Birlashgan Arab Amirliklarida noyabr oyi oxirida ushlangan O‘zbekiston fuqarolaridan besh nafariga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.
Kun.uz nashrining Tashqi ishlar vazirligidagi manbasiga tayangan holda yozishicha, ularning har biri ekstremizm bilan bog‘liq alohida jinoyatda gumonlanmoqda.
“Ularga nisbatan tergov davom etmoqda. Ushbu 5 nafar o‘zbekistonlik isroillik ravvinni o‘ldirishda gumonlanib ushlangan 3 nafar o‘zbekistonlik ishi bilan aloqador emas. Ularning tergovi ham alohida davom etmoqda. Ular BAA hududida va ikki davlat maxsus xizmatlari hamkorlikda ishlamoqda”, degan ismi sir qolishini so‘ragan TIV rasmiysi.
Ma’lum bo‘lishicha, BAA mas’ul idoralari o‘zbekistonlik diplomatlarga qo‘lga olingan fuqarolar bilan muloqot qilish imkonini bergan. Shuningdek, bu masala ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralari e’tiborida ekani aytilmoqda.
Ozodlik BAAda 24-noyabr kuni isroillik ravvin Svi Koganning jasadi topilgani haqida xabar qilgan edi.
2020-yildan buyon BAAda istiqomat qilayotgan Isroil va Moldova fuqarosi Kogan yahudiylarning “Xabad Lyubavich” ortodoksal diniy harakatini tamsil etib kelgan.
BAA Ichki ishlar vazirligi isroillik ravvin o‘limida gumonlangan uch o‘zbekistonlik qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi.
Qotillikda gumonlanayotganlarning ismi Olimboy Tohirovich, Azizbek Komilovich va Mahmudjon Abdurahim bo‘lib, ulardan ikki nafari 28 yoshda, yana biri esa 33 yoshdadir.
Ravvinni o‘ldirishda gumonlanib uch o‘zbekistonlik qo‘lga olinishi ortidan 25-noyabr kuni Dubayda ishlab kelgan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari ham hibsga olingan. Kun.uz xabaridan anglashilishicha, qo‘lga olinganlarning bir qismi qo‘yib yuborilgan, bir qismi O‘zbekistonga majburan qaytarilgan. Besh kishi esa tafsilotlari to‘liq ma’lum bo‘lmagan jinoyat ishi doirasida tergovga jalb qilingan.
Dunyo matbuoti e’tibor qaratgan qotillik fonida Toshkentdan Abu Dabi shahriga uchib borgan o‘nlab o‘zbekistonlik erkaklar aeroportdan chiqarilmagani va so‘roq qilingani ham ma’lum.