Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2025, Тошкент вақти: 04:37

Avstriyada suriyalik muhojir odamlarga pichoq bilan hujum qildi


Avstriya IIV rahbari Gerxard Karner Fillaxda o‘tkazilgan matbuot anjumanida, 2025-yil 16-fevrali
Avstriya IIV rahbari Gerxard Karner Fillaxda o‘tkazilgan matbuot anjumanida, 2025-yil 16-fevrali

Avstriya janubidagi Fillax shahrida o‘tgan shanba kuni ko‘chada odamlarga pichoq bilan hujum sodir etilgani oqibatida 14 yashar o‘smir halok bo‘ldi. Reuters agentligining xabar qilishicha, hujum chog‘ida 15 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan yana besh kishi yaralangan, ulardan uch nafari jonlantirish bo‘limida yotibdi, ikki nafari esa yengil jarohat olgan.

Hujum qilgan shaxs hibsga olingan. Politsiya uning ismini oshkor qilayotgani yo‘q, biroq uning Avstriyadan boshpana so‘ragan 23 yoshli suriyalik ekanini ma’lum qilgan.

Avstriya ichki ishlar vaziri Gerxard Karner hujumchi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida terror tashkiloti deb topilgan “Islom davlati” guruhi tarafdori bo‘lganini bildirgan. Karner ma’lumotiga ko‘ra, ID uni internet orqali o‘zi tarafiga og‘dirib olgan. Avvallari u hech qachon politsiya e’tiborini o‘ziga tortgan emas, degan IIV rahbari.

Politsiya hodisani radikal islomchi tomonidan sodir etilgan terror xuruji o‘laroq baholamoqda. Avstriya o‘ngchi partiyalari vakillari migratsiya tartib-qoidalarini kuchaytirishni talab qilishgan.

“Avstriyadagi erkin suriyaliklar hamjamiyati” harakati ijtimoiy tarmoqlarda teraktni qat’iy qoralab, bayonot tarqatdi va halok bo‘lgan o‘smirning yaqinlariga ta’ziya izhor qildi.

Associated Press agentligi qaydicha, Avstriyada radikal islomchilar tomonidan teraktlar kamdan-kam sodir etiladi. Ulardan eng shov-shuvlisi 2020-yilda sodir bo‘lgan, o‘shanda “Islom davlati”ga qo‘shilmoqchi bo‘lgan kishi ko‘chada to‘rt kishini o‘ldirgan va qo‘lga olish chog‘ida politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan edi.

XS
SM
MD
LG