Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:19

“Bizni ko‘rib, faryod solishdi”. Polsha o‘rmonlarida qochqinlar qolib ketgan


Belarus va Polsha o‘rtasidagi migratsiya inqirozi chegara oldi hududlar aholisi uchun lokal inqirozni ham vujudga keltirdi. Gap shundaki, Polsha chegara bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilgan, ulkan Belovej pushcha o‘rmonining o‘ziga tegishli qismida yuzlab migrantlar qolib ketgan.

O‘rmonga faqat chegarachilar va harbiylar kira oladi, jurnalistlar va tibbiyotchilarga esa man etilgan. Faqat ko‘ngillilargina adashgan va sovuqda qolgan migrantlarga yordam berish uchun o‘rmon oralashga jur’at qilmoqda.

Polshalik faol Kasya Vappa “Nastoyashcheye vremya” telekanali efirida migrantlar ko‘makka muhtojligini qanday bildirishi va ko‘ngillilarning o‘zlari qanday muammolarga duch kelishi haqida so‘zlab berdi.

“Migrantlarda bizning telefon raqamlarimiz bor. Bizdan yordam olgan qochqinlar boshqalarga ulashib, bu raqamlarni tarqatishgan. Ular o‘zlari turgan joyni “Google” xaritasida belgilab, jo‘natishadi. Biz u qayerdaligini tekshiramiz va yo‘lga tushamiz. Zarur narsalarni tusmollab mashinaga ortamiz. Ba’zan aynan nimalar kerakligini aytishadi: issiq poyabzal, paypoq, po‘stin, portativ zaryadlash qurilmasi. Yegulik olamiz, ba’zan dori-darmon so‘rashadi. Politsiya yoki chegarachilar ta’qib qilmasin deb, hushyor yuramiz. Mashina chiroqlarini yoqishga qo‘rqamiz. Shu tariqa zimiston o‘rmonda qochqinlarni qidirib topamiz. Bu xuddi mushuk-sichqon o‘yiniga o‘xshaydi.

Bir kuni er-xotinga duch keldik, eronliklar ekan. Ikkisining ham holi xarob edi. Vatanlaridan qochib ketishayotganida ayol homilador bo‘lgan. Bu yerda, o‘rmon oralab sarson yurishganida noqulay yiqilgan ekan, homilasi tushibdi. Qon keta boshlagan. Atrofda yordam beradigan hech zog‘ yo‘q. Eri suvga tushib ketgan ekan, shu sovuqda shalabbo ust-boshda... Bizni ko‘rgach, ko‘mak so‘rab faryod urishdi bechoralar.

Belarus-Polsha chegarasidagi ulkan o‘rmonda adashib, abgor bo‘layotgan iroqlik, suriyalik, eronlik migrantlar juda ko‘p”, deydi u.

Ko‘ngillining aytishicha, migrantlar uchun tez yordam yoki boshqa xizmatlarni chaqirishsa, voqeadan Polsha chegarachilari xabar topib, migrantlarni yana Belarusga qaytarib yuboradi.

“Uzoq shimolning iqlimini, o‘rmonlarini, shunday shart-sharoitda boshqa mamlakat chegarasidan noqonuniy o‘tib olish azoblarini ular tasavvur ham qila olmaganlar. Aksari sahroda o‘sgan bu odamlar bizning botqoqli o‘rmonlarimizda mushkul ahvolda qolib ketmoqda.

Chegaraning bir tarafida ularni turtkilab haydashadi, ikkinchi tomonda esa o‘tgani qo‘yishmaydi. Belarus chegarachilari migrantlarni ayovsiz urar ekan. Xaynuvke shahri kasalxonasida tepkilar zarbidan ichaklari yorilib ketgan bir qizni ko‘rdim. O‘tgan kuni esa qoshlari yorilib, yuzi shishib ketgan suriyalik yigitni uchratdik”, davom etadi Kasya Vappa.

Polshalik faolning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarda migrantlarga “Belarusdan to‘g‘ri Germaniyaga o‘tasizlar”, deb tushuntirilgan.

“Ammo ular Polshada butun boshli politsiya, chegarachilar, harbiylar va hududiy mudofaa qo‘shinlaridan iborat butun boshli armiyaga duch kelmoqda. Qo‘lga tushgan migrant majburan Belarusga qaytarib yuborilmoqda. Na ortga, na oldinga yurishini bilmay, neytral hududda qolib ketayotganlar ham bor. Bir suriyalik yigit bir yarim oy neytral zonada yashaganini aytdi”, deydi polshalik ko‘ngilli.

XS
SM
MD
LG