Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:31

Andijonda Mirziyoyevning kutilgan va kutilmagan tashrifiga hozirlik: O‘qituvchilar devor oqlamoqda


Andijonda Prezident Shavkat Mirziyoyev kelishiga tayyorgarlik. Andijon viloyati, Paxtaobod tumani.
Andijonda Prezident Shavkat Mirziyoyev kelishiga tayyorgarlik. Andijon viloyati, Paxtaobod tumani.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning mahallalarga kutilmagan tashriflari ortidan butun mamlakat bo‘ylab qoloq mahallalarni obodonlashtirishga kirishildi.

Prezident tashrifi kutilayotgan Andijon viloyatida davlat rahbari borishi mumkin bo‘lgan shahar va qishloqlarda yo‘llarga asfalt bosilib, devorlar oqlanmoqda.

Mahalla faollarining aytishicha, bu ishlar viloyat hokimining topshirig‘i bilan “homiylar” deb ataluvchi davlat muassasalari, banklar, tadbirkorlar zimmasiga yuklangan.

Ba’zi tumanlarda devorlarni oqlashga davlat idoralari xodimlari ham safarbar etilgani aytiladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijonga safari aniq sanasi rasman e’lon qilinmagan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Mirziyoyevning Andijonga hozircha sanasi e’lon qilinmagan tashrifi chog‘ida chegara viloyatida Qirg‘iziston hukumat hay’ati bilan muzokaralar ham rejalangan.

11-12 - mart kunlari Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrif buyurishi ma’lum, ammo Andijonda o‘tadigan muzokaralar borasida hozircha rasmiy xabar yo‘q.

Andijonda Prezident Shavkat Mirziyoyev kelishiga tayyorgarlik. Andijon viloyati, Paxtaobod tumani.
Andijonda Prezident Shavkat Mirziyoyev kelishiga tayyorgarlik. Andijon viloyati, Paxtaobod tumani.

“Suvoq yo‘q, usti oqlanyapti xolos”

Ozodlik bilan suhbatda ta’lim sohasi xodimlari o‘z ishlari qolib¸ odamlarning uylari devorlarini oqlashga majburlanayotganliklarini aytishdi.

Ozodlikka yo‘llangan suratlarda ko‘chalarni tozalab-supurayotgan, uylarning darvoza-eshiklarini bo‘yayotgan odamlar aks etgan.

“Paxtaobod tumani Madaniyat qishlog‘ida maktablar devorlari ham oqlanyapti. maktab xodimlarini olib chiqib ish qildiryapti. 11, 45- maktabda ham ta’lim sohasi xodimlarini ham hashar qildiryapti. Prezident qo‘shni Qirg‘izistondan keladigan delegatsiya bilan bizning qishloqda uchrashar ekan. Shunga tuman hokimi hammani oyoqqa turg‘izgan, lekin ishlarning hammasi nomiga bo‘lyapti. Suvoq yo‘q. Usti oqlanyapti, xolos. Sharmandalik. Hozir mana yomg‘ir yog‘yapti, ertaga rasvo bo‘ladi”, - deydi Andijonning Paxtaobod tumani xalq ta’limi sohasi xodimlaridan biri.

Bu iddao yuzasidan izoh olish uchun Andijon viloyati amda Paxtaobod tumani hokimligiga bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Andijon shahrida ham uylarni oqlash “hokmiy”lar zimmasiga yuklangani aytilmoqda.

Ismi sir qolishini istagan mahalla faolining aytishicha, homiylar orasida bank bo‘limlari va davlat muassasalari ham bor.

“Navoiy bog‘ini orqasidagi mahallalar banklarga bo‘lib berildi. Ipoteka bank oltita uyni homiylikka oldi. Har bitta uyga bank 3 million so‘mdan ajratgan. U pulga tashqaridan ohaklab beryapti, xolos.. Faqat tashqarisini. Sal nariroqda “tojik mahalla” bor. Xaroba joy. U yerdagi uylarni oqlash Eski shahar dehqon bozori ma’muriyati zimmasiga yuklatildi. Prezident xohlagan ko‘chaga kirib kelishi mumkin ekan-da. Kelishidan oldin odamlarini yuborib xaroba joylarni topdirib, o‘sha yerga kirib borar ekan. Shunga qayerda oqlanmagan devor bo‘lsa oqlanyapti”, - deydi mahalla faoli.

Prezidentning kutilmagan tashriflari

Prezidentining viloyatlarga safari chog‘ida mahallalarga kutilmagan tashriflari oxirgi paytlarda an’ana tusini olmoqda.

Bunday tashriflarning so‘nggisi o‘tgan oy Namangan viloyatida sodir bo‘ldi.

Viloyatga safari chog‘ida Shavkat Mirziyoyev kutilmaganda Namangan shahridagi "Bunyodkor" mahallasiga kirib bordi.

Bu yerda Mirziyoyev atrof obodonlashtirilmagani, mahalla idorasining o‘zi ham xarobligi, bino orqasida chiqindilar yotganini tanqid qildi.

"Qachon odamlarning dardi bilan yashaysizlar? Isayev, qancha vaqt bo‘ldi hokim bo‘lganingga? Hech bo‘lmasa devorlarni oqlatib, hovlilarni tozalatib qo‘ysang bo‘lardi-ku? Men Farg‘onaga borganimda xulosa chiqarmadinglarmi?? Farg‘onaga borganimni ko‘rmadingmi, oqlab qo‘ysang bo‘ladiku, hech bo‘lmaganda", - deya Namangan shahri hokimi, shahar prokurori va mahalla raisiga tanbeh berdi Mirziyoyev.

Prezidentning ushbu tashrifi ortidan safarbarlik e’lon qilindi va Bunyodkor mahallasi idorasi ta’mirdan chiqarildi.

Bundan oldin Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi Shodiyona mahallasiga kutilmagan tashrif uyushtirib, u yerdagi ahvolni tanqid qilgan, buning ortidan shahar hokimi, prokurori, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va soliq inspeksiyasi rahbarlari ishdan olingandi.

Президентнинг кутилмаган ташрифидан қўрққан мулозимлар “қолоқ маҳалла”ларни обод қилишни бошлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:14 0:00

"Mirziyoyevning o‘zi sababchi"

Ozodlik Andijonda prezident tashrifiga hozirliklar yuzasidan viloyat hokimligidan rasmiy izoh ololgani yo‘q.

Farg‘ona viloyati hokimining sobiq matbuot kotibi, "Farg‘ona haqiqati" va "Ferganskaya pravda" gazetalari bosh muharriri Muhammadjon Obidov prezident kelishiga xo‘jako‘rsin tadbirlar an’anaga aylanmasligi kerak, degan fikrda.

"Prezidentning "Shodiyona" mahallasiga borishi mutlaqo to‘g‘ri ish bo‘ldi. Lekin hokimlar faqat prezident boradigan joylarga emas, boshqa joylarga ham e’tibor qaratishi kerak. Prezidentning devorni oqlab qo‘ysang bo‘ladiku, degan ramziy ma’noda aytgan gapini to‘g‘ri qabul qilib, hamma joyni suvoqsiz oqlashga kirishib ketish noto‘g‘ri, - deydi Muhammadjon Obidov.

Namanganlik bloger Abbos Asad obodonchilik ishlari faqat prezident kelishi uchun qilinmasligi kerak, deydi:

"Hokimlar xalq dardi bilan emas, prezident dardi bilan yashayapti. Xalq asfalt qilib ber, desa hokimlar qayrilib ham qaramaydi. Prezident kelsa, oyog‘i kuygan tovuqday bo‘lib qolishadi. Namangan shahar, Ko‘zagarlik ko‘chasida Orifboy guzarida yo‘l rasvosi chiqib yotibdi, velosipedda ham yurib bo‘lmaydi. Aholi yillardan beri asfalt qilib beringlar deb murojaat qiladi. Yo‘l solig‘ini olib yotibdi. Lekin, ta’mirlanmagan, chunki prezident u yerdan o‘tmaydi", - deydi Abbos Asad.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida qilgan chiqishida, o‘z tashrifi uchun oldindan tayyorlangan ko‘zbo‘yamachilik ishlarini tanqid qilgan edi:

“Men devorning orqasida nima borligini, qaysi ko‘cha supirilganini, qaysi daraxt yiqilib yotganini juda yaxshi bilaman. Men yuradigan yo‘ldagi narsalarni bo‘yab qo‘yganlaring bilan odamlar rahmat demaydi. Barcha rahbarlarni alohida ogohlantirmoqchiman. Agar bundan buyon tashrif oldidan birorta hududda vrach, o‘qituvchi, talabani obodonlashtirishga jalb qilsa, jazo juda qattiq bo‘ladi. Qonun oldida men sizlarni hammalaringni jazolayman”, - deb aytgan edi prezident Mirziyoyev.

Kanadada yashayotggan jurnalist Ulug‘bek Ashur O‘zbekistonda prezident tashrifi arafasida xo‘jako‘rsin tadbirlarning avj olishiga Mirziyoyevning o‘zi sababchi, deydi.

“Prezidentning o‘zi ochiq aytyapti, “Farg‘onaga borganimni ko‘rmadingmi, oqlab qo‘ysang bo‘lardiku”, deb. Mana, gapidan keyin xo‘jako‘rsin devor oqlashlar avj olib ketdi. Prezidentning o‘zi ham bosh vazir, hokim bo‘lgan paytlari Karimov uchun shunday ishlarni qilganini ham bilamiz”, - deydi jurnalist.

XS
SM
MD
LG