Линклар

Шошилинч хабар
16 июн 2021, Тошкент вақти: 12:49

AQSh davlat kotibi Blinken Ukrainaga xizmat safari bilan boradi


AQSh davlat kotibi Antoni Blinken.

5 - may kuni AQSh davlat kotibi Antoni Blinken Ukrainaga xizmat safari bilan boradi. Tashrif davomida Blinken AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini izhor qiladi. Bir oy oldin Rossiya Ukraina bilan chegaradosh hudud va Qrimda harbiy texnika va qo‘shin to‘plab, so‘ng ularni olib chiqib ketgan edi.

Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays bayonot e’lon qilib, Blinken tashrifi AQShning Ukraina “suvereniteti va Rossiyaning davom etayotgan tajovuzi sharoitida mamlakatning hududiy yaxlitligiga” bo‘lgan qo‘llovi ramzi ekanini aytdi.

Rossiya Ukrainaning shimoliy va sharqiy chegaralarida hamda Moskva 2014 - yilda anneksiya qilib olgan Qrimda harbiy to‘plagani Kiyev, Bryussel va Vashingtonda vaziyatning jiddiy yomonlashuvidan xavotir keltirib chiqargan edi.

23 - aprel kuni Moskva o‘z kuchlarini olib chiqa boshlaganini e’lon qildi. O‘tgan haftada Rossiya armiyasi o‘z qo‘shinlari doimiy bazalariga qaytganini bildirdi.

AQSh davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Filip Riker o‘tgan hafta o‘tkazilgan matbuot brifingida AQSh vaziyatni kuzatishda davom etishini aytgan edi.

“Rossiya hukumati bilan muloqotimiz davomida ular vaziyatni yomonlashtirishdan o‘zlarini tiyishlari, Ukraina va uning atrofida tajovuzkor harakatni to‘xtatishlari kerakligini aniq aytdik", - dedi Riker.

Blinken Ukrainada prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashadi. Kotib Ukrainani korrupsiyaga qarshi chora ko‘rishga undaydi. Korrupsiyaga qarshi kurash Kiyevning G‘arbdagi hamkorlari qo‘yayotgan asosiy talablardan biridir.

Joriy haftada Ukraina hukumati «Naftogaz» davlat neft-gaz kompaniyasining boshqaruv kengashini almashtirdi. Bu esa mamlakatning energetika sohasidagi korrupsiya bilan bog‘liq xavotirlarni yana yuzaga chiqardi.

Prays hurmatga sazovor bo‘lgan mutaxassislar ishdan bo‘shatilgani «adolatli va shaffof korporativ boshqaruv amaliyotiga e’tiborsizlikni aks ettiradi va Ukrainaning energetika sohasini isloh qilish va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan uzoq yillik sa’y-harakatlarini murakkablashtiradi», dedi.

28 - aprel kuni Ukraina hukumati «Naftogaz» kompaniyasini 2014 - yildan beri boshqarib kelgan Andriy Kobolevni ishdan bo‘shatdi. Kiyev bu qarorni kompaniyaning o‘tgan yilgi faoliyati «qoniqarsiz» bo‘lgani bilan izohladi. «Naftogaz» o‘tgan yilda 700 million dollarga yaqin zarar ko‘rgan.

Kuzatuv kengashi 30 - aprel kuni barcha a’zolari 14 - maydan boshlab iste’foga chiqishi haqida bayonot tarqatdi.

Blinken Kiyevga Londondan boradi. Angliya poytaxtida u sanoatlashgan demokratik davlatlarning «Katta yettiligi» sammitida qatnashdi.

Blinken safari prezident Jo Bayden Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash umidida prezident Vladimir Putin bilan sammit o‘tkazishga hozirlanayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

4 - may kuni Bayden sammitni iyun oyida Yevropaga rejalashtirilgan safari davomida o‘tkazishga umid qilayotganini aytdi.

Aprel oyida Bayden Rossiya bilan yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni muhokama qilish uchun Putinni uchrashuv o‘tkazishga chaqirdi. Vashington va Moskva munosabatlari Ukrainaga harbiy tahdidlar, AQSh hukumati kompyuter tarmog‘iga qilingan kiberhujum, Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashuvi va qamoqdagi muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyga tazyiqlar kabi masalalar tufayli sovib ketgan.

Bayden Rossiyaning xatti harakatlaridan shikoyatlar tufayli mamlakatga qarshi sanksiya joriy qildi va rossiyalik diplomatlarni badarg‘a qildi.

XS
SM
MD
LG