Toshkent davlat yuridik universitetining mas’ul xodimi madaniy merosni muhofaza qilish va undan foydalanish talablarini buzgani sabab jazolandi.
Ayni paytda yuridik universitet tasarruf etayotgan poytaxtning Sayilgoh ko‘chasidagi sobiq Ayollar va erkaklar gimnaziyasi (XIX asr) arxitektura yodgorligi sifatida davlat muhofazasiga olingan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur me’moriy yodgorlikning eshiklari o‘zboshimchalik bilan, tegishli ruxsat olinmay almashtirilgan.
Shu sabab sudning joriy yil 2- dekabridagi qarori bilan binodan foydalanuvchi universitet mulozimi jarimaga tortilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, yuridik universitet ma’muriyati 2022-yilda ham ayni shu ayblov bilan jazolangan.
Mahalliy faollar mas’ul idoralarni muhofazaga olingan me’moriy yodgorliklarni saqlashga jiddiyroq e’tibor qaratishga undab keladi.
Ozodlik Buxorodagi Sitorai Mohi Xossa saroyi ta’mirida qadimiy naqshlarni vayron qilgan restavratsiya guruhi ustidan jinoyat ishi ochilgani haqida xabar qilgan edi. Turizm vazirligi Sitorai Mohi Xossa restavratsiyasini “milliy falokat” deb atagandi.
Avvalroq UNЕSCO Buxoroning tarixiy hududida buzish va qurish ishlariga e’tiroz bildirgandi.