Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan hafta yo‘qolib qolgan ravvin Svi Koganning jasadi topilgan. Politsiya taxminiga ko‘ra, u qotillik qurboniga aylangan. Koganda Isroil va Moldova fuqaroligi bo‘lgan.
Ravvin Svi Kogan 2020-yildan buyon BAAda istiqomat qilib, yahudiylarning “Xabad Lyubavich” ortodoksal diniy harakatini tamsil etib kelgan. U 21-noyabr kuni yo‘qolib qolgan edi. Uni BAA politsiyasi ham, Isroil razvedkasi ham qidirgan. Ular odam o‘g‘irlash taxminini ham nazardan soqit qilishmagan, muhtamal buyurtmachi o‘laroq esa Eron maxsus xizmatlari ko‘rilgan.
Avvalroq Koganning avtomobili Abu Dabidan 150 kilometr naridagi shosseda topilgan. Ravvinning g‘oyib bo‘lishida maxsus xizmatlar o‘zbekistonlik uch nafar fuqarodan gumon qilishgan, gumonlanuvchilar o‘sha kunning o‘zida BAAdan Turkiyaga uchib ketishgan. Qotillikda gumonlanayotganlar shaxsiga oid ma’lumotlar ochiqlangan emas.
Isroil bosh vaziri ofisi va Tashqi ishlar vazirligining qo‘shma bayonotida Koganning o‘limi “mudhish antisemitcha terror xuruji” deb atalgan. Bayonotda aybdorlar qayerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, Isroil ularni javobgarlikka tortish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishi va’da qilingan.
Isroil Milliy xavfsizlik agentligi mamlakat fuqarolariga BAAga safar qilishdan vaqtincha tiyilishni tavsiya qilgan.