Oq uy yevropalik mulozimlarni Ukrainada 2025-yil Pasxasigacha (xristianlar bayrami) otashkesimga erishmoqchi ekani haqida xabardor qildi. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi. Bu yil mazkur bayramni katoliklar ham, pravoslavlar ham 20-aprel kuni nishonlaydi.
G‘arbdagi ayrim mulozimlar, hatto joriy haftada Saudiya Arabistonida AQSH va Rossiya vakillari o‘rtasida maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tishi rejalanganiga qaramay, bunday rejaning amalga oshishi ehtimoli kam, deb hisoblashadi. Bu uchrashuvlar prezidentlar Donald Tramp va Vladimir Putinning muhtamal muzokaralarga hozirlik ko‘rishga qaratilgan. Bloomberg manbalaridan biri sulh tuzish uchun eng real muddat 2025-yil oxiri bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.
Bo‘lajak muzokaralar manzarasida Yevropa mamlakatlari Ukrainaga yangi keng ko‘lamli harbiy yordam paketini ishlab chiqishmoqda. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, reja tafsilotlari 2025-yil 23-fevraligacha ochiqlanadi. O‘sha kungacha Germaniyada navbatdan tashqari parlament saylovi bo‘lib o‘tadi. Shu tariqa, siyosatchilar ovoz berish oldidan bahs-munozaralarga chap berishlari mumkin bo‘ladi, demoqda agentlik suhbatdoshlari.
Yanvar oyi oxirida Ukrainaning “Strana.ua” nashri Donald Trampning Rossiya-Ukrainani urushini tugatish bo‘yicha taxminiy 100 kunlik rejasini e’lon qilgandi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, sulh kelishuvi 20-aprel kuni e’lon qilinishi, 9-mayga borib esa tinchlik konferensiyasi deklaratsiyasi tayyorlanishi kutilmoqda.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi vakillari urush tugashi va muzokaralar boshlanishining aniq sanasi haqida OAVda paydo bo‘lgan ma’lumotlar haqiqatga muvofiq kelmasligini bildirishgan.