Линклар

Шошилинч хабар
22 сентябр 2021, Тошкент вақти: 17:27

Amerikalik investorlar Toshkent shahar hokimini "reyderlik bosqini"da ayblamoqda


Altmark sexlarini buzishga yo‘l patrul xizmatidan to hokimiyat vakillariga qadar kamida 30 odam tashlangan

10 - avgust kuni Altromark xorijiy shirkatining Toshkent shahar Yashnobod tumanida joylashgan ishlab chiqarish sexlariga buldozerlar tashlandi.

1991 - yildan to 2018 - yilga qadar nogironlar aravachasidan tortib metal uychalarga qadar turli-tuman konstruksiyalar ishlab chiqargan Altromark sexlari joylashgan 3 gektarlik yer maydonining taqdiri uch yildan buyon sud mahkamalarida ko‘riladi.

Joriy yil 3 - mart kuni Tumanlararo Toshkent ma’muriy sudi shirkatning Ohangrabo ko‘chasi 12A manzilida joylashgan sexlarini buzishni taqiqlash haqida qaror chiqargan.

Ayni paytda O‘zbekiston Oliy sudi shu yil aprelida Altromark xodimlarini hududdan chiqarish haqida qaror chiqargan.

Xodimlarni hududdan chiqarish emas¸ balki shirkat mulkini buzib tashlash¸ Altromarkning Oliy sud qarori ustidan bergan apellyatsiyasi hali ko‘rib chiqilayotgan bir paytda amalga oshirildi.

Voqeani “misli ko‘rilmagan bedodlik va reyderlik bosqini” deb baholagan shirkat mulkdorlari uning ortida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev turganini iddao qilmoqda.

10 - avgust kungi “bosqin”

10 - avgust kuni Amerikalik investorlar 1991 - yilda asos solgan Altromark shirkatining Toshkent shahar Yashnobod tuman Ohangrabo ko‘chasida joylashgan ikki qavatli ishlab chiqarish sexlarini buzish boshlandi.

3 - avgust kuni ayni muddao bilan kelgan MIB xodimlari buzish haqidagi sud qarorini taqdim qila olmagani ortidan sexlarni buzishga botinmay, ortga qaytgan edi.

Altromark mas’uliyati cheklangan jamiyat -xorijiy korxona (MChJ XK) direktori Sergey Aleksandrovga ko‘ra¸ 10 - avgust kuni Toshkent shahar hokimligi¸ MIB va IIV xodimlari ishtirokida tadbirkor mulkiga ochiq tajovuz boshlangan.

11 - avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda Aleksandrov bu voqeani “misli ko‘rilmagan bedodlik va reyderlik bosqini” deb atadi.

- Hokimiyat bilan oramizda qonunda ko‘zda tutilgan biror-bir yozma kelishuv yo‘q! Bunday kelishuv mulkimizni buzish evaziga unga teng qiymatdagi yer ajratish¸ buzishdan va ishlab chiqarish to‘xtatilganidan keyin yetkazilgan moliyaviy zararni to‘liq qoplash¸ ko‘chish xarajatlari kabi jihatlarni o‘z ichiga olishi va notarial idora tasdig‘idan o‘tishi shart. Ana shundan so‘ng kimdir o‘z zimmasiga olgan shartni bajarmasa¸ shu asosda sudlashish mumkin. Bunday hujjat esa¸ mutlaqo yo‘q!

Sergey Aleksandrov Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev¸ shuningdek Yashnobod tuman hokimi qariyb uch yildan beri muammoni hal qilish haqida quruq gapdan nariga o‘tmay kelganini aytadi.

- Bizning shirkat 3 gektar yerda joylashgan. Undan faqat 1.2 gektarinigina metro qurilishi uchun olib qo‘yish haqida sud qarori bor. Bular qolganini ham qo‘shib¸ tortib olmoqchi. Hozir Yashnobod hududidagi 3 gektar yer bahosining o‘zigina 6 million dollardan oshiq turadi. Shuncha qimmat yer o‘rniga Toshkent hokimligi viloyat chekkasidan uzuq-yuluq yer berishni taklif qildi. Tabiiyki¸ biz bunga ko‘nmadik¸- deydi Aleksandrov.

Mazkur hududda biznes qilayotgan tadbirkorlar huquqini himoya qilgan taniqli advokat Sergey Mayorov Oliy sud va boshqa instansiya sudlarni hokimiyat bosimi ostida noqonuniy qaror chiqarganlikda aybladi.

Agar davlat va jamiyat ehtiyoji uchun zarur bo‘lsa¸ Altromark o‘z hududini davlatga berishi kerak. Ammo yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibiga oid 911-qaror bor. O‘z hududidan ko‘chiriladigan biznes tizimlarga risoladagiday kompensatsiya to‘lanishi lozim. Ammo Altromarkka bunday kompensatsiya berilgani yo‘q”¸ dedi Mayorov Novosti Uzbekistana nashriga.

Altromark MChJ XK 2018 - yilda ishlab chiqarish tsexlari joylashgan hudud buzilishga berilganidan beri hokimiyat bilan sudlashib kelmoqda.

2020 - yil avgustida Ozodlik amerikalik investorlarning bu jarayondan ko‘zlayotgan yagona maqsadi qonunda ko‘rsatilgan tartibda kompensatsiya to‘lanishiga erishish ekani haqida yozgan edi.

Oradan bir yil o‘tib¸ Toshkent shahar hokimligi muammoga huquqiy yechim topish o‘rniga¸ advokat Mayorov va tadbirkor ta’kidicha¸ noqonuniy¸ agressiya yo‘liga o‘tdi.

O‘zbekistondagi Akfa/Artel biznes korporatsiyalari egasi bo‘lgan Toshkent shahar hokimi o‘zini tadbirkorlar himoyachisi sifatida taqdim etib keladi.

Ayni paytda Ozodlik va boshqa mustaqil tadqiqotchilar o‘tkazgan surishtiruvlar Jahongir Ortiqxo‘jayevning poytaxt Toshkent va uning atrofidagi yerlarni turli bahonalar bilan o‘ziga aloqador kompaniyalarga olib berayotganini ko‘rsatmoqda.

Ortiqxo‘jayevning hokim sifatida amalga oshirayotgan manfaatlar to‘qnashuviga O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi kurashga vakolatli tizimlar biror munosabat bildirmay kelayotir.

Jahongir Ortiqxo‘jayev prezident Shavkat Mirziyoyev va uning oilasiga eng yaqin hokimlardan biri ekani aytiladi.

O‘zbekistondagi yirik biznes imperiya egasini O‘zbekiston poytaxtiga hokim qilib tayinlash g‘oyasi shaxsan Mirziyoyevdan chiqqan. 2018 - yil mayida prezident Mirziyoyev Ortiqxo‘jayevni "tadbirkordan chiqqan va Toshkentni yirik biznes markaziga aylantirishga layoqatli" rahbar sifatida taqdim qilgan edi.

XS
SM
MD
LG