Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 04:45

“Andijon amiri”. Hokimning kelishiga savdogarlarning bir qismi bozordan quvildi


Bozordagi yoymachilarning aksariyati ko‘p bolali ayollar ekani aytiladi.
Bozordagi yoymachilarning aksariyati ko‘p bolali ayollar ekani aytiladi.

Andijon viloyatining Asaka tumanida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov kelishiga dehqon bozori oldidan yoymachi savdogarlar quvib solingan.

Guvohlarga ko‘ra, qarshilik qilganlarni ichki ishlar xodimlari mashinaga bosib olib ketgan.

Non sotuvchi ayolning Ozodlikka aytishicha, bozor yonida qurilgan “Globus” ko‘ngilochar savdo markazi ochilishiga 4-may kuni “viloyat hokimi keladi”, degan vaj bilan bozor ma’muriyati bir kun oldin hamma savdogarlarni bozor hududini tark etishi lozimligi haqida ogohlantirgan.

“Kechadan beri bozorni yo‘llarini to‘sishib, bozorchilarni hammasini militsiya, PPS (Yo‘l-patrul xizmatig‘ tahr.) bilan yurishib, haydadi. Ayrimlarini mashinaga bosib olib ketdi. Uch kun savdo bo‘lmaydi, shaxsan viloyat hokimi keladi, deyishib hamma yoqni tozalashdi. Hokim kelsa, haligi besh qavatli “Globus" markazi katta bo‘lib ko‘rinib turishi kerak ekan”, - deydi ismi ochiqlanishini istamagan non sotuvchi ayol.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa bir savdogar bozor ma’muriyatining ko‘zbo‘yamachiligi ham tadbirkorlar, ham davlat zarariga bo‘layotganini aytadi.

“Mana bugun savdogarlarni chiqartirishmadi. Bularga baribir, tirikchilik qilayotgan ayollarni ko‘kati qurib, qulupnayi chirib ketmaydimi, hokimni kelishi muhim. Lekin bozor ham, davlat ham tushumdan quruq qolyapti. Kuniga 20 ming so‘m patta puli to‘laymiz. Aravalarda yurib savdo qiladiganlar bor. Katta aravalarda olma savdo qiladiganlar hammasini yig‘ishtirvordi. Ular ham kuniga 20 ming so‘m patta to‘laydi. Bola-chaqani boqaman, deb yurgan yolg‘iz ayollar ko‘pchiligi. Non, ko‘kat, bodring, meva sotadi, Hisoblang, 20 ming so‘mdan patta 200ta odamdan, necha pul oladi? Aravalar bor kamida 100ta, ular ham 20 mingdan pul beradi. Bitta hokimni kelishi deb bozor ham foydadan qolyapti, savdogarlar ham”, - deydi o‘zini ko‘kat sotuvchi deb tanishtirgan ayollardan biri.

Ҳоким келишига Асака деҳқон бозоридан ёймачилар қувилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:25 0:00

“Tartib bo‘lishi kerak”

Asaka tumani dehqon bozori boshlig‘i Shuhrat Shokirjonov Ozodlik bilan suhbatda voqeani sharhlar ekan, “noqonuniy savdo-sotiq faoliyati bilan shug‘ullanadigan yoymachi savdogarlar"ning bozor oldidan haydalganini tasdiqladi.

Lekin bozorchilarga kuch qo‘llanilgani, ayrimlari militsiya bo‘limiga olib ketilgani haqidagi iddaolarni rad qildi.

“Globus" ochildi. Hokim keldi. Bular bozorni oldida turishardi-da, yoymachilar bular, kelsangiz ko‘rasiz, axlatxona qilib tashlagan. Chiroyli qilib tushuntirdik ularga, “mana prilavka, sot, deyapmiz”. Bular odam ko‘p to‘planadigan bozorni oldiga to‘planaverishadi. Tartib bo‘lishi kerak-da. Prilavkada turaman, deganini chiroyli qilib joyladik. Prilavkada turmaymiz, deganlarga bozorni orqa tomoniga o‘tinglar, desak ko‘nishmadi. Militsiya olib ketgan, degani g‘irt yolg‘on. Chiroyli qilib tushuntirildi. Yangi savdo markaz qurilib, zo‘r bo‘lib qoldi, ko‘rgan odam “qurdirganni otasiga rahmat” deyapti. Gullar ekilgan “bo‘lar ekanu deyapti” hamma”, - deydi bozor rahbari.

Asaka dehqon bozori Andijon viloyatidagi eng katta bozorlardan. Bozori ichkarisi va tashqarisida non va boshqa uyda tayyorlanadigan pishiriq hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotish orqali yuzlab ishsiz ayol tirikchilik qiladi.

Bozorda go‘sht sotadigan Hayotullaning aytishicha, bozordagi yoymachilarning aksariyati ko‘p bolali ayollardir.

- Prilavkada turib non yoki ko‘kat sotish o‘zini oqlamaydi. Go‘sht sotsa bo‘ladi prilavkada, lekin non, ko‘kat sotib katta foyda ko‘rib bo‘lmaydi. Non, ko‘kat azaldan yoyma qilib sotilgan, - deydi Hayotulla.

Andijon Amiri

Ikki hukumat davrida ham hokimlik kursisini saqlab qolayotgan Andijon viloyati rahbari Shuhrat Abdurahmonovning boshqaruv uslubi mahalliy jurnalist va blogerlarning tanqidlarga sabab bo‘lib keladi.

Marhamat tumanidagi maktabda o‘tkazilgan uzrxohlik marosimi, viloyatdagi maktab o‘quvchilariga hokimni ulug‘lovchi “Biling, siz Andijonsiz! Andijon esa – Sizsiz!” mazmunidagi she’rlarning yodlatilishi va aholini har kuni “Andijon polkasi”ga raqsga tushish haqidagi buyrug‘i ortidan Abdurahmonov “Shuhrat arqadag‘”, “Andijon Amiri” singari laqablarni olgan.

Joriy yil boshida viloyatdagi shifoxonalardan biriga tashrif buyurgan Abdurahmonovni hamshiralar unga atalgan she’r bilan kutib olgandi.

Andijonlik shifokor va bloger Otabek Ahliddinov fikricha, hokim Shuhrat Abdurahmonovning maqsadi lavozimida uzoq qolish.

“Go‘yoki Andijonning amiriman, deb ko‘rsatishga harakat qilyapti. U mendan boshqa odam Andijonni ushlab turolmaydi, degan ma’noda o‘ziga bino qo‘yyapti. Kerak bo‘lsa, Andijonni o‘ynatvoraman, degan mujda beryapti prezidentga. O‘zini manmansirab shu daraja qilyaptiki, prezident Andijonga bundan boshqa odamni loyiq topmasin”, - deydi Ahliddinov.

OzodNazar: “Андижон полкаси” вилоятдаги вазият ташҳисими?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:32:44 0:00

O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati Rasul Kusherbayev esa Andijon hokimini fuqarolarga nisbatan feodal boshqaruv usulini qo‘llashda ayblagan.

Kusherbayev, shuningdek, Abdurahmonovni Andijonning “hokimi mutlaq”i deb atagan, o‘tmishda o‘zi mansub bo‘lgan kommunistik tuzum boshqaruvidan uzoqqa keta olmagani uchun tanqid qilgandi.

Bundan oldin Andijon viloyati hokimiga tegishli ekani aytilgan bir qancha audioyozuvlar ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Andijon viloyati hokimining matbuot xizmati mahalliy jurnalistlar va blogerlarning Abdurahmonov boshqaruv uslubi bilan bog‘liq tanqidlarni rad etib keladi.

Shuhrat Abdurahmonov 2013-yildan buyon Andijon viloyat hokimi va Senat a’zosidir.

XS
SM
MD
LG