Toshkent viloyati Bekobod shahri IIB binosida fuqaroni kaltaklab, uning o‘limiga sabab bo‘lgan ichki ishlar xodimi Firdavs Muradullayev 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Kun.uz nashri sud hukmiga tayangan holda xabar qildi.
O‘ttiz uch yoshli Firdavs Muradullayev 2022-yil yanvar oyidan 2024-yil 1-iyuliga qadar Toshkent viloyati IIBB uchinchi mintaqaviy hudud Bekobod shahri IIB JXX huquqbuzarliklar profilaktika bo‘linmasi profilaktika inspektori lavozimida ishlab kelgan.
Tergov xulosasida qayd etilishicha, 2024-yil 19-iyun kuni soat 17:30 larda profilaktika inspektorlari tomonidan IIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan faol qarshilik ko‘rsatgani sababli aka-uka Dilmurod va Dilshod Yusupvaliyevlar JIB Bekobod shahri sudi binosidan Bekobod shahri IIB ma’muriy binosiga kuch ishlatib olib kelingan. Firdavs Muradullayev Dilmurod Yusupvaliyevning qo‘llarini orqaga qayirgan holda qaddini bukkan hamda qorin qismiga tizzasi bilan zarba bergan. So‘ngra uni yerga yiqitib, yuz va qorin qismlariga zarba berib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Sudlanuvchi vaqtincha ushlab turish uchun tegishli qaror qabul qilinmaganini bilaturib, aka-uka Yusupvaliyevlarni IIB binosi ichidagi VUTXga kiritishga erishgan. Oqibatda Dilmurod Yusupvaliyev voqea joyida vafot etgan.
F.Muradullayev jinoiy harakatlarini davom ettirib, VUTX ichida Dilshod Yusupvaliyevni ham kaltaklagan.
Sud F.Muradullayev Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lishi), 109-moddasi 1-qismi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) va 206-moddasi 1-qismida (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) aybdor deb topgan. Uzoq yil qamoqqa hukm qilingan xodim 3 yil muddatga IIB tizimida, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda rahbarlik hamda moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan ham mahrum qilingan.
Bekobod shahri IIB binosiga olib borilgan 43 yoshli erkak vafot etgani ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
O‘shanda IIB fuqaro ichki ishlar idorasiga kirish yo‘lagida sog‘lig‘i yomonlashgani oqibatida vafot etganini iddao qilgandi. Faollar esa erkakning o‘limiga IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani sabab bo‘lganini bildirishgan edi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga ko‘ra, 2024-yilning 10 oyi mobaynida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan fuqarolarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilgani yuzasidan 158 ta shikoyat kelib tushgan. Shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijasida 10 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir chorasi qo‘llangan. Uchta holatda xodimlarga nisbatan JKning tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.