Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2021, Тошкент вақти: 06:07

AQShdagi tadqiqot AstraZeneca vaksinasi barcha yoshdagilar uchun xavfsiz va samarali ekanini ko‘rsatdi


AstraZeneca tadqiqot davomida vaksina bilan bog‘liq hech qanday xavfsizlik muammolari aniqlanmaganini aytmoqda.

AQShda o‘tkazilgan tadqiqot AstraZeneca shirkati koronavirusga qarshi ishlab chiqqan vaksina barcha yoshlardagilarni infeksiyadan samarali himoya qilishini ko‘rsatdi. Shuningdek, emlanganlar orasida shifoxonaga yotqizilganlar va nobud bo‘lganlar soni 0 ga tushgan. Bu haqda Associated Press agentligi AstraZeneca shirkatiga tayangan holda xabar berdi.

AstraZeneca tadqiqot davomida vaksina bilan bog‘liq hech qanday xavfsizlik muammolari aniqlanmaganini bildirdi.

Garchi AstraZeneca vaksinasi 50 dan ortiq mamlakatda ro‘yxatga olingan bo‘lsa-da, AQShda undan foydalanishga hali rasman ruxsat berilgani yo‘q. Bundan tashqari, shirkat vaksinani o‘z vaqtida yetkazib bera olmayotgani uchun unga bo‘lgan ishonch kamaydi.

COVID-19 билан кечган йил: Ўзбекистон коронавирусни енгдими?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:39 0:00

AQShda o‘tkazilgan tadqiqotda 30 mingdan ortiq ko‘ngilli qatnashgan. Ularning uchdan ikki qismi vaksina bilan emlangan, qolganlariga esa bo‘sh doza berilgan. Emlanganlarga to‘rt hafta farq bilan vaksinaning ikkinchi dozasi yuborilgan.

AstraZeneca bayonot e’lon qilib, o‘z vaksinasi simptomatik COVID-19 infeksiyasi oldini olishda 79% samara, og‘ir kasalliklar va kasalxonaga yotqizishlar oldini olishda esa 100% samaraga ega ekanini bildirdi.

Ammo tadqiqot davomida to‘plangan ma’lumotlar hali to‘liq e’lon qilingani yo‘q.

Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, vaksina barcha yoshdagilarga, shu jumladan, keksa odamlarga ham ta’sir ko‘rsatgan.

AstraZeneca Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX (Kambag‘al davlatlarga koronavirusga qarshi emlashda yordam) xalqaro mexanizmiga kiritilgan vaksinalarning biridir. Ayrim Yevropa davlatlari ham aholini AstraZeneca vaksinasi bilan emlamoqda.

Sharqiy Angliya universiteti professori, doktor Pol Xanterning aytishicha, AstraZeneca shirkati e’lon qilgan natijalar kishini mamnun qiladi, ammo shirkat o‘z da’volarini tasdiqlash uchun ko‘proq ma’lumot berishi kerak bo‘ladi.

AstraZeneca vaksinasini AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi tasdiqlashidan oldin bir necha bosqich tekshiruvdan o‘tishi kerak bo‘ladi. Xususan, idora qoshidagi maslahat qo‘mitasi AstraZeneca iddaolari ortidagi dalillarni ko‘rib chiqishi zarur.

Olimlar AQShda o‘tkazilgan tadqiqot AstraZeneca vaksinasi samarasi haqida yuzaga kelgan ayrim chalkashliklarga oydinlik kiritishiga umid bog‘lashmoqda. Bundan oldin o‘tkazilgan tadqiqotlar vaksina yoshlar orasida samarali ekanini ko‘rsatgan, ammo 65 yoshdan oshganlar orasida uning samaradorligini tasdiqlovchi yetarlicha ma’lumot to‘planmagan edi.

Buyuk Britaniya dastlabki sinovlar vaksinaning samaradorligi 70% ekanini ko‘rsatishi ortidan uni ma’qulladi. Ammo keyinchalik bu tadqiqotlar natijalari ishlab chiqarishdagi xato tufayli noto‘g‘ri ekani aniqlandi.

Buning ortidan vaksina keksa yoshdagi odamlarni qanchalik yaxshi himoya qila olishi va ikkinchi dozani qancha vaqtdan keyin olish kerakligi haqida savollar tug‘ildi. Ayrim Yevropa mamlakatlari, jumladan, Germaniya, Fransiya va Belgiyada boshida keksa yoshdagilarni ushbu vaksina bilan emlashga ruxsat berilmadi. Vaksina yoshi kattalarni ham himoya qilishi ko‘rsatilganidan keyingina bu qaror bekor qilindi.

AstraZeneca AQShda to‘plangan ma’lumotlar keyingi haftalarda AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasiga taqdim etilishini bildirdi. Shirkat shuningdek, tadqiqot natijalari ilmiy jurnalda e’lon qilinishini qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG