tgan yillarga nisbatan oshgan.

“O‘tgan yillar bilan taqqoslaganda, odamlar ko‘proq narsadan xabardor yoki chet mamlakatlarga ketishga qiziqish kuchaygan bo‘lishi mumkin”, mulohaza qiladi u.

Pandemiya qiyinchilik tug‘dirdi, ammo yo‘llar taqa-taq berk emas

Grin-kartaga arizani har kim mustaqil va ortiqcha xarajatsiz to‘ldirishi mumkin. Ammo ko‘pchilik ingliz tilini va anketa to‘ldirish qoidalarini bilmagani sababli shunaqa xizmatlar ko‘rsatuvchi markazlarga murojaat qiladi. Talabgorlar ko‘pligi uchun markazlarda ish “qaynamoqda”. Anketa to‘ldirib berish bahosi esa bir kishi uchun 50 somoniyni, bir oila uchun esa 100 somoniyni tashkil qiladi.

Ikki hafta oldin AQShning Dushanbedagi elchixonasi grin-karta lotereyasida ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilish boshlanganini e’lon qilarkan, arizalarni topshirish muddati 9 - noyabrgacha ekanini bildirdi. Biroq elchixona lotereya g‘oliblari pandemiya sharoitida AQShga qanday qilib kirishi yuzasidan aniq bir tushuntirish bergan emas.

Vaziyatdan yaxshi xabardor ayrim kishilarga ko‘ra, pandemiya safar uchun viza rasmiylashtirish bilan bog‘liq mushkulotlarni yaratgan, ammo barcha yo‘llar taqa-taq berk emas. AQShda istiqomat qiluvchi tojik blogeri Parviz Niyozov grin-karta dasturi bilan bog‘liq o‘zgarishlarni muntazam kuzatib, hujjatlarni rasmiylashtirishdagi yangiliklardan yurtdoshlarini voqif qilib turadi.

“Tabiiyki, pandemiyaning grin-karta g‘oliblariga zarari tegdi. O‘tgan yili yutganlar o‘z pochtalarini tez-tez tekshirib turishlari kerak. Elchixona istalgan vaqtda xat jo‘natishi mumkin. Hozirda sud qarorini kutayotgan “jabrdiydalar” juda ko‘p”, deydi u Ozodlik bilan suhbatda.

Keksa talabgorlar soni ortgan

Tojikistonlik grin-karta talabgorlarining aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Ammo, grin-karta hujjatlarini rasmiylashtirish markazida anchadan beri ishlayotgan Farruh Alizodaning Ozodlikka aytishicha, hozirda lotereyada qatnashish uchun ariza berayotgan keksa yoshlilar soni ortgan.

“Ilgari bu yopiq lotereya deb o‘ylashardi. Lekin hozir bunaqa emasligini ko‘rishyapti, dastur ochiq, shaffof, shu bois keksa yoshlilar orasida unga ishonch ortib bormoqda va, shunga yarasha, katta yoshli talabgorlar ham ko‘paydi”, deydi u.

O‘tgan yillarda OAV xabarlarida Tojikistondan har yili 700 ga yaqin kishi grin-karta lotereyasida g‘olib chiqishi aytilardi. Biroq yaqinda Kentukki Konsullik markazi AQShda yashashga va ishlashga ruxsatnoma berilgan tojikistonliklar soni 2332 kishini tashkil etishini ma’lum qildi.

Ekspertlar fikricha, munosib ish o‘rinlari yo‘qligi va past ijtimoiy ta’minot Tojikiston fuqarolarini grin-karta singari dasturlardan foydalanishga undamoqda. Ayni chog‘da, allaqachon Amerikaga ko‘chib borganlar ham ushbu mamlakatda hayot unchalik oson emasligini aytadilar.

XS
SM
MD
LG