Линклар

Шошилинч хабар
26 сентябр 2021, Тошкент вақти: 08:08

Belarus – Oq va qizil paypoq kiyish va raqsga tushish jinoyatga tenglashtirilgan davlat


2020 - yil avgustida bo‘lib o‘tgan munozarali prezidentlik saylovlarida “Yevropaning so‘nggi diktatori” – Belarusni 1994 - yildan buyon boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko oltinchi muddatga saylandi. Natijada mamlakatda misli ko‘rilmagan norozilik to‘lqini boshlanib ketdi.

Namoyishlar hatto avtoritar Belarus uchun ham oshiqcha shafqatsizlik bilan bostirildi. Bugunga qadar 30 mingdan ortiq belarus hibsga olish jarayonini boshdan kechirdi. Mamlakatdagi siyosiy mahbuslar soni 540 nafardan oshdi. Ular orasida 20 dan ziyod jurnalist bor.

Belaruslar norozilikning har qanday shakli uchun jarimaga tortilishi va hatto qamalishi mumkin. Shuningdek, demokratik muxolifat ramziga aylangan qizil va oq rangli kiyish uchun ham muammoga duchor bo‘lish mumkin. Bu ikki rang 1918 - yilda qisqa muddat yashagan Belarus Demokratik Respublikasi bayrog‘i ranglaridir.

Nomaqbul paypoqlar

Natalya Sivsova-Sidushkina mart oyida haydovchilik darsiga ketayotganida uni Minsk politsiyasi to‘xtatdi. Unga kiyimi nojo‘ya ekanini aytishdi. Sababi uning paypoqlari qizil va oq rangda edi. Mamlakatda muxolifat ramziga aylangan oq-qizil bayroq amalda taqiqlangan. Sivsova-Sidushkina qizil rangli poyabzal ham kiyib olgan ekan. Bu ham politsiya e’tiroziga uchradi. Shuningdek, politsiya uni o‘tkinchi haydovchilarga inglizcha “g‘alaba” so‘zining bosh harfi V belgisini ishora qilganlikda aybladi.

Lyubov Sarlay
Lyubov Sarlay

Sivsova-Sidushkina ruxsatsiz namoyishga chiqishni taqiqlovchi qonunlar bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortildi va 2 320 belarus rubli (900 dollar) miqdorida jarimaga tortildi. Sudya Sivsova-Sidushkinaning qonunni buzgan paypoqlari va poyabzali o‘sha paytda u kalta jinsi shim kiyib olgani uchun shundoq ko‘zga tashlanib turganini ta’kidladi.

Sivsova-Sidushkina paypog‘i tufayli to‘xtatilganidan bir kun oldin kvartirasiga politsiya kelgandi. Politsiya uning balkonida yoyib qo‘yilgan qizil va oq rangdagi bannerni yirtib tashlagandi. Keyinchalik u “noqonuniy piket” uyushtirishda ayblanib, 2 030 rubl (794 dollar) miqdorida jarimaga tortildi.

Sivsova-Sidushkina o‘shanda Ozodlikning belarus xizmatiga bergan intervyusida:

“Endi mening qarzim 4 350 rubl. Ishlayotgan bo‘lsam ham, jarimalarni to‘lash uchun buncha pulim yo‘q”, degandi.

Sivsova-Sidushkina bunday muammolarga duchor bo‘lgan yagona belarus emas. Mamlakat g‘arbida joylashgan Grodno shahrida Lyubov Sarlay qizil-oq shim kiygani uchun jarimaga tortildi va bir kun panjara ortida o‘tirdi. U yanvar oyida kafedan mashinasiga qarab ketayotganida politsiya tomonidan hibsga olingan.

“Politsiyadan nima uchun meni hibsga olishganini so‘radim”, dedi u “Nastoyashcheye vremya”ga bergan intervyusida.

“Va ular: “Xo‘sh, ishtoningiz bilan bir nima demoqchi bo‘lmadingizmi”, deyishdi”.

Boshqa “rangli jinoyatlar”

Belarus g‘arbida joylashgan Ivanovo shahri turg‘uni Andrey Drajin mart oyida o‘z uyi oldiga qizil va oq rangga bo‘yalgan belgini o‘rnatgani uchun jarimaga tortildi. Politsiya buni noqonuniy piketning bir shakli deb topdi.

“U o‘z yashash joyida bo‘lgan paytda uyining old tomoniga ommaviy namoyish maqsadida, hammaga ko‘rinadigan qilib Belarus Respublikasida ro‘yxatdan o‘tmagan, oq-qizil-oq trafaret bilan yozilgan belgini ilib qo‘ygan”, deyiladi politsiya xabarida.

Oq-qizil-oq bayroq Belarusda rasman taqiqlanmagan. Ammo bu sudyaga Drajinni 450 dollar jarimaga tortishiga to‘sqinlik qilmadi.

Hatto guldasta ham rasmiylar e’tiborini tortishi mumkin. Novopolotsklik Alena Vinokurova qizil va oq rang gullarni qizining tug‘ilgan kuniga olib ketayotganida qo‘lga olinib, 350 dollar ekvivalentida jarimaga tortildi. Bu haqda Ozodlik radiosi va “Amerika ovozi” hamkorlikda ishga tushirgan “Nastoyashcheye vremya” nashri xabar berdi.

Shuningdek, bugungi kunda Belarusda qutilar ham shubha tug‘dirishi mumkin. Aprel oyida Andrey Parxomenko Minskdagi ko‘p qavatli uyining balkonida qizil va oq bannerni namoyish qilgani uchun hibsga olindi. Parxomenko balkonida qizil va oq rangli televizor qutisi bo‘lganini aytib, unga qo‘yilgan ayblovni rad etdi.

Parxomenko 14 kunga qamaldi. U jazo muddatining ayrim qismini Minskdagi Okrestina hibsxonasida o‘tkazdi. Okrestinada nozirlar mahbuslarni dahshatli qiynoqlarga tutgani hujjatlashtirilgan. Parxomenko yaqinda Lukashenko hukumati nishonga olgan “Vesna” nodavlat tashkilotiga bergan intervьyusida qamoqda COVID-19 yuqtirganini so‘zlab berdi.

Tuzumni qo‘llovchi prokurorga uyini ijaraga berishdan bosh tortish

Boshqa belaruslar muayyan ishlardan bosh tortgani uchun jazolandi.

Olga Sinelyovaning Minskda kvartirasi bor. Kvartirani siyosiy asosga ega ishlarda, shu jumladan, Yekaterina Andreyeva va Darьya Chulsovaning shov-shuvli sud jarayonida ishtirok etib nom chiqargan prokuror Alina Kasyanchik ijaraga olgan bo‘lgan.

Sinelyova Kasyanchikdan kvartirani bo‘shatishni so‘ragan. Prokuror esa bunga rozi bo‘lgan. Ammo Belarus hukumati bundan xabar topib, g‘azablandi va Sinelyovani Kasyanchikning huquqlarini buzganlikda aybladi.

Ikki yosh bolaning onasi Sinelyovaning sudi yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi. Uning advokati esa litsenziyasidan mahrum bo‘ldi. 30 - iyun kuni sudya Anjela Kastyukevich Sinelyovani ikki yil cheklangan ozodlikka mahkum qildi.

Behayo raqs?

Sentabr oyida Brest ko‘chalarida qo‘shiq kuylagani va raqsga tushgani uchun o‘nlab odam hibsga olindi. Keyinchalik Lukashenko hukumati ularni “yo‘l harakati xavfsizligiga” tahdid solishda aybladi.

Umuman olganda, ushbu ishi bo‘yicha 70 dan ortiq kishi javobgarlikka tortildi. Ayblanuvchilarning bir nechtasiga allaqachon hukm chiqarildi. Ularning ayrimlari ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi.

Belaruslarga Yevropa Inson huquqlari sudiga murojaat qilishda ko‘maklashib kelayotgan “Yuridik tashabbus” nodavlat tashkiloti xodimi Sergey Ustinov Belarusda qonun ustuvorligi oyog‘osti qilinayotganini aytdi.

“Qonun ham xuddi shu tarzda ishlaydi”, dedi Ustinov “Nastoyashcheye vremya” nashriga bergan intervyusida.

“Agar siz siyosiy mahbus bo‘lsangiz, na sudga va na prokuraturaga shikoyat qilish bilan hech narsaga erisha olmaysiz. Ammo siz politsiyachi bo‘lsangiz, odamlar sizni itarib yuborgani yoki tirnog‘ini tekkizgani uchun besh yildan olti yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi”.

Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tganidan beri Belarusda minglab norozilik namoyishlarida qatnashgan ayblanuvchining birortasi ham oqlanmadi. Qolaversa, mamlakat xavfsizlik xizmatlarining birorta xodimi ham namoyishlar shafqatsizlarcha bostirilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG