Линклар

Шошилинч хабар
21 июл 2024, Тошкент вақти: 12:51

Bayden: Biz Putin va HAMAS oldida chekinmaymiz. Falastin o‘z mustaqil davlatini qurish huquqiga ega


Qo‘shma Shtatlar prezidenti Jo Bayden The Washington Post gazetasiga yozgan kolonkasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin, AQSHda hamda YIda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan HAMAS o‘rtasida parallellar o‘tkazdi. Baydenga ko‘ra, ularning Ukraina va Isroilga qarshi harakatlari mos ravishda o‘zaro o‘xshashdir.

Bayden o‘z maqolasida Putin va HAMAS radikal guruhini “yovuzlikning misli ko‘rilmagan darajasi” va “agressor” deb atagan hamda “dunyo hamjamiyati ularni to‘xtata oladimi”, degan savolni qo‘ygan.

“Putin ham, HAMAS ham jahon xaritasidan qo‘shni demokratik davlatni o‘chirib tashlashga urinmoqda. Putin ham, HAMAS ham mintaqaviy barqarorlik, integratsiya barbod bo‘lishiga umid qilmoqda va xaos hosil qilish orqali ustunlikka erishmoqchi bo‘layotir”, deb yozgan Bayden Amerika “bunga yo‘l qo‘ymasligi”ni ta’kidlagan.

AQSH prezidentining yozishicha, hozir dunyo bir necha o‘n yillik istiqbolini belgilaydigan tanlov oldida turibdi. Bayden fikricha, Putin va HAMAS dunyoga tashlagan chaqiriqlarni qabul qilish lozim va bu rejalar amalga oshmasligi uchun to‘sqinlik qilishi shart.

Bayden fikricha, Ukrainani dastaklash AQSH milliy xavfsizligiga qo‘shilgan hissadir. Bu dastaklash ortidan AQSH urushning Yevropaga yoyilishi oldini olmoqda.

AQSH prezidenti HAMAS radikal guruhining Isroilga 7-oktabrda hujum qilganini “yahudiy xalqiga Xolokostdan so‘ng qilingan eng yirik yovuzlik”, deb baholadi.

Ayni paytda Bayden Falastin xalqi o‘z davlatiga ega bo‘lish huquqiga ega ekanini ta’kidladi va G‘azoda tinch aholi, jumladan, bolalar halok bo‘lganidan chuqur qayg‘uda ekanini bildirdi. U HAMASni tinch aholini tirik qalqon sifatida qo‘llaganlikda aybladi.

AQSH prezidentiga ko‘ra, Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatishning asosiy sharti HAMASning yo‘q qilinishi va mustaqil Falastin davlatini tashkil etishdir.

Bayden G‘azo bo‘lgasi Iordan daryosining g‘arbiy sohili bilan bir qatorda Falastin nazorati ostida bo‘lishi shartligini ham ta’kidladi. Bayden G‘arbiy sohilda falastinliklarga qarshi zo‘ravonliklarda ishtirok etayotgan Isroil arboblariga sanksiyalar joriy etilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Bayden AQSHdagi antisemitizm holatlarini qoraladi va nafratning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi.

Bayden o‘z maqolasini dunyo hamjamiyati bu “ulkan tragediya” oxir oqibat “olg‘a sari tashlangan qadam” bilan yakunlanishiga ishonishi kerakligi to‘g‘risidagi chaqiriq bilan tamomladi. Unga ko‘ra, jahon yanada erkinroq va xavfsizroq bo‘ladi.

Bayden ma’muriyati Kongressni Isroilga va Ukrainaga yordam ko‘rsatishga, shuningdek, G‘azodagi gumanitar ehtiyojlarga mablag‘ ajratishga chaqirmoqda. Kongressdagi ziddiyatlar oqibatida bu boradagi qonun loyihasi hali tasdiqlanmadi.

AQSH Senatidagi demokratlar 7-noyabr kuni Isroilga harbiy yordam ko‘rsatishni ko‘zda tutgan, biroq Ukraina yordam paketini o‘z ichiga olmagan qonun loyihasini bloklab qo‘ygani haqida “Amerika ovozi” xabar bergan edi. Bundan avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden mazkur hujjatga veto qo‘yishini bildirgan edi.

AQSH Kongressi Vakillar palatasida ko‘pchilikni tashkil qiluvchi respublikachilar hujjatni yoqlab ovoz bergan. Loyihaga muvofiq, Vashington soliq xizmatini moliyalashtirishni qisqartirgan holda Isroilga 14,3 milliard dollarlik yordam taqdim etishi kerak edi.

Oktabr oyida AQSH prezidenti Jo Bayden Kongressdan Isroil, Ukraina va Tayvanni moliyalashtirishni o‘z ichiga olgan 106 milliard dollarlik favqulodda xarajatlar paketini tasdiqlab berishni so‘ragan edi. Seshanba kuni Senatdagi demokratlar mazkur tashabbusda ko‘zda tutilgan Ukrainaga yordam paketining muhimligini urg‘ulashgan.

Senatning ajratmalar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Petti Myurrey yordam paketi AQSHning Isroildagi ittifoqchilari uchun qanchalik zarur bo‘lsa, Ukrainadagi ittifoqchilari uchun ham shu qadar zarurligini ta’kidlagan. Respublikachi senator Rojer Marshall esa yuqori palata Isroilga yordamni kechiktirmasligi lozimligini bildirgan.

XS
SM
MD
LG