Jo Bayden ma’muriyati milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda Qo‘shma Shtatlarda Xitoy dronlaridan foydalanishni taqiqlash yoki cheklash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
The New York Times gazetasining xabar qilishicha, AQSH Savdo vazirligi Amerika shirkatlariga ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha mart oyi boshiga o‘z izohlarini taqdim etishni taklif etgan. Savdo vazirligi bildirgisida dizayni va ishlab chiqarilishiga Xitoy va Rossiya doxil AQSHning xorijdagi dushmanlari daxldor bo‘lgan uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish “Qo‘shma Shtatlar xavfsizligi uchun oqlab bo‘lmas va qabul qilib bo‘lmas xatar” tug‘dirishi aytilgan.
Xitoy va Rossiya kiberjosuslik yo‘li bilan AQSH xavfsizligi va mamlakat infratuzilmasiga zarar yetkazishga hozir ekanlarini namoyish qilishgan. Ular “milliy manfaatlari yo‘lida xususiy shirkatlardan foydalanish” uchun o‘z qonunlarini ishga solishlari mumkin, deyilgan hujjatda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH bozorida Xitoyda ishlab chiqarilgan dronlar ulushi 75 foizni tashkil qiladi. Ulardan turli sohalarda keng ko‘lamda foydalaniladi: qishloq xo‘jaligida ular dalalarga dori purkashda qo‘llaniladi, ular yordamida quvurlar, ko‘priklar, qurilishi maydonlari inspeksiya qilinadi, ulardan o‘t o‘chiruvchilar va boshqa avariya-qutqaruv xizmatlari keng ko‘lamda foydalanishadi. Avvalda Xitoydagi ishlab chiqaruvchilar mojarolar hududida dronlar harakat radiusini cheklab, o‘z mahsulotlarini masofadan turib dasturlashtirgani ma’lum.
AQSH Savdo vazirligi, Xitoy dronlari dizayni va dasturiy ta’minotiga zarur o‘zgartishlar kiritilgan taqdirda, ulardan foydalanishga taqiqdan qutilib qolish mumkinligini istisno qilmaydi. Bunga oid yakuniy qaror AQSHda Jo Baydendan keyin lavozimga keladigan prezident ma’muriyati tomonidan qabul qilinadi.
Sentyabr oyida Bayden ma’muriyati AQSHda sotilayotgan avtomobillarda Xitoy dasturiy ta’minotidan foydalanishni taqiqlab qo‘ygandi. Bundan maqsad amerikaliklar harakatlanishini Xitoy maxsus xizmatlari tomonidan nazorat qilinishining oldini olish ekani aytilgan.