AQSHning Viskonsin shtati Medison shahridagi maktabda 16- dekabr kuni noma’lum shaxs maktabda odamlarni o‘qqa tutgan. Mahalliy politsiya hodisa chog‘ida hujumchi doxil kamida to‘rt kishi halok bo‘lgani haqida ma’lum qilgan. Yana kamida olti kishi jarohatlar bilan kasalxonaga yetkazilgan.
Xristianlik maktabida otishma mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 11 larda sodir bo‘lgan. Hujumchi o‘smir bo‘lgani aytilmoqda. Politsiya uning shu maktab o‘quvchisi bo‘lganini istisno qilmayapti, biroq hali konkret ma’lumotlarni keltirgani yo‘q. Shuningdek, hujumchining politsiya tomonidan otib o‘ldirilganmi yoki o‘zini o‘zi o‘ldirganmi − bu ham hamon ochiqlangan emas.
O‘quvchilar va o‘qituvchilar maktabdan evakuatsiya qilingan, maktab yaqinidagi kvartallar o‘rab olingan.
Huquq-tartibot idoralari hujumchi yakka tarzda harakat qilgan bo‘lishi mumkinligini aytishib, shahardagi boshqa maktablar va jamoat joylari uchun xavf yo‘qligini bildirishgan.
2024-yil boshidan buyon AQSHdagi maktab va boshqa o‘quv dargohlarida 322 ta otishma hodisasi qayd etilgan, ya’ni kuniga o‘rtacha qariyb bittadan otishma to‘g‘ri kelgan. Bu holatlarning aksariyatida qurbonlar bo‘lgan emas.