Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:38

Bir oila fojiasi: maishiy janjaldan so‘ng ota qamaldi, o‘g‘il Ukrainaga urushga ketib, o‘ldi


Iyul oyi oxirlarida Rossiyaning Kemerovo viloyatida 19 yoshli yefreytor Aleksey Udarsevni dafn qilishdi. U harbiy xizmatdan Ukrainaga urushga ketgan edi, bir haftadan so‘ng Aleksey minomyotlar zarbasi ostida halok bo‘ldi.

“Sibir.Realii” jurnalistlari yigitchaning urushga jo‘nab ketishi sabablaridan biri otasi Arkadiy Udarsev bilan bo‘lgan janjal ekanini aniqladilar. Muqaddam sudlangan ota o‘g‘lini urgan va pichoq bilan hamla qilgan ekan. Alekseyning chaqiruviga binoan yetib kelgan politsiya to‘ng‘ich Udarsevni hibsga oladi, shu bilan ota yana sudlanib, panjara ortiga ravona bo‘ladi. O‘g‘il esa o‘qishini tashlab, armiyaga ketadi.

Aleksey halok bo‘lganidan so‘ng oila butkul parokanda bo‘ldi: onasi qamoqdan chiqib kelgan erini uydan haydadi. Katta Udarsev “o‘g‘lim harqalay meni kechirgan bo‘lsa kerak”, deb umid qilmoqda.

O‘sha janjalga dovur Udarsevlar oilasi Novokuznetsk yaqinidagi Metallurglar posyolkasida istiqomat qilardi. Aleksey oilada bosh farzand edi, uning ikki singlisi va ukasi bor. Onasi kasalxonada ishlar, otasi esa hammollik qilardi.

2019-yili, kuz kunlarining birida Arkadiy janjal ko‘targanidan so‘ng Udarsevlarnikiga politsiya keldi.

“Ishdan mast bo‘lib kelgandim, kun choshgohdan oshganiga qaramay bular mollarga yem bermagan ekan. Shundan boshlandi. O‘g‘limni so‘kdim. Hatto tarsaki tortvordim, garchi hech qachon unga qo‘l ko‘tarmagan edim. Lyosha politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, otam menga baqiryapti, dedi. Shu bilan meni qamab qo‘yishdi”, deydi 42 yashar Arkadiy Udarsev jurnalistlar bilan suhbatda.

Tuman sudi hukmida Arkadiy ikkita oshpichoqni o‘qtalib, “Hozir o‘ldiraman seni!” deya qichqirgancha o‘g‘liga tashlangani aytilgan. Udarsevning o‘zi buni inkor etadi. “Qichqirganim rost, buni politsiya videoga olgan ham”, deydi u.

Politsiya uyga kirganida Udarsev “sen mentlarni so‘yaman”, deya tahdid qiladi. So‘ngra ovcharkasini arqonni bo‘shatib, iti va qo‘lida pichoq bilan politsiyachilar ustiga bostirib boradi. Ulardan biri to‘pponchadan havoga o‘q uzadi. Arkadiy qo‘rqib ketib, qochadi va hovlidagi pichan g‘arami ichiga yashirinmoqchi bo‘ladi. Politsiyachilar uni topib olib, mashinaga boshlab ketishayotganida esa Udarsev yerda yotgan panshaxani olib, yana tahdid qiladi. Nihoyat, uni tuman politsiya mahkamasiga olib boradilar. Tez orada sud uni ikki modda – hokimiyat vakiliga nisbatan kuch ishlatish va o‘ldirish bilan tahdid qilishda aybdor deb topib, uch yil muddatga manzil-koloniyaga jo‘natadi. Ushbu voqeadan bir yil oldin Arkadiy shartli qamoq jazosiga hukm qilingan edi. O‘shanda ham u oila a’zolariga pichoq o‘qtalgan, so‘ngra politsiya xodimining yuziga tepib, labini yorgan edi.

Aleksey Udarsev
Aleksey Udarsev

Bu paytda o‘g‘li Aleksey kollejda mexanik-haydovchilikka o‘qir edi. Otasi qamalganidan so‘ng dars qoldiradigan bo‘ldi, hatto uni o‘qishdan haydalishiga sal qoldi. 2020-yilda Aleksey akademik ta’til olib, armiyaga ketdi: u Buryatiyaning Onoxoy-2 qishlog‘ida, kimyoviy hujumga qarshi kurash qo‘shinlariga mansub harbiy qismda xizmat qilardi.

“Mening qamalishim o‘z yo‘liga, u nega o‘qishni tashlaydi, – deydi Arkadiy o‘g‘lining bu ishiga hayron bo‘lib. – Onasini uch bola bilan qoldirgan. Men uyda yo‘q edim-ku, o‘qiyversa bo‘lmasmidi!”

Arkadiy 2022-yil mayda ozodlikka chiqdi, xotini uni uyga kiritdi. Bu paytda to‘ng‘ich o‘g‘il shartnoma imzolab, xizmatni davom ettirardi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga tez-tez surat joylaydigan bo‘ldi. Yigitcha xizmatda do‘stlar orttirgan, bir qizga ko‘ngil qo‘ygan edi.

Arkadiy o‘tgan vaqt mobaynida o‘g‘li bilan bir necha bor telefonda so‘zlashganini aytadi: u ko‘p qo‘ng‘iroq qilgan, lekin Aleksey aksari hollarda javob bermagan ekan. “Har holda meni kechirgan bo‘lsa kerak”, deya umidlanadi Udarsev.

Aleksey otasiga so‘nggi marta 30-iyun kuni – Ukraina chegarasidan qo‘ng‘iroq qiladi. “Kechasi soat 11:30 lar edi chamasi, Lyosha telefon qildi, ularga promedol tarqatishganini aytdi”. (Promedol – giyohvand modda qo‘shilgan og‘riq qoldiruvchi dori bo‘lib, yarador bo‘lganda ichish uchun askarlarga beriladi – Tahr).

Bir hafta o‘tib, 7-iyul sanasida Aleksey turgan marra minomyotlardan o‘qqa tutiladi. Yana bir haftadan so‘ng qarindoshlari uning o‘limidan voqif bo‘ladilar.

“O‘ninchi iyul xotinimning tug‘ilgan kuni edi, bir mahal Lyoshaning qaylig‘i qo‘ng‘iroq qilib: “O‘g‘lingiz yaralanib, gospitalga tushganmish”, dedi. Biz telefonga yopishib, har yoqqa qo‘ng‘iroq qila boshladik. Besh kungacha bizga u tirikligini, ammo qayerdaligi noma’lumligini aytishdi. Xotinimning toqati toq bo‘lib, 14-iyulda u xizmat qilgan Buryatiyadagi harbiy qismga jo‘nab ketdi. 15-iyul sanasida u menga qo‘ng‘iroq qilib, Lyosha Rostov morgida ekanini aytdi. Xotinim o‘g‘li o‘lganini poyezdda eshitgan ekan...”, deya eslaydi Arkadiy.

22-iyulda Aleksey Metallurglar posyolkasida tuproqqa qo‘yildi. U o‘lganidan so‘ng ota-onasi ajrashib ketishdi.

“Dafn marosimidan oldin xotinim va uning dugonalari bilan o‘tiruvdik, – hikoyasini davom ettiradi Arkadiy. – Xotinim ichib olganidan so‘ng meni haqorat qilishga tushdi. Pi***s, x**sos degan so‘zlarni undan ilgari ham eshitardim. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Unga tarsaki tortib yubordim. U bo‘lsa tag‘in “musor”larni chaqirdi. “Tur yo‘qol bu yerdan, pi****s”, dedi. Mayit ko‘milganidan keyin uydan ketdim”.

Arkadiy xotini nega o‘zini bunaqa tutganini tushunmasligini aytadi. “Balki o‘g‘limning o‘limi ta’sir qilgandir”, deya tusmollaydi u. Hozir Udarsev Tyumen shahriga ko‘chib ketishni va u yerda ish topib, “yangi hayot boshlash”ni rejalashtirib yuribdi. Xotini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida erini “bloklagan”, jurnalistlar bilan gaplashishni esa umuman istamaydi.

“O‘g‘il meniki, uning hasrati ham o‘zimga tegishli, hech kim burnini suqmasin. Arkadiyning qanaqa otaligini esa butun muzofot biladi”, deb yozdi Tatyana “Sibir.Realii” muxbirining so‘roviga javoban.

Arkadiy Udarsevning o‘zi 90-yillarda Checheniston urushiga ketishiga bir bahya qolganini aytadi.

“O‘shanda askar edim, hammamizga jeton tarqatib, aeroportga olib kelishdi. Rotamiz zampoliti ota-onalarni chaqirtirgan ekan. Ular yetib kelishgani hamon to‘s-to‘polon ko‘tarib, bizni quchoqlab olishdi. “Urushga yubormaymiz”, deb turib olishdi. Komandirlar qo‘lidan hech nima kelmadi”, deya eslaydi u.

Biroq u jurnalistning “O‘g‘lingiz Arkadiyning komandiri shunaqa vaziyatda telefon qilganida, uni Ukrainaga ketkazmaslik uchun aeroportga borgan bo‘larmidingiz?” degan savoliga javob bera olmadi.

XS
SM
MD
LG