Линклар

Шошилинч хабар
15 феврал 2025, Тошкент вақти: 22:55

Asad rejimi ag‘darilganidan buyon Suriyaga 115 mingdan ziyod fuqaro qaytdi


Suriya bilan Livan o‘rtasidagi nazorat-o‘tkazish maskani, 2025-yil 3-yanvari
Suriya bilan Livan o‘rtasidagi nazorat-o‘tkazish maskani, 2025-yil 3-yanvari

2024-yil dekabr oyi boshida Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan keyin Turkiya, Iordaniya va Livan kabi davlatlardan 115 mingdan ziyod suriyalik o‘z mamlakatiga qaytib kelgan. BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarligi boshqarmasi (QIOKB) ma’lumotlari ana shundan dalolat beradi. Mazkur hisobotdagi ma’lumotlar rasmiy bayonotlar, immigratsiya xizmatlari va chegara nazorati statistikasiga asoslangan.

BMT agentligi qaydicha, Suriya ichkarisida 664 mingga yaqin kishi boshqa joylarga ko‘chgan bo‘lib, ularning 75 foizini ayollar va bolalar tashkil qiladi.

Ayni paytda mamlakat ichida ko‘chganlarning 486 ming nafari o‘z joylariga, asosan Xama va Halab viloyatlariga qaytib borishgan.

“Qurolli to‘qnashuvlar, jinoyatchilikning ortishi va portlamay qolgan minalar doxil xavfsizlikning yo‘qligi vaziyat davom etayotgani tinch aholi vakillari uchun muammo tug‘dirishda davom etmoqda hamda mamlakat tashqarisida yashayotgan suriyaliklarning uyga qaytish qaroriga o‘z ta’sirini ko‘rsatsa kerak”, deya qayd etishgan BMT QIOKB vakillari.

Dekabr oyida Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin Suriya chegara maskanlarida avval mamlakatni tark etgan va yurtiga qaytishga qaror qilgan fuqarolardan iborat turnaqator navbatlar paydo bo‘lgani haqida xabar qilingandi. Ayni paytda tartibsizliklardan cho‘chib Suriyani tark etganlar kam sonli kishilar ham qayd etilgan.

BMT QIOKB, agar Suriyada siyosiy barqarorlik yuzaga kelsa, fuqarolar urushi va siyosiy qatag‘onlar tufayli mamlakatdan chiqib ketgan suriyaliklar 2025- yilda yoppasiga uylariga qaytishi mumkinligini urg‘ulashgan.

XS
SM
MD
LG