Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2021, Тошкент вақти: 01:48

"Birinchi raqamli palach". Nozim Jumayevning qiynoqdan o‘lgani rad etildi


Nozim Jumayevning oxirgi suratlaridan biri - video skrinshoti.

2 - aprel kuni juma nomozidan keyin Buxoro shahar markazidagi dafn qilish uchun yopiq "Hazrati Imom" qabristoniga jinoyat dunyosida “palach” laqabi bilan tanilgan 61 yashar Nozim Jumayev ko‘mildi.

Janozada qo‘shni Qozog‘iston¸ Qirg‘iziston¸ Turkiya va Kavkazorti o‘lkalaridan jinoyat olami vakillari ham qatnashgani aytilmoqda.

Buxorodagi Ozodlik manbalarining aytishicha, janozada mahalliy amaldorlar ham ishtirok etgan.

Navoiy viloyatidagi 11-sonli koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan paytda o‘lgan mahkum Jumayev Nozim Narziyevichning jasadi 1 - aprel kuni yaqinlariga topshirilgan.

Bu xabarni Ozodlikka yetkazgan marhumning tanishi Jumayevning "qamoqda urib o‘ldirilgani"ni iddao qildi.

Jumayev bilan birga jazo o‘tagan yana bir sobiq mahkumning ta’kidlashicha¸ "Jumayev diabetga chalingani ortidan oyog‘idan jarohatlangan va gangrena oqibatidan o‘lgan".

"Menda mavjud bo‘lgan yana bir ma’lumotga ko‘ra, Jumayev koviddan o‘lgan", deya iddao qildi jinoyat olamida mashhur sobiq mahkumning tanishi ekanini aytgan shaxs.

O‘zbekiston jazoni ijro etish tizimida “birinchi raqamli jallod” sifatida nom chiqargan va 2014 - yilda 20 yilga qamalgan Nozim Jumayev qamoqda kaltaklab o‘ldirildimi?

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi matbuot xizmati vakili Ozodlik bilan suhbatda qiynoq iddaolarini rad etdi.

Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan boshqarma vakiliga ko‘ra, “Giyohvand moddalar iste’mol qilishga ruju’ qo‘ygan Jumayev 4 oydan beri bangivorlikdan davolanayotgan bo‘lgan va giyohvandlik oqibatida kelib chiqqan kasallik bois 1 - aprel kuni vafot etgan”.

2015 - yildagi hisobotida Nozim Jumayevni "O‘zbekiston qamoqxonasidagi birinchi raqamli palach" deb atagan Parijdagi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi" rahbari Nadejda Atayevaga ko‘ra¸ mahkum "qamoqdagi yomon sharoit qurboni bo‘lgan".

Uni tirikligida chiqarishmoqchi edi

O‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlarda qamoqxona sport zali ekani aytilgan joyda Jumayevning "boks olxo‘risi"ni mushtlayotgani aks etgan video paydo bo‘lgan edi.

Jumayev qamoqdan chiqargan yana bir videoda 2020 - yil tabrigini yo‘llab, "hammasi yaxshi" ekani va "yaqin orada" ozodlikka chiqishi haqida gapirgan.

Videoda Jumayev qora rangli qamoq robasida o‘tiribdi. Robaning ko‘krak qismida Nozim Jumayev va qaysi modda bilan qamalgani qayd etilgan yozuv ko‘rinadi.

Bu videolar o‘zbekistonlik inson huquqlari faollari go‘yoki diabet kasaliga chalingan degan vaj bilan Jumayevga Navoiy viloyatidagi qattiq tartibli 64/46 koloniyada alohida sharoit yaratib berilgani va uning insonparvarlik asosida ozod etilishi ehtimolidan xavotir bildirishdi.

Ushbu xavotirlar ortidan 2020 - yilning birinchi aprelida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi matbuot xizmati maxsus bayonot tarqatdi.

Ozodlik maqolasiga javob sifatida yangragan bayonotda Jumayev qamoqdan ozod qilinmasligi ta’kidlandi.

“Mahkum N.Djumayev uyushgan guruh tarkibida jinoyat sodir etganligi sababli, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida ko‘rsatilgan, muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan insonparvarlik dalolatnomalari qo‘llanilmaydi”.

IIV shuningdek, mahkum jazo o‘tayotgan paytda unga muddat qo‘shib berilganini ma’lum qilgan:

“Navoiy viloyati 11-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Djumayev Nozim Narziyevich muqaddam og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir qilganligi uchun 4 marotaba sudlanib, yana uyushgan jinoiy guruh tarkibida o‘ta og‘ir turdagi jinoyatni sodir etib, 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Bundan tashqari, mahkum N. Djumayev jazo muddatini o‘tash davomida muntazam ravishda belgilangan ichki tartib- qoidalarni buzib kelganligi sababli unga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat ijroiya kodeksining 112-moddasi talablariga muvofiq saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi – deb topilgan. Navoiy shahar sudining 2019 - yil 2 - oktabrdagi ajrimiga ko‘ra, uning jazoni o‘tash tartibi o‘zgartirilib, qattiq tartibli koloniyadan 3 yil muddatga turma tartibiga o‘tkazilgan.”

MXX xodimlarini sindirgan jallod

Mahbuslar orasida “Palach” ("Jallod") laqabi bilan tanilgan Nozim Jumayev 2014 - yilning dekabr oyida qamoqqa olinib, 2015 - yilda O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 273-moddasi - giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, 20 yilga qamalgani haqida Ozodlik o‘z vaqtida xabar bergan edi.

Tergovga yaqin mulozimlar Ozodlikka Nozim Jumayev 2014 - yili Moskvadan Toshkentga maxsus chaqirtirilib, sobiq MXX xodimlarini so‘roq qilish chog‘ida qatnashishga jalb qilinganidan keyin qamoqqa olingani aytishgan.

Ularga ko‘ra, Nozim Jumayev sobiq MXX xodimlarining “tilga kirib¸ iqrornoma”ni tezroq ëzishini “ta’minlab” bergan.

Nozim Jumayev Bekoboddagi 64/21-sonli qamoqxonada 2014 - yili hibsga olingan 12 nafar MXX xodimini qiynoqqa solishda ishtirok etgani aytiladi.

Sobiq mahkumlarning Ozodlikka aytishicha, Nozim Jumayevning shafqatsizligi MXX sobiq xodimlarining yaqinlarini dahshatga solgan.

Ular Bekobod qamog‘idagi kameralarga Nozim Jumayev kirmasligi uchun katta o‘lpon to‘lashga majbur bo‘lganliklari aytiladi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Nozim Jumayev O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining (hozirgi Davlat xavfsizlik xizmati-tahr.) 12 nafar sobiq xodimi noqonuniy tadbirkorlik, korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirish borasidagi ayblarga iqror bo‘lishida "hissa qo‘shgan".

Qamoqqa tushgan qamoq jallodi

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining 12 nafar xodimi uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilinganidan keyin 2014 - yilning dekabr oyida Nozim Jumayevning o‘zi ham hibsga olindi.

Ozodlik 2014 - yili suhbatlashgan O‘zbekiston huquq-tartibot tizimidagi bir-biridan mustaqil manbalar Nozim Jumayevning sobiq MXX mulozimlari bilan yaqin aloqasi haqida aytishgan.

- Jumayev kriminal dunyoda nom chiqargan avtoritet. Buxorodagi “Moviy gumbazlar” restorani egasi¸ MXX buyurtmalarini ijro qiluvchi jallod bo‘lgan bu kishining yonida yarim kilo nasha olib yurishi ishonchsiz voqea. Jumayev juda katta sirlarga oshno bo‘lgani bois ichkariga olindi. Jumayevning qamoqqa olinishini ortida o‘sha vaqtda MXXning o‘zi turganiga ishonaman¸ - deb aytgan O‘zbekiston huquq-tartibot tizimidagi Ozodlik manbasi.

Mulozimning iddaosiga ko‘ra, Nozim Jumayev MXXdagi Sergienko familiyali kurator tarafidan boshqarilgan.

Jinoyat olamida Nozim Buxarskiy, mahkumlar orasida esa “palach”, “loxmach” nomlari bilan tanilgan bu shaxsning Buxoroda tug‘ilgani aytiladi.

Nozim Jumayev Buxoro markazidagi “Moviy gumbazlar” restoranining egasi bo‘lgan.

Buxorodagi kriminal dunëga yaqin tadbirkor 2014 - yilda Ozodlikka bu restoran unga "sovg‘a qilingani"ni aytgan edi.

- Nozim palach Buxoroda beshafqatligi bilan tanilgan. Buxorodagi tadbirkorlar unga o‘lpon to‘lagan. Masalan, u egalik qilayotgan Buxorodagi restoran ham unga Muzaffar Fayz mebel shirkati tarafidan sovg‘a qilingan. Reket¸ talonchilik bilan o‘tgan asrning 90- yillaridan beri shug‘ullanib keladi. Reket¸ talon-toroj va qotillik aybi bilan uch marta sudlangan. Buxorodagi ko‘p sobiq mahkumlarning buyragini pachoq qilgan. Asosan Moskvada yurar edi. Buxorodagi biznesini o‘g‘li yuritadi ¸ - degan edi suhbatdosh.

2019 - yilning 13 - noyabrida Jenevada bo‘lib o‘tgan BMTning qiynoqlarga qarshi 68-sessiyasi va BMT inson huquqlari bo‘yicha joriy yilning 1 - martida o‘tgan 128-sessiyasida o‘zbek faollari Jumayev misolida maxbuslarni qiynash mexanizmini ko‘rsatib bergan va “qiynoq qo‘llagan mulozimlarni afv qilish praktikasi” qoralangan edi.

Ayni majlislarda qatnashgan Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov bu qoralashga qarshi gapirgan va qiynoq qo‘llaganlarni afv qilish tarafdori ekanligini ta’kidlagan edi.

BMT sessiyasida qatnashgan "Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi" rahbari Nadejda Atayeva «Yo‘q, Akmal Xolmatovich! Odamlarni qiynagan Nozim Jumayev kabi jinoyatchi afv qilinishga loyiq emas!¸ deya e’tiroz bildirgan.

XS
SM
MD
LG