Armaniston hukumati mamlakatning Yevropa Ittifoqiga kirish jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Ozodlikning arman xizmati xabar qildi.
Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan qonun loyihasini taqdim qilarkan, Yevropa Ittifoqi bir necha marta arman demokratiyasini dastak bildirgani, uning atrofidagi xavfsizlikni ta’minlashda ishtirok etgani va mamlakatning iqtisodiy barqarorligini qo‘llashni va’da qilganini qayd etgan.
“Armaniston Yevropa Ittifoqi qanchalik imkon bersa, shu qadar YIga yaqin bo‘lishga tayyor. Biz buning imkonli ekaniga oid alomatlarni ko‘rdik”, degan Mirzoyan mulozimlarga qonun loyihasini dastaklashni taklif qilarkan.
Qonun loyihasining qabul qilinishi Armanistonning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishini anglatmaydi, deya urg‘ulagan bosh vazir Nikol Pashinyan. U dastavval Yevropa Ittifoqi bilan yo‘l xaritasini muhokama qilish hamda Armaniston Konstitutsiyasida talab qilinganidek referendum o‘tkazish zarurligini qayd etgan.
Qonun loyihasi parlamentga kirmagan “Demokratik kuchlar platformasi tomonidan taklif qilingan, mazkur tashkilot 2024-yil kuzida Armanistonda yevrointegratsiya bo‘yicha referendum o‘tkazish uchun 60 mingdan ziyod imzo yig‘ib, Markaziy saylov komissiyasiga topshirgan.