Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi “Askiya” dehqon bozori qayta quriladi, deya ma’lum qildi tuman hokimligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, bir necha investor tomonidan bozorni qayta qurish bo‘yicha taklif bildirilgan.
Tuman hokimi Nilufar Allabergenovaga ko‘ra, sotib olish taklifi bilan chiqqan investor “Askiya” bozorining boshqaruvchisi bo‘lgan jamiyatga 3000 kv metr maydonda ekobozor, 1200 kv metr maydonda sovitkich omborxona va 400 o‘ringa mo‘ljallangan yerosti avtoturargohni beg‘araz o‘tkazib berishi kerak.
Loyihaga 150 million dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etilishi va yangi bozor yonida jahon standartlariga javob beradigan 4 yulduzli mehmonxona barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Hokimlik qayta qurish loyihasini “bozorda xaridorlarning kelib ketishiga bir qator noqulayliklar mavjudligi” bilan asoslagan.
Rasmiy ma’lumotda 150 million dollar sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan investor nomi ochiqlanmagan.
Poytaxtning eng qimmat mavzelaridan birida joylashgan “Askiya” bozorining kamtarona miqdordagi sarmoya evaziga berib yuborilishi ekspertlar tomonidan “korrupsiogen amaliyot” deb tanqid qilindi.
“Taklif etilayotgan sxemadan na davlat byudjeti, na mahalliy byudjet bir so‘m ham olmaydi... Eng likvid, eng qimmat lokatsiyalarni “investitsiya kiritish” shabloni bilan sovg‘a qilishni va cho‘ntaklar foydasiga taqsimlashni butunlay to‘xtatish kerak”, deb yozdi iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov.
Faollar fikricha, bozor ochiq auksionga qo‘yilishi va istagan talabgor minimal shartlar bilan savdoga kiritilishi kerak.