Линклар

Шошилинч хабар
25 октябр 2021, Тошкент вақти: 08:47

"Aybim Toshkentda tug‘ilmaganim edi". Mirziyoyev Toshkent propiskasini bekor qilganini aytdi - nima o‘zgardi?


Shavkat Mirziyoyev 22 - sentabr kuni Xorazmdagi saylovoldi uchrashuvi chog‘ida birinchi muddat prezidentligida amalga oshirgan ishlari haqida gapirib, Toshkent shahrida “propiskani hamma uchun” qilib qo‘yganini ta’kidladi.

Ozodlik suhbatlashgan IIV tizimi xodimlari hamda mutaxassislarga ko‘ra, prezidentning “propiska hamma uchun” qilib qo‘yilgani to‘g‘risidagi so‘zlari biroz “qulog‘idan tortilgan” bayonot bo‘lib, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyida ro‘yxatga olinishi mumkin fuqarolar toifalariga oid me’yor o‘z kuchida qolmoqda.

Ayni paytda ba’zi toshkentliklar poytaxt infratuzilmasi propiska tizimining liberallashuvi tufayli paydo bo‘ladigan qo‘shimcha “yuk”ni ko‘tara olmasligidan tashvishlanayotgani ma’lum bo‘ldi.

Prezidentning "aybi"

Joriy yil 24 - oktabrida ikkinchi muddatga saylanishi kutilayotgan amaldagi prezident Mirziyoyev Xorazmdagi chiqishi davomida yoshligida ko‘p qiyinchiliklar ko‘rgani, uylanganidan keyin ham ijarama-ijara yashagani, 10-15 yil institutda ishlab nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagunicha ham na kvartirasi, na propiskasi bo‘lganini esladi. “Bilamanki, bir paytlar Toshkentda „propiska“ olish azob edi, mumkin emasdi. Ikkinchi qarorim - Toshkentda „propiska“ olish hammaga mumkinligini mana o‘zlaring ham sezyapsizlar”, dedi.

Bu gapi ortidan prezident “Bitta aybim — Toshkentda tug‘ilmaganim uchun edi. Nima degani bu? Adolat emas-ku bu!” deya xitob qildi.

"Propiska" o‘rniga "doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish"

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining mas’ul xodimi (o‘zini tanishtirishni istamadi) Ozodlikning “Toshkent shahrida propiskadan o‘tish tartibi to‘la bekor qilinganmi?”degan savoliga javobni “Bunday deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi, shaharda ro‘yxatdan o‘tish huquqiga ega fuqarolar toifalari bor”, deb boshladi va o‘sha toifalardan bir nechasini sanab o‘tdi.

Ichki ishlar mulozimi sanashni boshlagan toifalar ro‘yxati prezident 2020 - yilning 13 - mayida imzolagan qonunda yangilab qo‘yilgan.

“Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida"gi 2011 - yilgi qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritgan qonunda “propiska” chindan ham “bekor qilingan”. Aniqrog‘i, “propiska” so‘zi o‘rniga «doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» iborasi kiritilgan.

Yangi qonunga binoan:

  • fuqarolar birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari yashab turgan manzilga yoki ularning boshqa manzildagi uy-joy maydoniga;
  • tarbiyaga olingan bolalar — tutingan ota-onaning doimiy yashash joyiga;
  • shuningdek, Toshkent shahri va viloyatida joylashgan davlat tashkilotlarida 5 yil muddat mobaynida uzluksiz ishlayotgan mutaxassislar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari), shuningdek ularning oila a’zolari mazkur hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadigan bo‘ldi.

Oldingi tartibga ko‘ra, er-xotinning nikohdan keyin 1 yil davomida birgalikda yashash sharti va 1 yil ichida nikoh bekor qilinganda propiska yo‘qotilishi haqidagi qoidalar endilikda o‘z kuchini yo‘qotdi va yangi qonundan chiqarildi.

Yangi tartibga ko‘ra, er-xotinga ular nikohdan o‘tgan kunning o‘zida yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi beriladi.

Bosqichma-bosqich islohot

Ayni paytda amalda propiska tizimi yengillashtirilganini fuqarolar his qila boshlaganday. Poytaxtda yashayotgan qashqadaryolik yosh shoir Jontemir Jondor Ozodlik savoliga javob berarkan, “Toshkentga propiskaga shu yil turgani, muammoga uchramagani”ni aytdi. Shoir qonunda belgilab qo‘yilgan toifalardan qay biriga kirishini ochiqlamadi.

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov poytaxtda propiskadan o‘tish tartibi ancha yengillashganini e’tirof etarkan, Chor Rossiyasidagi krepostnoy huquqi va keyinchalik sovet davri sarqiti bo‘lgan tizim oqibatlari hanuz butkul yo‘qolib ketmaganini aytadi:

“Propiska tizimining bosqichma-bosqich bekor qilinishi, shubhasiz, olqishga sazovor islohotdir. Ichki migratsiyani cheklash maqsadida amalga oshirilgan bunday propiska tizimiday zo‘ravonlikning o‘tmishda qolgani rost bo‘lsin. Ammo kishilarning konstitutsiyaviy harakatlanish erkinligini cheklab kelgan mazkur tizim oqibatlarini haligacha ham ko‘rish mumkin”.

Tashanovga ko‘ra, propiska tizimi keltirib chiqargan huquqiy oqibatlar hozirda mahkama tergovlari muhokamasida.

“Jamiyatimizga shu oyning o‘zidayoq propiskasi bo‘lmagani bois muqaddam tanishlarining nomiga uy sotib olib, ularni qaytarib ololmayotgan 5 nafar shaxs murojaat qildi. Ular fuqarolik sudlarida o‘zaro nizolashmoqda. Umuman olganda hozirda sudlarda, tergov organlarida bu kabi o‘nlab, yuzlab ishlar mavjud”.

Gap shundaki, 2011 - yilgi qonunga binoan Toshkentdan uy sotib olgan fuqaro o‘sha uyga propiska qilinishi mumkin edi. Biroq amalda bu ilojsiz, chunki uy sotib olish uchun fuqaro propiskadan o‘tgan bo‘lishi lozim edi.

Uy sotib ol - toshkentlik bo‘l!

Ushbu masala yechimi va umuman propiska tizimining liberallashuviga xizmat qilgan yana bir hujjat prezidentning 2020 - yil, 22 - apreldagi farmonidir.

Unda mana bunday me’yor belgilab qo‘yilgan:

“2020 - yil 1 - apreldan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi talab qilinmaydi”.

Farmon chiqqanidan keyin o‘tgan 70 kun ichidayoq Toshkent shahrida 12 779 ta, Toshkent viloyatida 2052 ta, jami 14 851ta uy-joy oldi-sotdisi qayd etildi. Bu haqda xabar qilgan Adliya vazirligi hisob-kitobicha, uy-joy oldi-sotdisi bilan bog‘liq shartnomalarning 70 foizi viloyatdan kelganlar ishtirokida tuzilgan.

Toshkent yelim tasma emas?

Jizzax tug‘ilib, 40 yildan buyon Toshkentda yashayotgan huquqshunos Nuriddin Sandiboyev Ozodlik bilan suhbatda viloyatliklarning Toshkentdan uy sotib olish tendensiyasi o‘zini tashvishga solayotganini yashirmadi:

“To‘g‘ri, propiska tartibi qattiq bo‘lgan paytlarda bundan mening o‘zim ham norozi edim. Biroq bu tartib yumshatilganidan keyin viloyatlar aholisi Toshkentga ko‘chib kelib olish xavfi paydo bo‘ldi. Uy sotib olganlardan tashqari minglab, o‘n minglab kelayotgan ichki mehnat migrantlari bor. Ko‘pchiligi bir o‘zi emas, oilasi bilan ko‘chib keladi. Natijada maktablarda, jamoat transportida joy yetmayapti, shaharning normal hayotini ta’minlovchi boshqa xizmatlarda ham zo‘riqish paydo bo‘lmoqda”.

Huquqshunos fikricha, hukumat Toshkentni “ochish” bilan bir qatorda “viloyatlar markazlarini ham Toshkentga aylantirishi”, ba’zi vazirliklarni viloyatlarga ko‘chirishi kerak.

Tahlilchilar mintaqalar yalpi ichki mahsuloti hajmidagi farq, joylardagi infratuzilmaning rivojlanmagani, urbanizatsiya hamda sanoatlashish darajasidagi tafovutlar aholini poytaxtga tortayotgani, oqibatda ichki mehnat migratsiyasini nazorat qilish qiyinlashganini aytishadi. Sovet davrida ichki migratsiya jarayonlarining ishtirokchilarini asosan, talabalar, yoshlar va yirik korxonalarning uncha katta bo‘lmagan sondagi mahalliy ishchilari tashkil etgan bo‘lsa, mustaqillik yillarida bu nisbat poytaxtga oqib kelayotgan norasmiy mehnat bozori ishtirokchilari hisobiga o‘zgargan.

Bundan tashqari, Orolbo‘yidagi vaziyat ekologik migrantlarni paydo qilgani va demografik o‘sish ham ichki migratsiya jarayonlariga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillar qatorida tilga olinadi.

O‘zbekiston Senati o‘tgan oy bergan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent shahri aholisi soni 2021 - yil 1 - iyul holatiga 2,7 mln kishini tashkil etib, joriy yil boshidan buyon 42,8 ming kishiga o‘sgan.

27 - avgust kuni Senat Toshkent viloyatining 7853,3 gektar yer maydonini Toshkent shahriga, poytaxtning 171,3 gektar yerini esa Toshkent viloyatiga o‘tkazish to‘g‘risidagi loyihani ma’qullagan. Senat xabarida poytaxt aholisi o‘sishi barobarida yuzaga kelayotgan muammolarni Toshkent shahri hududini bosqichma-bosqich kengaytirish orqali hal qilish mumkinligi aytiladi.

"Kambag‘allar vazirligi" bayonoti

Ba’zi bayonotlarga qaraganda, O‘zbekiston hukumati huquqshunosni tashvishga solayotgan masalalarni o‘ylayotganday: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bayonotida mintaqalarda "tortishish markazlari"ni yaratish haqida so‘z boradi:

"O‘zbekistonning yirik shaharlarini rivojlantirish bo‘yicha strategik platforma va strategiya yaratilmoqda, bu esa ularni aholi uchun rivojlangan infratuzilma, ta’lim, ish bilan ta’minlash va ijtimoiy himoya qilish salohiyatiga ega o‘ziga xos tortishish markazlariga aylantirish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, hududlardagi migratsiya mahalliy xarakterga ega bo‘lishiga imkon beradi, shu bilan uni poytaxtga emas, balki har bir mintaqaning yirik shaharlariga yo‘naltiradi".

O‘zbekiston Respublikasida urbanizatsiya darajasi. (Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi saytidan)
O‘zbekiston Respublikasida urbanizatsiya darajasi. (Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi saytidan)

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bu sohadagi yanada liberallashtirish tarafdori ekanini aytadi.

“Toshkent shahri va viloyatiga propiska qilish to‘g‘risidagi qonunni butunlay iste’moldan chiqarish tarafdoriman. Mazkur g‘ayri konstitutsiyaviy akt yaqin o‘tmishni eslatuvchi virtual eksponat bo‘lib qolishi lozim”, deydi huquq faoli.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG