AQSHning 39-prezidenti, Nobel tinchlik mukofoti laureati Jimmi Karter Jorjiyadagi o‘z uyida vafot etdi. Bu haqda u ta’sis etgan jamg‘arma ma’lumot tarqatdi. Sobiq prezident 100 yoshda edi.
Harbiy-dengiz kuchlari zobiti bo‘lgan Karter prezidentlikdan avval Jorjiya shtati gubernatori va senator bo‘lgan. 1976-yilda uning nomzodi Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod o‘laroq ko‘rsatilgan. O‘sha saylovda u respublikachi Jerald Ford ustidan g‘alaba qozongan.
U Qo‘shma Shtatlarga 1977-1981-yillar orasida rahbarlik qilgan. Uning prezidentligi chog‘ida qator muvaffaqiyatsizliklar qayd etilgan. Xususan, o‘sha yillarda Tri-Mayl-Aylend atom elektrostansiyasida yadroviy avariya sodir bo‘lgan, Tehronda egallab olingan AQSH elchixonasiga maxsus topshiriqlar bajaruvchi otryad tomonidan amalga oshirilgan hujum muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Uning davrida AQSHda XX asrdagi inflyatsiya eng yuqori darajaga chiqqan. Ayni paytda u xalqaro siyosatda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan.
Karter davrida AQSH Panama kanalini Panama nazorati ostiga berish haqida kelishuvga erishgan, bu bilar Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan aloqalarni sezilarli darajada yaxshilagan (Respublikachilar partiyasi bu shartnomalarni tanqid qilib keladi). U SSSR bilan strategik qurollarni cheklashga oid shartnomani imzolagan. 1978-yilda u Isroil va Misr o‘rtasida tarijiy tinchlik shartnomasi tuzilishiga erishgan.
Karter muqobil energetika loyihalarini olg‘a surishni boshlagan AQSHning ilk prezidenti bo‘lib hisoblanadi. Janubiy hududlar vakili bo‘lgan Karter milliy ozchiliklar huquqlarini dastaklagan, u o‘zaro tenglik va irqiy integratsiya g‘oyalarini yoqlab, aksildiskriminatsion qonun loyihalari va tashabbuslarni ilgari surgan.
1980-yildagi saylovda Ronald Reyganga yutqazgan Karter demokratik va gumanitar qadriyatlarni olg‘a surish bilan shug‘ullangan jamg‘armaga asos solgan.
U jamoatchilik faoliyati bilan faol shug‘ullangan, tinchlik va inson huquqlari bilan bog‘liq tashabbuslar bilan chiqqan, kam ta’minlangan oilalar uchun turarjoylar qurgan. 2002-yilda “butun dunyoda mojarolarni tinchlik yo‘li bilan hal qilish va inson huquqlari uchun kurash bo‘yicha sa’y-harakatlari” tufayli unga Nobel tinchlik mukofoti berilgan.