Ayiq bilan mashg‘ulot o‘tkazib, huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan bokschi Shahram G‘iyosov bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarimaga tortildi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, sportchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga ko‘ra bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Shahram G‘iyosov vazirlikka chaqirtirilib, unga jismoniy shaxslar tomonidan yovvoyi hayvonlarni saqlash va turli maqsadlarda foydalanish, hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish taqiqlangani tushuntirilgan.
Qayd etilishicha, bokschi uzr so‘ragan, o‘z xatosini tushunib yetgani va bunday holat boshqa takrorlanmasligini ta’kidlagan.
Pirovardida ayiq Farg‘ona hayvonot bog‘iga topshirilgan.
2024-yil oxirida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Shahram G‘iyosovning ayiq bilan “sparring” tushayotgan aks etgan videolavha jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgandi.
Videoda boks bo‘yicha jahon chempioni va Olimpiada kumush medali sovrindori Shahram G‘iyosov sport zalida tumshug‘bog‘dagi ayiq bilan jang qilib, jonivorni bir necha bor chalqanchasiga yiqitganini ko‘rish mumkin. Bellashuv davomida boshqa bir kishi ayiqni jilovda ushlab turgan.
Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvaridan e’tiboran jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati tasdiqlangan. Bu ro‘yxatga ayiq ham kiritilgan.
Hukumat hujjatiga muvofiq, boshqa hayvonlar qatori ayiqlarni ham davlat va mobil sirklarida (shapitolar) saqlash hamda ulardan sirk tomoshalarini o‘tkazish maqsadlarida foydalanish man etiladi.