Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:53

“Belarus go‘zali” tanlovida qatnashishga talabgorlardan hukumatga sodiqlik talab qilinmoqda


Bir necha oydan beri Belarusda milliy go‘zallik tanloviga kastinglar o‘tmoqda. O‘tgan yillarda talabgorlarni saralash bosqichi imi-jimida o‘tib ketardi – tanlov haqida faqat davlat OAVlari yozar edi. Ammo 2020 - yilgi prezident saylovlaridan so‘ng hatto “Belarus go‘zali” tanlovi ham siyosiylashdi.

Mamlakatning eng go‘zal qizlari bo‘lishga da’vogarlar oldiga qo‘yilgan talablar xiyla qattiq: qizlar 24 yoshdan kichik, erga tegmagan va bolasiz bo‘lishi kerak. Pirsing va tatu qildirganlar, bo‘yi 174 sm.dan past qizlar tanlovga qo‘yilmaydi.

Bu yil yana bir muhim shart qo‘shildi: hukumatga sodiqlik.

“Belarus go‘zali – 2021” saralash bosqichi tafsilotlari tanlov tashkilotchilaridan biri, davlatga qarashli ONT telekanali maxsus loyihalar direktsiyasi rahbari Yelena Lobach bergan intervyudan ma’lum bo‘ldi.

U qizlar endilikda “favqulodda sinchkovlik bilan” tekshirilayotganini aytgan edi. Bir ishkali bo‘lmasin deb, tashkilotchilar hatto ularning “Instagram”dagi sahifalarini ham o‘rganishayotgan ekan.

10 - sentabr kuni Minskda tanlovning final bosqichi “mamlakatning o‘tmishi, buguni va kelajagi” g‘oyasi ostida o‘tkaziladi.

“Belarus obrazi orqali, jumladan, chinakam belarus qizlari siymosini ochib beramiz. O‘tkinchi hayajonlar bilan yashayotgan va bemaza so‘zlar yozilgan plakatlarni ko‘tarib namoyishga chiqadiganlarni emas”, degan edi Lobach xonim o‘sha intervyusida.

Hududlarga berilgan topshiriqlar va militsiya soqchiligida o‘tkazilgan kasting

“Belarus go‘zali – 2021” tanlovi haqida mustaqil matbuot bahordayoq, ya’ni hali hududiy saralash bo‘layotgan paytda yozishni boshlagan edi. Bunga tanlovda ishtirok etishni xohlovchilar rekord darajada kamligi sabab bo‘ldi. Masalan, Brest shahri bo‘yicha o‘tkazilgan kastingga bittagina qiz kelgan. Holbuki o‘tgan yili xuddi shu kastingda 20 ga yaqin talabgor qatnashgan edi.

Grodnoda kasting tambalangan eshiklar ortida va militsiya qorovulligida o‘tkazildi. Shahar bo‘yicha saralashda qatnashgani 23 nafar qiz keldi. Tashkilotchilar nodavlat OAV jurnalistlarini zalga qo‘ymadi, ularga tanlov ishtirokchilari bilan gaplashishni man qilishdi. Shaharda bunga qadar oxirgi marta 2018 - yilda kasting bo‘lgan, o‘shanda 80 nafar qiz kelgan va 30 nafari keyingi turga o‘tgandi.

Tanlov barbod bo‘layotganini ko‘rib, Belarus mulozimlari, tabiiyki, ma’muriy imkoniyatlarni ishga soldi. Aprel oyi oxirlarida “Oq xalatlar” telegram-kanali Minsk tumanlaridan birining ma’muriyatiga oid hujjat suratini e’lon qilgan edi. Unda Milliy go‘zallik maktabiga “Belarus go‘zali” tanlovida qatnashish uchun shoshilinch ravishda qizlar zarurligi, poytaxtning har bir tumanidan muayyan mezonlarga mos besh nafardan qiz jo‘natilishi lozimligi haqida gap boradi.

PR bo‘yicha mutaxassis Anna Mirochnik hududlarning “raznaryadka”lari tashkilotchilarga bir zamonlar mamlakatda juda mashhur bo‘lgan tanlovning obro‘-e’tiborini tiklashda yordam bera olmaydi deydi.

Uning aytishicha, “Belarus go‘zali” tanlovi muvaffaqiyat qozonishni istagan ko‘plab qizlar uchun yaxshi imkoniyat edi. Biroq avgust voqealaridan so‘ng bu omil o‘z ahamiyatini yo‘qotdi: hukumatparast kuchlarning loyihasida qatnashish – yomon otliq bo‘lish, degani edi. Ko‘p qizlar mana shundan cho‘chiydi.

“Shu tariqa “Belarus go‘zali”, xuddi “Dajinkі” va “Slavyanskiy bazar” singari umummilliy miqyosdagi qiziqarli tadbirdan keyin hech kimga keragi bo‘lmay qoladiganlar tanloviga aylandi. Endi kasting o‘tkazish joylarida turnaqator navbatlarni kutmang...”, deydi mutaxassis.

Tanlov g‘olibligidan – Lukashenkoning protokol xizmatiga

Umuman olganda, “Belarus go‘zali” tanlovi o‘tgan yilgi namoyishlargacha siyosatdan xoli tadbir edi, deyish unchalik to‘g‘ri emas.

“Hamisha, har yili tanlov finaliga Aleksandr Lukashenko kelib, old qatorda o‘tiradi. So‘ng g‘oliba qizlar, nima desam ekan, uning davrasida paydo bo‘lishadi va hatto katta lavozimlarga minishadi”, deydi Belarus Muvofiqlashtirish kengashining feminist ayollar guruhi rahbari Yuliya Mitskevich.

Feminist ayollar guruhi “Belarus go‘zali” tanlovini boykot qilishga chaqirgan. Belarus feministlari bayonotida go‘zallik tanlovlari kamsituvchi tusga egaligi, Belarusdagi ayni vaziyatda esa bu ta’rif davlatning keng ko‘lamli zo‘ravonligini ifoda etishi aytiladi.

“Lukashenko bilan birga u yoq-bu yoqqa borish taklifini rad etish qizlarga qanchalik og‘ir kechishini tasavvur qilish men uchun mushkul. Bu qizlar bilan keyin nimalar yuz berishini, ular Lukashenko davrasida qanday ahvolda bo‘lishini biz bilmaymiz. Biz faqat taxmin qilishimiz mumkin”, deydi Yuliya Mitskevich.

Rossiyaning “Proyekt” nashri va “Belsat” telekanali surishtiruvida aytilishicha, go‘zallik tanlovining sobiq g‘olibalari ko‘p hollarda prezidentning protokol xizmatiga ishga olinadi. Ya’ni bu qizlar ommaviy tadbirlarda Aleksandr Lukashenkoga hamrohlik qiladilar.

Chunonchi, 2019 - yilning yozida Lukashenko go‘zallikda sara qizlar bilan birga o‘z chorbog‘ida tarvuz uzgan edi. “Hasharchilar”dan birini jurnalistlar tanib qolishdi: u talabalarning “Bahor qirolichasi – 2013” tanlovi g‘olibasi Darya Shmanay edi. Qiz 2014 - yildan beri Aleksandr Lukashenko yonida muntazam ko‘rinish beradi.

Lukashenko tevaragidagi yana bir “go‘zal” – Mariya Vasilevich. U 2018 - yili milliy go‘zallik tanlovida g‘olib chiqqan; o‘shanda ham g‘olibalarni taqdirlash marosimida prezident shaxsan ishtirok etgandi. O‘shandan beri qizni Lukashenko davrasida dam-badam ko‘rishadi, jumladan, uch yil muqaddam Rossiyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionatiga ham u Belarus prezidenti bilan birga borgandi.

Lukashenkoning matbuot kotibi Natalya Eysmontga ko‘ra, prezidentning o‘zi qizni “Dunyo go‘zali” tanlovida qatnashishga tayyorlagan – u yerda Mariya “Yevropa go‘zali” unvonini qo‘lga kiritgan edi.

2019 - yilda Vasilevich, hech qanday siyosiy tajribasi yo‘qligiga qaramay, Belarus parlamentiga saylanib, eng yosh deputat bo‘ldi. Britaniyaning “The Times” nashri o‘shanda 22 yoshli Mariya Vasilevich bilan Lukashenko o‘rtasida romantik aloqalar bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edi. Qiz esa bu taxminni “yolg‘on ma’lumot” deb atagan.

Belarus parlamenti deputati Mariya Vasilevich. 2019 - yil
Belarus parlamenti deputati Mariya Vasilevich. 2019 - yil

Norozilik chiqishlari boshlangan paytda Vasilevich jarohat olgan namoyishchilarni ko‘rgani Minsk tez yordam kasalxonasiga borgan edi. Deputatning aytishicha, u yetkazilgan aziyat uchun ulardan uzr so‘ragan.

Biroq ko‘p o‘tmay u pozitsiyasini o‘zgartirdi. Hozirda Vasilevich terrorchilik, ekstremizm va davlat manfaatlariga og‘ir zarar yetkazganlik uchun belaruslarni fuqarolikdan mahrum etuvchi qonun loyihasi ustida ish olib bormoqda. Qonun normalari, tabiiyki, birinchi navbatda Belarusdagi norozilik namoyishlari ishtirokchilariga nisbatan tatbiq etiladi.

“Sog‘lom odamlar nazaridagi “Belarus go‘zali”

Darvoqe, hamma go‘zallar ham Lukashenko rejimi shaydosi emas.

2008 - yilgi tanlov g‘olibasi Olga Xijinkovani internetda “Sog‘lom odamlar nazaridagi “Belarus go‘zali” va Belarus norozilik harakatining muhim shaxslaridan biri deb atashadi. U tinch namoyishlarda qatnashgani uchun 42 sutkani qamoqda o‘tkazgan – o‘sha paytda bu eng katta ma’muriy qamoq muddati edi.

Xijinkovani o‘tgan yilning 8 - noyabrida Minskdagi “Xalq hokimiyatchiligi yurishi” aksiyasida hibsga olishgan. 2008 - yilgi “Belarus go‘zali” qamoqqa olinishidan birmuncha avval Aleksandr Lukashenko rejimiga qarshi fikrlarini ochiq-oydin aytgan. Fuqarolik pozitsiyasini deb sentabr oyida uni Milliy go‘zallik maktabidan bo‘shatishdi.

2008 - yilgi tanlov g‘olibasi Olga Xijinkova. 2020 - yil 20 - dekabr
2008 - yilgi tanlov g‘olibasi Olga Xijinkova. 2020 - yil 20 - dekabr

Xijinkovaga ko‘ra, shunday murakkab iqtisodiy va siyosiy vaziyat hukm surayotgan paytda mamlakatda go‘zallik tanlovi o‘tkazishning o‘zi nojoiz. TUT.BY saytiga intervyusida u “Belarus go‘zali” unvoni hozirda shunchaki dekorativ mazmun kasb etishini, u bilan faqat Lukashenkoning protokol xizmatiyu davlat televideniyesi yoki Milliy go‘zallik maktabigagina ishga kirish mumkinligini aytgan.

“Mavjud voqelik tanlov ishtirokchilari sha’niga dog‘ tushishi xavfini keltirib chiqarmoqda. Yirik belarus brendlari, “Belarus go‘zali” ishtirokchilaridan ko‘ra neytral bekgraundli modellar xizmatini afzal ko‘rishadi”, deya mulohazalarini bildiradi Olga Xijinkova.

Xijinkovaning o‘zi 10 yil davomida (2018 - yilgacha) Belarusning “Conte” ayollar paypoqlari brendi bilan hamkorlik qilgan. Qiz qamoq muddatini o‘tayotganida davlatga qarashli do‘konlarida uning mahsulotlardagi surati ustiga narx yozilgan qog‘ozchalar yopishtirib qo‘yilgan. Brend esa o‘zining ko‘p yillik elchisini qo‘llab-quvvatlab biron bayonot bermagan.

XS
SM
MD
LG