Линклар

Шошилинч хабар
21 июн 2021, Тошкент вақти: 11:17

Belarus uchoqni favqulodda qo‘nishga majburlab, hibsga olgan jurnalist kim?


23 - may kuni Roman Protasevichni hibsga olish uchun Belarus rasmiylari Ryanair samolyotini favqulodda qo‘nishga majbur qilgan.

Yakshanba kuni Belarus rasmiylari Ryanair samolyotini favqulodda qo‘nishga majbur qilib, uning bortidagi yo‘lovchilardan biri – jurnalist va muxolifat faoli Roman Protasevichni hibsga oldi. Bu holatni Yevropa davlatlari keskin tanqid qilmoqda.

Quyida Reuters agentligi 26 ga to‘lgan Protasevich haqida to‘plagan ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.

Protasevich o‘tgan yili Polshadan turib boshqariladigan va 1 milliondan ortiq obunachiga ega Nexta Live Telegram kanalining muharriri bo‘lib ishlagan. Belarusning avtoritar prezidenti Aleksandr Lukashenkoni oshkora tanqid qilib kelayotgan kanal 2020 - yilda Lukashenkoga qarshi bo‘lib o‘tgan ulkan muxolifat namoyishlarini yoritib borishda muhim rol o‘ynadi.

Nexta Live, shuningdek, norozilik namoyishlarini uyushtirish va muvofiqlashtirishga yordam berdi.

Roman Protasevichning 2020 - yil noyabrida Belarus rasmiylari Polshaga uni topshirish haqida so‘rov yo‘llagan payt Nastoyascheye Vremya telekanaliga bergan intervyusi:

Belarusda 2020 - yil avgustdan beri ommaviy namoyishlar o‘tkazilmoqda. Namoyishchilar prezident saylovining rasmiy natijalaridan norozi. Markaziy saylov komissiyasi iddaosicha, saylovda katta ustunlik bilan Lukashenko g‘alaba qozongan.

Nexta Live kanalida politsiya namoyishchilarga nisbatan keskin kuch ishlatgani aks etgan kadrlarni yoyinladi. Belarus hukumati xorijiy ommaviy axborot vositalarini mamlakatga kiritishga zo‘r berib to‘sqinlik qila boshlagani uchun Nexta Live kanali ulashgan kadrlar xalqaro nashrlar tomonidan keng qo‘llanildi.

Noyabr oyida Protasevich Twitterda Belarus rasmiylari tuzgan terrorchilar ro‘yxati nusxasini e’lon qildi. Ro‘yxatda uning ham ismi bor edi. Hujjatda u Nexta Live kanalida ishlagan paytida ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda ayblanayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, Protasevich ijtimoiy tartibni buzishda va ijtimoiy nafratni qo‘zg‘atishda ayblandi. Uzoq yilga qamalishi mumkin bo‘lgan faol bu ayblovlarni asossiz siyosiy repressiya deb hisoblaydi.

Belaruslik jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlovchi Media Solidarity guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, Protasevich hokimiyat tazyiqlari tufayli 2019 - yilda Belarusdan Polshaga qochib ketgan. Ota-onasi kuzatuv ostiga olingandan keyin, ularni ham Polshaga olib ketgan. Keyinchalik u Litva poytaxti Vilnyusga ko‘chib o‘tgan. Belarus muxolifati yetakchi Svetlana Tixanovskaya ham Vilnyusda faoliyat yuritib keladi.

Hozirda Protasevich 260 ming obunachiga ega «Belarus golovnogo mozga» (Bosh miya Belarusi) Telegram kanalining bosh muharriridir.

Protasevich Gretsiyadan Vilnyusga uchib ketayotgan bo‘lgan. Gretsiyaga Tixanovskaya tashrifini suratga olish uchun borgan bo‘lgan. Uyga qaytishidan oldin olgan suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda ulashgan.

Belarus rasmiylari qo‘nishga majburlagan Ryainair samolyoti yo‘lovchilaridan biri Litvaning Delfi axborot agentligiga bergan intervyusida Protasevich uchog‘i Belarusga yo‘naltirilishi ortidan u boshini ushlab, titray boshlaganini so‘zlab berdi.

Xabarlarga ko‘ra, xavfsizlik xodimlarini uni olib ketayotganida Protasevich:

«Meni bu yerda o‘lim jazosiga hukm qilishadi», - degan.

XS
SM
MD
LG