Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:19

AQSH “Kasperskiy laboratoriyasi” mahsulotlarini taqiqlamoqchi


Yevgeniy Kasperskiy (arxiv surati)
Yevgeniy Kasperskiy (arxiv surati)

Jo Bayden ma’muriyati AQSH shirkatlari va fuqarolariga “Kasperskiy laboratoriyasi” (“Laboratoriya Kasperskogo”) AJning dasturiy ta’minotidan foydalanishni man qilish niyatida. Bu haqda CNN telekanali AQSH rasmiylaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Nashr manbalariga ko‘ra, AQSH Savdo vazirligi Rossiya shirkati va amerikalik xaridorlar o‘rtasidagi muayyan tranzaksiyalarni taqiqlash bo‘yicha dastlabki qarorni qabul qilgan.

Qo‘shma Shtatlardagi davlat muassasalariga “Kasperskiy laboratoriyasi” mahsulotlaridan foydalanishga taqiq mazkur firmaning Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) bilan hamkorlik qilayotganiga oid gumon asosida 2017-yilda joriy etilgan. “Kasperskiy laboratoriyasi”ning ommabop antivirus dasturlarini AQSHda taqiqlashga oid qaror Qo‘shma Shtatlar hukumati tomonidan avvalda misli ko‘rilmagan qadam bo‘ladi.

Bunday qarorning asosiy sabablaridan biri AQSHning kritik infratuzilmasi xavfsizligi borasidagi xavotirlar bo‘lib hisoblanadi, deyishgan CNN suhbatdoshlari. Qaror loyihasida o‘tgan yili chiqarilgan antivirus dasturi eslatilgan. Vazirlik taqiq to‘g‘risida yakuniy qaror hali qabul qilganicha yo‘q. Agar bunday qaror qabul qilinsa, Rossiya firmasida qaror ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyati bo‘ladi.

“Kasperskiy laboratoriyasi” antivirus dasturiy ta’minotini ishlab chiqaruvchilar orasida dunyodagi yetakchi firmalardan biri bo‘lib hisoblanadi. Uning asoschisi Yevgeniy Kasperskiy SSSR Davlat xavfsizligi qo‘mitasi (KGB) Oliy maktabining texnik fakulteti bitiruvchisidir. AQSH nashrlarining yozishicha, 2015-yili rossiyalik hakerlar “Kasperskiy laboratoriyasi” dasturi yordamida AQSH Milliy xavfsizlik agentligining maxfiy fayllarini o‘g‘irlagan bo‘lishlari mumkin. Rossiya firmasi bu ayblovlarni rad etgan.

AQSH Savdo vazirligi va “Kasperskiy laboratoriyasi” vakillari bu ma’lumot yuzasidan izoh berishdan bosh tortishgan.

XS
SM
MD
LG