AQSH prezidenti Jo Bayden Suriya prezidenti Bashar Asad rejimining qulashini “adolat tantanasi” deb atagan. Ayni paytda u Suriyadagi hozirgi vaziyat beqaror va xatarli ekanini e’tirof etib, o‘tish davrida Suriyaga va mintaqa mamlakatlariga yordam berishni va’da qilgan.
Bayden Suriyadagi qurolli muxolifat otryadlari Damashqni egallab olgani, Suriyani 24 yil davomida boshqargan Bashar Asad esa mamlakatni tark etgani ma’lum bo‘lganidan keyin 8-dekabr oqshomida Oq uyda chiqish qilgan.
AQSH prezidenti unda Asadning qayerda ekaniga oid aniq ma’lumot yo‘qligi, biroq Asadning Moskvada ekani haqida xabarlar kelayotganini qayd etgan. Suriyaning sobiq lideriga Rossiyadan boshpana berilgani xususida avvalroq TASS agentligi Kremldagi manbadan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qilgandi.
O‘z chiqishida Bayden Asadning ittifoqchilari – Rossiya, Eron va Livandagi “Hizbulloh” radikal harakati (AQSHda terror tashkiloti deb tan olingan) Suriyada fuqarolar urushi boshlanganidan buyon ilk bor unga yordam berolmaganini ta’kidlagan. Uning iddaosicha, bunga Qo‘shma Shtatlar va ittifoqchilarining siyosati Moskva va Tehron kuchsizlanishiga olib kelgani ham sabab bo‘lgan.
Bayden shu kunda Suriya xalqi oldida “tarixiy imkoniyat” paydo bo‘layotganini qayd etgan. Ayni paytda u hozirda hokimiyat tepasiga kelgan qator muxolifatchi kuchlar o‘tmishda terror faoliyatiga va inson huquqlari buzilishiga daxldor bo‘lganini ham urg‘ulagan. Xususan, muxolifatning so‘nggi hujumida asosiy rolni o‘ynagan “Hay’at Tahrir ush-Shom” guruhi AQSH rasmiylari tomonidan haligacha terror tashkiloti o‘laroq e’tirof etiladi. Bayden Vashington muxolifat liderlarini qilayotgan ishlariga qarab baho berishi hamda AQSH o‘tish davrida Suriyaga yordam berishga tayyor ekanini qayd etgan.
Suriyada dunyoning ko‘plab mamlakatlarida terror tashkiloti deb tan olingan “Islom davlati” guruhiga qarshi kurashni maqsad qilgan AQSH kontingenti mavjud. Amerikalik harbiylar joylashgan hudud Suriya demokratik kuchlari deb atalgan guruhi nazorati ostida bo‘lib, mazkur guruhda asosiy rolni kurdlar o‘ynaydi. Damashqni ishg‘ol qilgan kuchlar muxolifatning boshqa qanotiga mansub bo‘lib, ularning ko‘pi Suriya demokratik kuchlariga dushmanona kayfiyatda bo‘lgan Turkiya tomonidan dastaklanadi. Isroil ham Asad rejimi qulashini olqishlayotgan bo‘lsa-da, Suriyadagi vaziyat yuzasidan xavotir izhor qilmoqda. Bayden Isroil AQSHni isroillik harbiylar G‘o‘lon tepaligidagi bufer hududini egallashi haqida ogohlantirganini bildirgan.
Qo‘shma Shtatlar 2011-yili Suriyada fuqarolar urushi boshlanganidan keyin Bashar Asadning hokimiyat tepasidan ketishi va Suriyada keng ko‘lamli muloqot asosida yangi hokimiyat shakllantirilishini talab qilgan. AQSH va ittifoqchilari Asadni tinch norozilik chiqishlarini bostirganlik va inson huquqlarini buzganlikda hamda kimyoviy qurol qo‘llaganlikda ayblashgan. Biroq AQSH Suriya muxolifatiga Asadga qarshi kurashda qurol-aslaha bilan dastak berishdan bosh tortib, Damashqqa qarshi sanksiyalar joriy qilish, kimyoviy qurol qo‘llanilganiga javoban bir necha zarba berish hamda “Islom davlati”ga qarshi amaliyotlar bilan cheklangan.