Линклар

Шошилинч хабар
17 июн 2021, Тошкент вақти: 05:14

"Biz virusni yengdik!" Shifokorlar aholi koronavirusni unutgani va yangi turidan xavotirda


Namangan viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlari mahallalarni aylanmoqda - yanvar, 2021

Toshkent, Namangan va Farg‘onadagi oilaviy poliklinika shifokorlari so‘nggi kunlarda aholi orasida COVID-19 infeksiyasining yoyilishi favqulodda ozayishi ortidan pandemiya qariyb unutilayozdi, degan xavotirda.

Ozodlik suhbatlashgan uch nafar shifokor Yevropada koronavirusning yangi turi yoyilayotgani hamda uning Rossiyaga kirib kelgani, Xitoyda yana epidemiya avj olayotganidan xabardorligi, bu holat O‘zbekistonga ham kelishi mumkinligidan xavotirda ekanini bildirdi.

Shifokorlarga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) ehtimoliy ikkinchi to‘lqinga hozirlik ko‘rish haqida ko‘rsatma bergan, ammo yoyilish ehtimoli bo‘lgan yangi turdagi koronavirus haqida ma’lumot juda oz.

Toshkentlik shifokor: O‘zbekiston koronavirusni yengib bo‘ldi

Toshkentning Olmazor tumanidagi oilaviy poliklinika (OP) shifokori yanvar oyidan buyon o‘zi ishlab turgan poliklinikada kovid bilan xastalangan bemorlar har 2-3 kunda 1 yoki 2 nafardan aniqlanayotganini aytdi.

Bu shifokor ishlaydigan OP 33 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi.

Ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan umumiy amaliyot shifokoriga ko‘ra, “O‘zbekiston koronavirusni yengib bo‘lgan”:

“2-3 kunda bittadan bemor chiqyapti. Bular ham unaqa og‘ir bemorlar emas. Nazarimda, biz yengdik bu koronavirusni. Aholining asosiy qismida immunitet shakllanib ulgurdi, qutulganimiz rost bo‘lsin! Hozir o‘zimizning mavsumiy kasallar bilan bandmiz”.

Shifokorga ko‘ra, SSV oilaviy poliklinikalarga koronavirusning yangi turi tarqalishi ehtimoliga tayyor turish haqida ko‘rsatma bergan, ammo yetarli ma’lumot berilmagan:

“Rossiyaga kelibdi yangi turi, deb eshitdik. Qarab turibmiz yangiliklarni. Rossiyaga kelgan bo‘lsa, bizga ham juda yaqinlashdi, deyish mumkin. Faqat biz tibbiyot xodimlarida ham, aholida ham bu yangi kovid bo‘yicha yetarli ma’lumot yo‘q, hozircha. Nazarimda, hozirlikni yangi virus turi bo‘yicha ko‘proq axborot yetkazishdan boshlashsa, yaxshi bo‘lardi. Chunki, ayniqsa yangi yildan keyin pandemiyaga e’tibor rosa kamaydi, odamlar unutdi, desam ham bo‘ladi. Men aytardimki, hushyorlikni yo‘qotmasligimiz kerak!”

Bu shifokorga ko‘ra, o‘zida koronavirus alomatlarini sezgan bemorlar hanuz o‘z poliklinikasiga murojaat qilishi lozim. Koronavirus aniqlangan bemorlar esa, ahvoliga ko‘ra, uyida, poliklinika shifokorlari nazorati ostida davolanadi yoki Zangiotadagi maxsus shifoxonaga yo‘llanadi.

Namanganlik shifokor: Qishloqlarda aholi koronavirusni unutdi!

Chust tumanidagi Qishloq oilaviy poliklinika (QOP) umumiy amaliyot shifokoriga ko‘ra, u yashab turgan hududdagi 20 ming aholiga xizmat ko‘rsatadigan poliklinika pandemiyadan avvalgi ish rejimiga qaytgan.

Ismini oshkor etmaslikni so‘ragan bu shifokor ham qishloq aholisi koronavirus pandemiyasi, degan muammoga e’tibor qilmay qo‘ygani, jamoat joylarida niqob taqmaslik hollari ortganini aytadi.

Ayni paytda u O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasi ikkinchi to‘lqini boshlanishi mumkin, degan xavotirga o‘rin yo‘q, degan fikrda:

- Oxirgi ikki hafta ichida bizning qishloqdan bitta ham bemor chiqmadi. Aholimiz bu virusni yengib bo‘ldi, hamma kasal bo‘lib bo‘ldi-da. Aholining asosiy qismida immunitet shakllanib bo‘ldi. Agar yangi turil kelib qolsa ham, bir marta bu virusni yuqtirganlarda yengil kechsa kerak, deb o‘ylayman”.

Bu shifokor ham COVID-19 pandemiyasi bo‘yicha dunyodagi vaziyatni internet tarmog‘i orqali kuzatib borayotgani, Xitoyda yana epidemiya boshlanganidan ham xabardor ekanini aytdi. Uning aytishicha, SSV tomonidan virusning ehtimoliy xurujlariga hozir turish haqida ko‘rsatma bo‘lgan, biroq konkret yo‘riqnoma yoki axborot berilmagan:

- Hali rasman pandemiya tugagani yo‘q, bizga unaqa ma’lumot ham kelgani yo‘q. Lekin yangi to‘lqin kelib qolishi mumkin, degan ogohlantirishlar ham yo‘q. Odamlarda ham unaqa xavotir yo‘q hozir, umuman xavotir yo‘q. Hozir odamlarning asosiy muammosi svet-gaz bo‘lib turibdi.

Bu shifokorga ko‘ra, hozir Chust tumani bo‘yicha bitta kovid poliklinika ishlab turibdi, tuman bo‘yicha haftada 1 yoki 2 nafar bemor aniqlanyapti.

Quyida chustlik shifokor bilan suhbatni tinglang:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:00 0:00
Бевосита линк

Farg‘onalik shifokor: Bizga dunyoda kovidning yangi o‘choqlari haqida ko‘proq ma’lumot kerak!

Farg‘onada shu kunda koronavirus bemorlarini qabul qilib olayotgan poliklinika shifokoriga ko‘ra, kovidga ajratilgan tibbiyot muassasalari ehtimoliy holatlarga shay turibdi:

“Bizda zaxira koykalar ajratilgan, zarur dori-darmonlar ham tayyor. Hammasini qaytadan qayddan o‘tkazib, hisobini chiqarib, respublikaga jo‘natganmiz. Hushyorlikni qo‘ldan berganimiz yo‘q. Lekin bizda keyingi to‘lqin haqida umuman ma’lumot yo‘q. Masalan, Yevropada tarqalgan ikkinchi koronavirus turi avval kasallanganlarga yuqadimi-yo‘qmi? Bizga shu haqda ham ma’lumot berilmayapti. Agar yuqmasa, xavotirga asos yo‘q. Lekin yuqadigan bo‘lsa, unda kelib qolsa, hamma yana kasal bo‘ladimi bir boshdan?! Unaqa bo‘ladigan bo‘lsa, ahvol chatoq”, - deydi ismini oshkor qilmayotganimiz farg‘onalik shifokor.

Ozodlik so‘nggi ikki kun ichida gaplashgan shifokorlar, O‘zbekistonda pandemiya tugagani yoki bu pandemiya sabab tibbiyot muassasalarda joriy etilgan maxsus ish tartibi bekor qilingani haqida hali biror rasmiy ma’lumot kelmaganini aytmoqda.

Ayni paytda ular, SSV tomonidan, dunyoni xavotirga solayotgan COVID-19 kasalligini qo‘zg‘ovchi koronavirusning yangi turi haqida aniq va keng ko‘lamli, rasmiy ma’lumot berishni so‘ramoqda.

SSV: Yangi virus oldingisidan ko‘proq o‘limga sabab bo‘lishi isbotlanmagan

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Botir Qurbonov bergan bayonotga ko‘ra, O‘zbekiston 2020 - yilning 21 - dekabridan koronavirusning yangi shtammi aniqlangan Buyuk Britaniya va yana 8 ta mamlakat bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgan.

“Yangi shtamm O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish maqsadida chet eldan kelayotgan fuqarolarni ko‘rikdan o‘tkazish, ekspress usulida antigen test sinovlari o‘tkazish, shifoxonalarga joylash, karantinga olish va muloqotda bo‘lganlarni izolyatsiya qilish tadbirlari davom ettirilmoqda”, deyiladi SSV rasmiysi bayonotida.

SSVga ko‘ra, immuniteti sust bo‘lgan odamning tanasiga tushgan koronavirus rivojlanib, mutatsiyaga uchrashi oqibatida yangi turdagi virus paydo bo‘lishi mumkin. Bu virus oldingisiga qaraganda ko‘proq o‘limlarga sabab bo‘lishi isbotlanmagan.


Ozodlik gaplashgan shifokorlar esa, keng jamoatchilik uchun tarqatilgan bu axborot tibbiyot xodimlari uchun yetarli emasligini aytmoqda:

“Masalan, mutatsiyaga uchragan yangi koronavirus qanday aniqlanadi? Uni davolash protokoli ham avvalgi turi bilan bir xilmi? Avval kasallangan bemorlar yana kasallanishi mumkinmi? Mutatsiyaga uchragan virusda mutatsiyalashuv yana davom etadimi va qanday davom etadi? Shunaqa savollar ko‘p bizda. Virusolog bo‘lmagan, umumiy amaliyot shifokori bo‘lib, yengil mavsumiy kasalliklarni davolab yurgan shifokorlar ham bu ma’lumotlarni ipidan-ignasigacha bilishiga to‘g‘ri kelyapti hozir”, - deydi farg‘onalik shifokor.

COVID-19: dunyodagi yangi xavotirli vaziyat

Koronavirus bo‘yicha jahon statistikasini olib borayotgan AQShdagi Jons Xopkins universitetining bildirishicha, dunyoda COVID-19ga chalinganlar soni 92 millionga yaqinlaidi. Bemorlardan 2 millionga yaqini vafot etdi.

Koronavirusning Britaniyada paydo bo‘lgan va hozirning o‘zida 30 dan ortiq davlatda tarqalgan yangi turi emlash jarayonini yanada tezlashtirish masalasini kun tartibga qo‘ygan.

Dunyo bo‘ylab siyosatchilar yaqin kelajakda odatiy hayotga qaytishga va’da berarkan, emlash jarayonlarining kutilganidan sekinroq borayotgani xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Ayni paytda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo davlatlari emlash jarayonini tezlashtirgan holatda ham, 2021 - yilda COVID-19ga qarshi jamoaviy immunitet hosil bo‘lmasligini bildirgan.

“Vaktsina aholining eng zaif qatlamlarini himoya qilgan taqdirda ham biz 2021 -yilda umumiy yoki jamoaviy immunitet paydo bo‘lishiga erisha olmaymiz. Ayrim hududlarda paydo bo‘lgan immunitet butun dunyodagi odamlarni himoya qila olmaydi”, - dedi 11 - yanvar kuni JSST bosh ilmiy xodimi Sumya Svaminatan.

XS
SM
MD
LG