Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2024, Тошкент вақти: 12:43

Amnesty International Qozog‘iston hukumatini inson huquqlarini hurmat qilishga chaqirdi


Qozog‘istonda 2 - yanvar kuni yonilg‘i narxining ikki baravarga oshishiga qarshi norozilikdan boshlangan  ommaviy  namoyishlarga aloqador 10 mingdan ortiq odam qo‘lga olingan.
Qozog‘istonda 2 - yanvar kuni yonilg‘i narxining ikki baravarga oshishiga qarshi norozilikdan boshlangan  ommaviy  namoyishlarga aloqador 10 mingdan ortiq odam qo‘lga olingan.

Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Qozog‘iston hukumatini mamlakat bo‘ylab ommaviy namoyishlarni yoritgani uchun o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan jurnalist va faollarni ozod qilishga chaqirdi.

Tashkilot shuningdek, Qozog‘iston namoyish bilan bog‘liq barcha hibsga olishlar haqida to‘liq ma’lumot berishi hamda barcha mahbuslarning inson huquqlarini himoya qilishi kerakligini aytmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda 2 - yanvar kuni yonilg‘i narxining ikki baravarga oshishiga qarshi norozilikdan boshlangan ommaviy namoyishlarga aloqador 10 mingdan ortiq odam qo‘lga olingan.

Tashkilot 12 - yanvar kuni e’lon qilgan bildiruvda Qozog‘istonda so‘ngi haftada ko‘plab odam xalqaro qonunchilikda ko‘rsatilgan jinoyatga qo‘l urmagan bo‘lishiga qaramay qo‘lga olingani, ular zudlik bilan ozodlikka chiqarilishi kerakligi aytiladi.

Shuningdek, Amnesty International barcha inson huquqlari buzilgan holatlarni, jumladan, xavfsizlik kuchlari sodir etgan qonunbuzarliklarni tergov qilishga chaqirdi.

Tashkilotning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Mari Struters:

«Qozog‘istonda vaziyat tinchlangandek ko‘rinsa-da, inqiroz hali o‘z yakuniga yetgani yo‘q. Hozir erkin mustaqil ma’lumot olish, sodir bo‘lgan voqealar uchun to‘liq javobgarlik va bundan nari inson huquqlarini hurmat qilish majburiyatdan muhimroq narsa yo‘q», deb aytdi.

Yanvar voqealari qurbonlarining aniq soni ochiqlangani yo‘q. Avvalroq hukumatga aloqador Telegram-kanalda 164 kishi o‘lgani ma’lum qilingandi, ammo keyin texnik xatoga yo‘yilib, ushbu ma’lumotga raddiya berildi.

«Hukumat tartibsizliklar qurbonlari soni va o‘lim holatlari borasida sukut saqlayotgani kishini g‘azablantiradi. Nobud bo‘lgan fuqarolar haqida ma’lumot zudlik bilan oshkor etilishi kerak», dedi Struters.

Namoyishlar boshlanib ketganidan keyin Qozog‘iston rasmiylari besh kun davomida Internetni o‘chirib qo‘yib, mobil aloqani chekladi.

11 - yanvar kuni BMTning inson huquqlari bo‘yicha mutaxassislari Qozog‘istonda norozilarga nisbatan «haddan tashqari» kuch qo‘llanilganini va bunda «odam o‘limiga sabab bo‘luvchi qurollardan foydalanilgani»ni keskin qoraladi.

Mutaxassislar xalqaro hamjamiyatni mazkur hodisani mustaqil tergov qilish uchun imkoniyat yaratishga chaqirmoqda.

BMT maxsus hisobotchisi Fionnuala Ni Aolain o‘z bayonotida norozilar, faollar, huquqbonlar, jurnalistlar va siyosiy partiyalar vakillariga nisbatan keng ma’noda «terrorchi» atamasining qo‘llanilishi «jamiyatda qo‘rquv muhitini yaratishga qaratilgan bo‘lishi mumkin»ligidan tashvish bildirdi.

Amnesty International Qozog‘iston rasmiylari jurnalistlar va inson huquqlari faollarini tartibsizlik keltirib chiqarishda asossiz ayblayotganidan xavotirda ekanini aytmoqda.

«Namoyishlarda qatnashgani uchun o‘zboshimchalik bilan hibsga olinganlarning barchasi zudlik bilan ozodlikka chiqarilishi kerak. Zo‘ravonlik uchun xalqaro miqyosda tan olingan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan namoyishchilar esa, xalqaro inson huquqlari qonunchiligiga muvofiq adolatli sud qilinishi zarur. Ayni damda, mansabdor shaxslar qo‘pol munosabatda bo‘lgani haqidagi barcha xabarlar samarali tekshirilishi va aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak», dedi Struters.

XS
SM
MD
LG